
Bir gol sabab, endi Shomurodov bizga raqib!
Italiya A Seriyasining 24-tur uchrashuvlari davom etmoqda. Eldor Shomurodov o‘ynayotgan “Roma” bu gal “Venetsiya” mehmoni bo‘ladi.
Ikki klub qishki transferlar oynasi davomida o‘zbek hujumchisi bo‘yicha ancha ish olib bordi. Venetsiyaliklar 29 yoshli forvardga ega bo‘lish uchun poytaxt klubi mutasaddilari qo‘ygan talablarning barchasini qabul qilishga rozilik bergandi.
Nufuzli manbalardan Corriere dello Sport nashri ikki jamoaning o‘zaro to‘qnash kelganini inobatga olib, Eldor Shomurodovning amalga oshmagan transferini qalamga oldi.
- Shomurodov Venetsiyaga keladi, biroq raqib sifatida. O‘zbek futbolchisi Laguna ko‘chib o‘tishiga bir qadam qolgan edi.
“Kalyari”ning sobiq futbolchisi kutilmaganda “bo‘rilar” ustozi uchun muhim figuraga aylandi. Mavsum boshidagi qiyinchiliklarga qaramay, Shomurodov “Venetsiya” bilan bo‘ladigan bahsda ketma-ket uchinchi bor boshlang‘ich tarkibda maydonga tushish imkoniyatiga ega. Bu ko‘proq Artyom Dovbik yuqori sport formasida emasligi bilan bog‘liq.
Agar Eldor ilk daqiqadan o‘ynasa, bu uning shaxsiy rekordi bo‘ladi. Chunki u 2021 yili 19,5 million evro evaziga “Roma”ga o‘tganidan beri hali biror marotaba qatorisiga uchta o‘yinni asosiy tarkibda boshlamagan, - deb yozdi Corriere dello Sport nashri.
Ta’kidlash joizki, yaqindagina “Roma” va “Venetsiya” legionerimizning transferi bo‘yicha yakuniy shartnomani imzolash arafasida turgandi. Unga ko‘ra, venetsiyaliklar Shomurodovni mavsum oxirida 3,5 million evroga transfer qilish sharti bilan chempionatning ikkinchi qismida ijaraga olishga bel bog‘lagandi. “Venetsiya” bosh murabbiyi Eusebio Di Franchesko Eldor Shomurodov timsolida jamoani A Seriyada qolish uchun kurashda qutqara oladigan ideal hujumchini topgandek bo‘lgandi.
Lekin “Roma”ning faqatgina bitta uchrashuv uchun Shomurodovni vaqtincha ushlab turgani vaziyatni o‘zgartirib yubordi. UEFA qoidasiga ko‘ra, Evropa Ligasida ishtirok etayotgan rimliklar bu musobaqaning umumiy bosqichi tugamasidan yangi o‘yinchi qo‘sha olmasligi bois, Klaudio Raneri o‘zbek shogirdini “Ayntraxt”ga qarshi uchrashuvga olib qoldi. Aynan o‘sha uchrashuv o‘z goli bilan jamoasining pley-offga chiqishiga katta hissa qo‘shgan hamyurtimiz kelajagiga ta’sir qildi.
Bu bahsdan keyin Klaudio Raneri Eldor Shomurodovning “Venetsiya”ga transferini blokladi.
- Roman Yaremchuk va Eldor Shomurodov bizning nishonimizdagi hujumchilar edi va biz ular o‘ynayotgan klublar bilan transferga kelishib bo‘lgandik. Yaremchukning transferi yanvar oyi boshidayoq barbod bo‘ldi. Shomurodov masalasi 20 yanvar atrofida yakuniy ko‘rinish oldi.
Har ikki futbolchi o‘z jamoalarida muhim gollarni urdi, qahramonlik ko‘rsatdi va bu ularning transfer tarixiga ta’sir qildi. Biz bu ikki hujumchini jamoamiz bosh murabbiyi uchun olib kelishga bor imkoniyatimizni sarflagan edik, - dedi “Venetsiya” bosh menejeri va sport direktori Filippo Antonelli.
Ayni paytda Eldor Shomurodov faoliyatida ijobiy o‘zgarish davom etmoqda. Klaudio Raneri O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori ikki kuchli raqib – “Napoli” va “Milan”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvlarda boshlang‘ich tarkibda asosiy hujumchi sifatida maydonga tushirdi.
Endi aksariyat muxlisu mutaxassislar o‘zbek futbolchisi “Venetsiya” bilan bo‘ladigan bahsda ham asosiy figuralardan biriga aylanishini kutmoqda.
Bu o‘yin 9 fevral kuni Toshkent vaqti bilan 16:30 da boshlanadi.
Fikrlar
ома Узбекистон сен билан