Bir klub tarixi: Vaqtni quvib o‘tgan «Everton»!

  • 24 dekabr, 2020, 22:39
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

SPORTS.uz nashri endi ushbu rukn ostida jahonning ko‘zga ko‘ringan, o‘z muxlislariga ega klublari bilan yaqindan tanishtirishni boshlaydi. Nima uchun «Everton»dan boshlandi, deysizmi? Gap shundaki, ular deyarli 100 yildan beri hamshaharlari - «Liverpul»ning soyasida qolib ketmoqda. Vaholanki, ushbu klub muxlislarida ham maqtansa arzigulik o‘tmish va ishonsa bo‘ladigan kelajak mavjud. Shu bois, doimo e’tiborimizdan chetda qolishiga o‘rganib qolgan jamoadan boshlaymiz. Ushbu ruknimizdagi maqolalarda siz klubning tarixi, uning eng baxtli onlari va bugungi kundagi ahvoli haqida bilib olishingiz mumkin.

Chiroyli tarix egasi...

everton5

Angliya premer-ligasi bugungi kunda birinchi raqamli futbol chempionati ekani hech kimga sir emas. Ushbu yurt klublari to‘qnashuvi deyarli butun dunyodagi futbol muxlislari e’tiborida bo‘ladi. APLning shiddati, undagi intrigani boshqa birorta chempionatda uchratib bo‘lmaydi. Bu turnirni tashkil etgan 20 ta klubga qoyil qolmaslikning imkoni yo‘q. Agar ushbu jamoalardan biriga razm solsangiz, albatta uning bir asrlik o‘tmishi bor ekanligini tushunib etasiz.

Bugungi avlod muxlislari ushbu jamoaning o‘tgan asrda qanday natijalarga erishganidan bexabar ekanligi turgan gap. Shunday bo‘lsa-da, biz bugun mushtariylarimiz uchun «Everton» klubining o‘tmishiga sayohat uyushtiramiz. «Everton» XXI asrda aytarli hech qanday natija ko‘rsatgani yo‘q. «Manchester Yunayted» afsonasi Runini kashf etgani, A Seriya to‘purari Lukakuni tarbiyalaganini inobatga olmasa, aytarli hech qanday voqea sodir bo‘lmadi. Shu vajdan, ko‘plab muxlislar ko‘z o‘ngida «irislar» o‘rtamiyona ingliz klubidek taassurot uyg‘otishi mumkin, ammo tarixga nazar solgach, bu klub haqidagi fikrlaringiz o‘zgarishi turgan gap.

Qadimiy shahar vakillari...

Buyuk Britaniyadagi Mersisayd grafligi bugungi kunda Liverpul shahri nomini olgan. Aynan shu sababli, «Liverpul» va «Everton» o‘rtasidagi to‘qnashuvga “Mersisayd derbisi” nomi berilgan. Shahar aholisi soni besh yuz mingga yaqin. Bu mamlakatdagi 3-ko‘rsatkich degani!

Liverpul haqidagi eng tarixiy qo‘lyozmalar 1190 yillarda yozilgan bo‘lib, Evropadagi eng qadimiy shaharlaridan biri sanaladi. Liverpul so‘zi inglizchadan tarjimada loyqalangan suv havzasi ma’nosini anglatadi. 1880 yilga kelib, inglizlar Liverpul shahrini o‘z xaritalariga kiritishdi. Ikkinchi jahon urishi va undan keyingi shahar ancha rivojlanib ketdi. Yangi zavodlar va yangi ish o‘rinlari uchun «Liverpul»ga Angliyaning har eridan odamlar ko‘chib kela boshladi.

1960 yillarga kelib, shahar butun dunyoda mashhur bo‘lib ketdi. Bu afsonaviy «The Beatles» guruhi sababli amalga oshgani hech kimga sir emas. Aynan shu qo‘shiqchilar tug‘ilib o‘sgan shaharni tomosha qilish maqsadida deyarli 50 yildan beri turistlar Liverpulga tashrif buyurmoqda.

Futbol ushbu shahar aholisi uchun birinchi raqamli sport turi sanaladi. Shuningdek, aholi 2007 yilda tashkil etilgan mahalliy basketbol jamoasi - «Mersi Taygers»ni ham faol qo‘llab-quvvatlaydi. Shahar chetida esa, Ser Aleks Fergyusonning sevimli otchopari joylashgan. MYu afsonasi hali hamon otlar poygasini tomosha qilish uchun kelib turadi. Bundan tashqari, klubda bir nechta regbi jamoalari ham mavjud, ammo ularning muxlislari ko‘p, deb bo‘lmaydi.

Ikki asrlik qo‘rg‘on...Everton6

«Irislar»ning uy arenasi sanalgan «Gudison Park»ni 1892 yilda bunyod etishgan. Shu bois, u «tumanli albion»dagi eng keksa arenalardan biri sanaladi. Klubning byudjeti kattalashgach, ulkan stadionga ehtiyoj sezishni boshladi. Joriy yilning yozida klub yangi, 50 minglik stadion qurilishini tez orada boshlashi haqida ma’lumot berdi. Agar ushbu o‘yingohdagi yorqin xotiralar haqida gap ketsa, 1966 yildagi JChni alohida e’tirof etish lozim. Stadion o‘z bag‘rida mundialning naqd 5 ta o‘yinini o‘tkazgan.

Mamlakat tepasiga «temir xonim» kelgach, ushbu arena atrofidagi qoidabuzarliklar ko‘payib ketdi. Margeret Tetcherning olib borgan siyosati sabab stadion atrofidagi binolar eskirib qoldi. E’tiborlisi shundaki, «Everton»ning azaliy dushmani - «Liverpul» joylashgan «Enfild» «Gudison Park»ga juda yaqin joylashgan. Ularni orasini birgina “Stenli” bog‘i ajratib turadi. Aynan o‘sha bog‘da bo‘lsangiz, hech qachon «Liverpul» muxlisi ekanligingizni oshkor qilmang. Sababi, muammolaringiz ko‘payib ketishi aniq! Gap shundaki, “Stenli” bog‘idagi istalgan inson sizga yaqin kelib, «Liverpul» yoki «Everton»dan birini tanla, deyishi mumkin. Agar javob «irislar» muxlislariga yoqmasa, ertasi kuni yuzingizdagi ko‘kargan joylarni berkitishga to‘g‘ri keladi. Bu kulgili ko‘rinishi mumkin, ammo Angliyadagi eng janjalkash muxlislar aynan «Everton» jamoasiga tegishli. Ular «Liverpul» bilan tinimsiz kurashlar oqibatida ancha agressivlashib ketgan. Bu haqida ingliz nashrlari ham bir necha marotaba yozgan, biroq hech narsa o‘zgargani yo‘q.

Klubni kim tashkil etgan?

«Ko‘klar»ning klub sifatida paydo bo‘lishi 1878 yilda sodir bo‘ldi. Liverpul shahrining Everton mavzesidagi Avliyo Domingo cherkovi ushbu klubga asos soldi. Bunga qadar, bu cherkov xodimlari kriket klubida harakat qilar edi. Kriketning sekin-asta futboldan ortda qolayotganini ko‘rgan rohiblar 1878 yilda keyinchalik mavze nomi bilan ataluvchi futbol klubiga asos solishdi. Avvaliga, klubga «Tsent Domingo» nomi berildi. Klub musobaqalarda ishtirok etishni boshlagach, 1879 yilda jamoa nomi «Everton»ga o‘zgartirildi.

1888 yilda «irislar» Angliya futbol ligasidan rasman o‘rin egalladi. Shu o‘rinda, ularning o‘zgacha laqablari haqida. Liverpul shahri hali hamon butun Britaniyadagi eng ko‘p qandolatchilik mahsulotlarini etkazib beruvchi sanaladi. Shu bois, ularga «irislar» laqabi berilgan. Endi yana 1888 yilda qaytamiz. «Everton» o‘zining birinchi mavsumida turnir jadvalining 8-o‘rinidan joy oldi. Barcha omadsizlikka qaramay, oradan ikki yil o‘tib «Everton» mamlakat chempionligini qo‘lga kiritdi. Afsuski, futbolga katta pullar kirib kelishni boshlagach, «Everton»ning homiylari klubni puldan siqib qo‘ydi. Oqibatda, klub yangicha yo‘nalishda harakat qilish maqsadida yangi homiylar izlashga tushib ketdi. Oqibatda, klub «Enfild»ni tark etdi va o‘zi uchun «Gudison Park»ni qurib, unga ko‘chib o‘tdi. Achinarlisi shundaki, «Everton» o‘z arenasida naqd 4 bor Angliya kubogi finalida to‘p surdi, ammo faqat bir bor bosh sovringa ega chiqdi. 1915 yilga kelib, jamoa o‘z tarixida ikkinchi bor Angliya chempionligini nishonladi. Bu g‘alaba klubning birinchi jahon urishi oldidan eng so‘nggi natijasi bo‘lib qoldi.

1925 yilda «irislar» o‘z tarixidagi eng yaxshi transferni amalga oshirdi. Ular 3 ming funt evaziga Uilyam Dinni tarkibga qo‘shib oldi. Hujumchi o‘zining ilk mavsumida 38 ta o‘yinda maydonga tushdi va 32 ta gol kiritdi. Dinni klub muxlislari yaxshi ko‘rib qoldi. Futbolchi kelasi mavsumda chempionlik uchun kurash olib borishga va’da beradi, biroq kutilmagan voqea hammasini ostun-ustun qilib yuboradi. Qahramonimiz o‘zining mototsiklida avtohalokatga uchraydi va og‘ir ahvolda shifoxonaga olib kelinadi. Shifokorlar qancha urinishmasin Din koma holatiga tushib qoladi. O‘sha davrlardagi gazetalarda yozilgan maqoladan parcha «The Sun» nashri yaqindagina e’lon qilgan edi.

«Dahshat! Din o‘lim to‘shagida yotibdi. Bir oydan oshdi. U o‘ziga kelgani yo‘q. Shifoxona atrofida “minalangan” muxlislari asabiy holatda turishibdi. «Everton» fanatlari deyarli har kuni undan xabar olgani kelmoqda. Mana buni muxlislik desa bo‘ladi.”

Darhaqiqat, o‘sha voqeadan so‘ng, «irislar» muxlislari futbolchini 2 oy davomida yolg‘iz qoldirishmadi. Uilyam o‘ziga keldi va qisqa muddatda sport formasini tiklab oldi. 1928 yilda esa, bir mavsum davomida chempionatda 60 ta gol kiritishni uddaladi. Bu rekord haligacha yangilangani yo‘q. Keyinchalik futbolchi o‘z intervyularidan birida «Everton» muxlislari haqida juda chiroyli so‘zlarni keltirib o‘tgan edi.

«Men harakatsiz yotar edim, ammo xonamda «Everton» muxlislari bor ekanligini sezdim. Ular mening o‘tgan mavsumda kiritgan gollarim haqida suhbatlashib o‘tirishar edi. Miyig‘imda kulib qo‘ydim. Ularning har kuni oldimga kelishayotganini sezardim va bu menga qo‘shimcha kuch berar edi. Hayotga yana qaytishim uchun «Everton»ning mehri va tafti katta rol ijro etgan”.

1933 yilga kelib, «Everton» Angliya kubogida zafar quchdi. E’tiborlisi shundaki, aynan o‘sha uchrashuv finalida ilk bor futbolchilar raqamlarda maydonga tushdi. O‘limni engib o‘tgan Dinga 9-raqam topshirildi. Shu bois, klub o‘zining 9-raqamdagi futbolchisi boshqalardan ustunroq bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi. «Manchester Yunayted» uchun 7-raqam qanchalar qadrli bo‘lsa, bugungi kunda «Everton» uchun 9-raqam shu darajada muhim. O‘sha finaldan so‘ng, Dinning o‘yinlarida sekin-asta pasayish kuzatildi. 1938 yilda uning o‘rnini 19 yoshli Tommi Louton egalladi. Bu yigitchaga avvaliga hech kim ishonch bildirmadi, ammo 1938/39 yilgi mavsumda Tommi hammani hayratda qoldirdi. U 34 ta gol kiritdi, klub esa chempionlikni nishonladi. Chempionlikdan so‘ng, «Everton»ning boshiga baxt qushi qo‘ngan edi, biroq ikkinchi jahon urishi barchasini barbod qildi.

«Everton» uchun qora kunlar 1946 yildan boshlandi. Moliyaviy muammolar sababli klub Tommi Loutonni «Chelsi»ga sotib yubordi. Merserni esa, «Arsenal»ga transfer qilishdi. Yana 7 ta futbolchi yaxshiroq maosh to‘laydigan klubga ketib qoldi. Chempionlikni nishonlagan etakchilardan faqat darvozabon - Kliff Britongina jamoaga sodiq qoldi. Afsuski, yangi jamoa Angliya klublari bilan raqobatlasha olmadi. «Everton» o‘z tarixida ikkinchi bor 2-divizionga tushib ketdi. Ular 3 mavsum davomida tarkibni shakllantirgach, yana elitaga qaytishdi. E’tiborlisi shundaki, boshqa hech qachon pastga sho‘ng‘imadi.

1960 yilga kelib, «Everton» o‘zini ancha tiklab oldi. Jamoa tepasiga italyancha fikrlaydigan Garri Kettrik kelgach, klub himoyaga asoslangan futbol namoyish eta boshladi. Oldinda esa, Roy Vernon va Aleks Yang tandemi 46 ta gol kiritishga muvaffaq bo‘ldi. 1966 yilda Kettrik jamoasi Angliya kubogida zafar quchdi. Murabbiyning o‘zgacha uslubda harakat qilishi, ko‘plab ingliz klublari uchun muammo tug‘dirishni boshladi. Oradan ikki yil o‘tin, «Everton» yana bir bor kubokni o‘ziniki qilib oldi. Italyancha «Everton»ning oltin davri yakunida (1969/70) klub chempionlikka erishdi. Afsuski, murabbiy sog‘lig‘i yomonlashgach, klubni tark etishga majbur bo‘ldi. Bu yo‘qotish “irischilar” uchun 10 yillik omadsizlik olib keldi. Klub 1980 yillarga qadar turnir jadvalining o‘rtalarida yurdi. 80 yillar boshida klub egalari murabbiy sifatida yaqinda futbolchilik faoliyatini tugatgan Gorvard Kenndelni tayinladi. Bu qaror boshida omadsizlikka uchradi. Ilk 21 ta o‘yinning atigi 6 tasida g‘alaba qozongan murabbiy ketishga qaror qildi va ariza yozdi. «Everton»ning o‘sha paytlardagi prezidenti Filip Karter esa, bu arizani yirtib tashladi va unga ishonch bildirdi. Yakunda bu yurish o‘zini super darajada oqladi. Omadsiz startga qaramay, «Everton» o‘sha yili kubokda zafar quchdi. Chempionatni 7-o‘rinda yakunladi.

EVerton9

1984/85 yilgi mavsumda esa, yosh murabbiy o‘zining g‘oyalarini futbolchilarga to‘liq singdirishga muvaffaq bo‘ldi. Oqibatda, «Everton» mamlakat chempionligini nishonladi. Boz ustiga, klub tarixidagi yagona xalqaro g‘alaba ham aynan shu murabbiy qo‘l ostida jamoa tarixiga yozildi. 1985 yilgi Kubok egalari kubogi finalida jamoa Vengriyaning «Rapid»i ustidan g‘alaba qozondi va turnirda zafar quchdi. Bu g‘alabadan so‘ng, «Everton» Evropa Chempionlar kubogida ishtirok etishi lozim edi, biroq «Liverpul» va «Yuventus» o‘rtasidagi o‘yindagi mudhish voqea hammasiga chek qo‘ydi. 39 kishi olamdan o‘tgani uchun Angliyaning barcha klublari xalqaro turnirlardan olib tashlandi. «Everton» esa, o‘z tarixidagi eng kuchli tarkib bilan Evrokubokdan mosuvo bo‘ldi. «Skauzerlar»ning ashaddiy muxlislari o‘sha tarkib bilan Evropa Chempionlar kubogida zafar quchishlari mumkin edi.

Kenndal ko‘p o‘tmay, jamoani tark etdi. Uning o‘rnini Kolin Xarvi egalladi. U 3,5 yil davomida aytarli hech narsaga erisha olmadi. To‘g‘ri, bir bor jamoani kubok finaligacha olib chiqdi, biroq finalda «Liverpul»dan mag‘lub bo‘ldi. Bu klub muxlislari uchun ikki hissa alamli bo‘ldi. Oqibatda, unga ham chiqish eshiklari ko‘rsatib yuborildi. Jamoani qutqarish maqsadida Mayk Uoker taklif etildi. u ham omadsizlikka uchradi. 15 ta o‘yindan atigi bitta g‘alaba qozongan murabbiyning o‘rnini jamoa faxri Jo Roy bilan to‘ldirishdi. Royga hech kim ishonmadi, biroq yosh murabbiy hammani hayron qoldirdi. U tarkibni tajribali futbolchilar bilan boyitdi. «Navbahor» jamoasi sobiq ustozi Andrey Kanchelskis, Geri Spid va Dankan Fergyuson yangi «Everton»ning ustuniga aylandi.

Roy ketgach, muxlislarning talabiga binoan, Ispaniyaga ko‘chib ketgan Kenndel ortga qaytarildi. Afsuski, mo‘’jiza sodir bo‘lmadi. Klub “mo‘’jiza” sababli elitada jon saqlab qoldi.

Bu orada ingliz klublari ichida «Liverpul» va «Manchester Yunayted» ajralib chiqdi. Ko‘p o‘tmay, ularga «Arsenal» va «Tottenxem» qo‘shildi. «Everton» esa, o‘tmishdagi shirin xotiralarni yodga olishdan boshqa chora topa olmadi.

evrton7

2002 yilda «Everon»da yangi era boshlandi. Devid Moyes boshchiligidagi «irislar» o‘z o‘rinlarini sekin-asta egallashni boshladi. Devid Moyes Runini kashf etgach, uning atrofida chempion jamoani qurmoqchi edi, biroq Ser Aleks ishga aralashadi. U Ueynni o‘z jamoasiga olib keladi va «Everton»ni juda qiyin ahvolda qoldiradi.

21-asrdagi «Everton»ning eng yaxshi natijasi sifatida 2004/05 mavsumni qayd etish mumkin. O‘sha yili Moyes shogirdlari Evropa Chempionlar Ligasi uchun yo‘llanma beruvchi 4-o‘rinni band qiladi. 4-o‘rin uchun hal qiluvchi jangda «Liverpul» dog‘da qoldirilgach, barcha muxlislar yangi era boshlanayotgani haqida bong urishni boshlaydi. Afsuski, Devidning klub safida 12 yil ish olib borgani hech qanday naf bermaydi. Boz ustiga, u Ser Aleksning o‘rnini egallash maqsadida Manchesterga ko‘chib ketadi. Moyes ketgach, «Everton» Angliyaning eng o‘rtamiyona jamoasiga aylanib qoladi. Keyin, klub har qancha urinmasin APL grandlari bilan o‘rtadagi farqni yo‘qqa chiqa olmadi.

Klub safida to‘p surgan eng mashhur futbolchilari:

Roy Vernon

Tommi Rayt

Dankan Fergyuson

Geri Spid

Diksi Din

Pol Gaskoyn

Gari Lineker

Mikel Arteta

Maruan Fellayni

Leyton Beyns

Sheymus Koulmen

Tim Xovard

Fil Nevill

Ueyn Runi

Ross Barkli

Garet Barri

Romelu Lukaku

Xames Rodriges

Erishilgan yutuqlar

Angliya chempionligi – 1891, 1915, 1928, 1932, 1939, 1962, 1970, 1985, 1987

Angliya kubogi – 1906, 1933, 1966, 1984, 1995

Angliya super kubogi - – 1928, 1932, 1963, 1970, 1984, 1985, 1986, 1987, 1995

Kubok egalari kubogi – 1985

Muallif fikri:

Everton8

«Everton» jamoasi o‘tgan asr so‘nggi va yangi asr boshida biroz oqsadi. Shu bois, klubning ligadagi raqiblari ancha ilgarilab ketishdi. Shunga qaramay, u Angliyadagi muxlislar quvvatiga ega eng kuchli klub bo‘lib qolaveradi. Azaliy raqib «Liverpul»ning g‘alabalariga indamay sabr qilayotgan «irislar» o‘z davri kelishini kutmoqda. Hozircha ular sabr bilan kutishmoqda. Muxlislarning yana klub uchun “oltin davr” kelishiga ishonchi baland. SPORTS.uz esa, voqealar rivojini siz azizlar bilan birgalikda kuzatishda davom etadi.

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!