
Bundan 6 yil ilgari Mendi qaerda edi? U bosib o‘tgan yo‘l sizni hayron qoldiradi!
Mendini yaqinda taniganlar uni yaxshi darvozabon, deb hisoblaydi. U haqida deyarli hech qanday ma’lumot yo‘q. Vaholanki, posbon bundan 6 yil ilgari ishsiz, uysiz qolib ketgan oddiy bir yigitcha edi. Uning metindek irodasi va mehnatkashligi sababli, Mendi hozirda London klubi a’zosi sanaladi. Xo‘sh, u bunga qadar qanday sinovlarni engib o‘tdi? Bugun shu mavzu haqida atroflicha fikr yuritamiz.
Frenk Lempard Mendining transferiga o‘zi bosh-qosh bo‘ldi. Murabbiy shu yo‘sinda, sport formasini yo‘qotib qo‘yayotgan Kepaga raqobatchi olib kelmoqchi edi. E’tiborlisi shundaki, Mendining transferini Frenkka va rahbariyatga shaxsan Peter Chex taklif qildi. Peter ham Mendi singari «Chelsi»ga «Renn»dan tashrif buyurgani uchun emas, shunchaki hozirgi jamoaga Eduar singari ijrochi lozimligi uchun. Tan olish lozim, Chexning tanlovi o‘zini ortig‘i bilan oqladi.
Mendi Normandiyada tug‘ilgan. Onasi senegallik bo‘lib, otasi Gvineya-Bisaudan edi. Qahramonimiz futbolga juda erta mehr qo‘ygan. 7 yoshli bolakayning kumiri Buffon bo‘lganini tushunish mumkin. Sababi, Eduar futbolga aynan darvozani qo‘riqlash maqsadida kirib kelgan. U boshqa taniqli posbonlar singari keyinroq bu yo‘lni tanlamagan. U avval boshidan, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi sari intilgan. 11 yoshli bolakay maktabdagi sinfdoshlari bilan birgalikda Braytonga sayohat qiladi. O‘zining yig‘ib yurgan pullariga «Brayton» klubi libosini xarid qiladi.
Qahramonimiz futbolchilik faoliyatini Evropadagi eng taniqli akademiya - «Gavr»da boshlaydi. Afsuski, qahramonimizni klub o‘z tarkibida olib qolmadi. U akademiya tarbiyalanuvchisi Zaxari Bushega raqobatni boy berdi. Shunga qaramay, Eduar taslim bo‘lmadi.
U mahalliy havaskorlar jamoasi - «Gavr» bilan shartnoma imzoladi va 5 yil klub sharafini himoya qildi. U Normandiya kubogida zafar quchgach, «Sherbur» e’tiboriga tushdi. Jamoa bosh murabbiyi - Jerar Goxel uni o‘z klubiga o‘tishga ko‘ndiradi.
Mendi 3-divizion vakilli safiga kelganida, 19 yoshli yigitcha edi. Avvaliga, bir mavsum u raqobat olib bordi. Kelasi mavsumdan boshlab, jamoaning asosiy darvozaboniga aylandi. Shu tariqa, «Sherbur» safida 2 yil to‘p surdi va chinakam etakchiga aylandi. Afsuski, klub 4-divizionga ravona bo‘ldi. Mendi boshqa klubga o‘tishga qaror qildi. Jamoa prezidenti Goxel esa, uni yana havaskorlar ligasida to‘p surishini istamay, shu bois qo‘yib yuborishga va’da berdi. Afsuski, transfer oynasining so‘nggi haftasiga qadar, birorta klub Mendi bilan shartnoma imzolash taklifi bilan chiqmadi. Transfer oynasi yopilishiga 3 kun qolganida esa, «Marsel» o‘zi uchun 4 - darvozabon izlayotgani haqida Goxelga ma’lum qildi. Prezident uzoq yillar davomida unga naf keltigan Eduarni tavsiya qildi. Shu tariqa, Mendi Frantsiyaning eng taniqli jamoalaridan biriga yo‘l oldi.
«Sherbur» klubi rahbari o‘zining so‘nggi intervyularidan birida o‘sha transfer haqida batafsil so‘zlab berdi:
«Menga «Marsel»dan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Ular Eduarga qiziqib qolishgan edi. To‘g‘risi, xursand bo‘ldim. Sababi, Eduar allaqachon kuchliroq klubga o‘tishi lozim edi. Ularga futbolchimni tavsiya qilar ekanman, u doimo borgan klubida birinchi raqamliga aylanadi, bunisiga javob beraman, deb kulib qo‘ydim. Darhaqiqat, u keyin «Reyms», «Renn» va hatto «Chelsi»da ham birinchi raqamli kiperga aylandi. To‘g‘risi, 22 yoshida ishsiz, kelajagi katta so‘roq ostida qolayotgan Mendiga juda achingan edim. U doimo optimist bo‘lishga intilsa-da, ezilayotganini sezar edim. Shu bois, uni hech qanday muammosiz qo‘yib yubordim.
Futbolchining o‘zi ham «Sherbur»ni tark etish arafasida yurgan davrlarni yodga olganda jiddiy tortadi.
«Bu hayotimdagi eng sinovli kunlar edi. 22 yoshdaman. Tez orada ota bo‘lishim va oila rahbariga aylanishim kerak. Mening esa, oldimda hech qanday reja yo‘q edi. Moliyaviy muammolar sababli, butsalarimni mixga ilishim mumkin edi, ammo oila a’zolarim bunga yo‘l qo‘ymadi. Ular menga oxirigacha ishonch bildirishdi. Oilamni qo‘llab-quvvatlab turishga va’da berdi. Ularning kuchi bilan futbolda qoldim.
“Marsel”ga o‘tgach, uning muammolari kamaygani yo‘q. Mendiga faqat “Marsel B”da to‘p surish uchun imkoniyat taqdim etishdi. Shunga qaramay, doimo kulib turuvchi Mendi sabr bilan barchasini engib o‘tdi. Qahramonimiz klubga kelganida, mavsum boshlangan «Marsel» Flo Eskalesga to‘liq ishonch bildirayotgan edi. Shunga qaramay, Flo bilan do‘stlashib ketdik. Undan o‘rganishga urindim. Shu tariqa, 10 ta o‘yinda «Marsel» sharafini himoya qildim. Mavsum yakunida esa, men bilan Liga 2 vakillaridan takliflar kelib tusha boshladi.
“Biz Frantsiya kubogi finaliga qadar etib keldik. Kubok bahslarida menga ko‘proq ishonch bildirdi. Ularni uyaltirib qo‘ymadim. Oqibatda, mavsum so‘nggida menga yana ikki yillik shartnoma taklif qilishdi. Maosh katta bo‘lsa-da, rad etdim. Sababi, ko‘proq o‘yin amaliyotga ega bo‘lmoqchi edim. Shu bois, «Reyms»ga o‘tdim”.
“Reyms” tarkibida u avtomatik ravishda birinchi raqamli kiperga aylandi. 3 yil davomida Mendi “Reyms” klubi sharafini a’lo darajada himoya qildi. So‘ng, u bilan “Renn” vakillari aloqaga chiqdi. “Renn”dagi ajoyib mavsum sababli, klub o‘z tarixida ilk bor EChLda to‘p surish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Kelasi mavsumda esa, Mendi “Chelsi” bilan shartnoma imzoladi va Londonga ko‘chib o‘tdi.
Qahramonimiz o‘zining bolalikdagi birinchi orzusini amalga oshirdi. U “tumanli albion”da harakat qilmoqda. Endilikda, har bir mashg‘ulotda 100 foiz kuch bilan harakat qilishi va raqobatda mutlaq g‘olib chiqishi lozim. Eduar bundan qo‘rqmaydi. U hayotning eng og‘ir kunlarida ham “sinib” qolmagan. Buni ham bemalol engib o‘tadi. SPORTS.uz Eduar Mendining “Chelsi”dagi faoliyatiga omad va zafarlar tilab qoladi.
Fikrlar