
Buxoroda tarixiy promoushen tashkil etildi (Video)
Yurtimizda asta-sekin professional sport turlari ham rivojlanib bormoqda. Jumladan, MMA, kikboksing, professional boksdan ham bir qator o‘zbekistonlik sportchilar yaxshi natijalar qayd etishda davom etmoqda. Aslida, professional yakkakurash turlarining butunjahonda tutgan o‘rni juda yuqori. Aynan ushbu sport turlarining rivojlanishi, ommaviyligini oshirish va jaxon darajasidagi jang kechalarini tashkil etish, yurtimizda turizmning rivojlanishiga ham qaysidir ma’noda sabab bo‘ladi.
Shu nuqtai nazardan yurtimizda ushbu sport turlariga ixtisoslashgan promoushenlar tashkil qilish ham maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Aynan shunday tashkilotlar paydo bo‘lishi va jahon standartiga yarasha turnirlar o‘tkazishi yuqorida ta’kidlaganimizdek, turizmni rivojlanishiga va O‘zbekistonning professional sport turlaridagi imidjini oshirishda xizmat qiladi. Eng asosiysi esa havaskor yo‘nalishdagi faoliyatidan keyin nima qilishni bilmay qolayotgan mahoratli sportchilarimizni o‘z imkoniyatlarini namoyish qilish barobarida moliyaviy imkoniyatlarini yaxshilash borasida ham muhim omil bo‘ladi.
Shu kunga qadar, O‘zbekistonda bunday tashkilot bo‘lgan emasdi. Biroq ilk bora bunday tarixiy promoushen Buxoroda tashkil qilindi. O‘zbekiston yakkakurash olamining eng ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri , Buxoro qo‘l jangi federatsiyasi rahbari, O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi Buxoro bo‘limi raisi va O‘zbekiston kikboksing assotsiatsiyasi vitse-prezidenti , “Amir Temur” klubi asoschisi Muzaffar Radjabov boshchiligida “Amir Temur” promousheniga asos solindi!
Mazkur ma’lumot yuzasidan Muzaffar Radjabovga bog‘langanimizda, bu real voqelik ekanligi, ilk turniri 27 iyun kuni Buxoro shahrining Romiton tumanida qad rostlagan “Oazis” dam olish maskaning yozgi arenasida o‘tkazishini, shuningdek, ushbu promoushen jahon standartlariga mos ravishda ekanligi hamda janglar saviyasi ham yuqori darajada bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi. Promoushenda MMA hamda professional kikboksing bo‘yicha jang kechalari tashkil qilinishi qolaversa, jahonning nufuzli UFC, “Bellator”, “Glory” kabi promoushenlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida ham ishlar olib borayotganligini ma’lum qildi.
Hozirda esa Rossiyaning birinchi raqamli promousheni ACA (Absolute Championship Akhmat) bilan yaqin hamkor ekanligi, 27 iyun kuni tashkil etiluvchi ilk turnirda 10 ta MMA va 5 ta professional kikboksing janglari o‘tkazilishini, jangchilar esa Braziliya, Rossiya, Ukraina umuman olganda bu sport turlari yaxshi rivojlangan mamlakatlarning kuchli vakillaridan taklif etilishini qolaversa, “Amir Temur” chempionlik kamarini ta’sis etilishi ,to‘rtta jangdan so‘ng, beshinchisi ushbu chempionlik kamari uchun o‘tkazilishini va eng asosiysi ushbu chempionlik kamarini ikki marotaba himoya qila olgan jangchi o‘sha hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi kutilayotgan jahonning nufuzli prmoushenlari bilan shartnoma tuzish imkoniyatiga ega bo‘lishini ham aytib o‘tdi.
Albatta, ushbu o‘ziga xos tarixiy jarayon yurtimizda professional yakkakurash turlarining rivojlanishi yangi bosqichga chiqayotganligidan dalolatdir. Bu borada tashkilotchilarga kuch-quvvat tilagan holda, yurtimiz sporti ravnaqiga o‘z xissalarini qo‘shishdan charchamasligini tilab qolamiz!
Fikrlar