Chempionlar Ligasi bosh sovrinini qo‘lga kiritgan 6 aka-uka

  • 26 avgust, 2020, 18:03
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO
UEFA Chempionlar Ligasida “Bavariya” g‘olib bo‘lganidan keyin yana bir natija barchaning e’tiborini tortdi. Turli davrlarda 5 nafar aka-ukalar bu turnirda zafar quchgan edi. Endi ular soni 6 taga etdi. Quyida ular to‘g‘risida fikr yuritamiz:

Teo va Lyuka Ernandes
Kichik Ernandes Teo 2018 yil “Real” safida bu sovrinni qo‘lga kiritgan. E’tiborlisi, o‘sha mavsum u “qaymoqranglilar” safida ChL doirasida atigi 3 ta o‘yinda maydonga tushgan. Ba’zida shuning o‘zi ham kifoya qiladi. Lyuka esa bu mavsum myunxenliklar tarkibida zafar quchdi. “Bavariya” tarixidagi eng qimmat transfer sifatida qayd etilgan frantsiyalik fulbek mavsum boshida og‘ir jarohat oldi va sheriklariga deyarli yordam bera olmadi. Eng qiziqarlisi, u ham xuddi ukasi kabi Chempionlar Ligasida jamoasi libosida 3 tagina o‘yin o‘tkazgan. Aka-uka bu borada juda omadli ekanliklari oydinlashmoqda.

15982284152158
Rafinya va Tyago Alkantara
 
Rafinya Alkantara 2015 yil “Barselona” bilan trebl qayd etgan. Jamoa tarkibi yulduzlar bilan to‘lib-toshgan mavsumda Rafinyaga biroz kamroq imkoniyat berilar edi. Ammo u harakat qilgan o‘yinlarida yaxshi taassurotlar qoldirgan. Akasi Tyago 2 klub bilan Chempionlar Ligasini yutgan kam sonli fubolchilardan. Undan avval Ronaldu, Eto’O, Van der Sar, Zeedorf, Pike, Kross, Desham, Xabi Alonso, Desayi kabi futbolchilar bunday natija qayd etishgan. 2020 yilgi natijasi orqali qahramonimiz ham ular safidan joy oldi. U 2011 yil “ko‘k-anorranglilar” safida o‘ynagan vaqtida “shalpangquloq”qa ega chiqqan. Gvardiolaning engilmas tarkibida kamtargina zaxira o‘yinchisi bo‘lgan Tyago o‘sha mavsum “ko‘k-anorranglilar” libosida faqat bitta o‘yin o‘tkazgan. Ammo 2020 yil myunxenliklar tarkibida erishilgan g‘alabada uning hissasi avvalgisidan ancha katta. U Flik jamoasining asosiy ustunlaridan biri.
15982286512283
Gabriel va Diego Milito
 
Ketma-ket 3 bor chempion bo‘lgan bu aka-ukalarning kichigi Gabriel 2009 yil “Barselona” tarkibida bu sovringa ega chiqqan. E’tiborlisi, u o‘sha mavsumni tizzasidan olgan o‘ta og‘ir jarohati bilan butunlay o‘tkazib yuborgan va yakunda trebl egasiga aylangan. Dahshatli “Barsa” tarkibidagi yulduzlar Gabriel xizmatlariga zaruriyat qoldirmagan. Katta jamoada o‘ynashning afzalligini qahramonimiz 2011 yilda ham his qilgan. O‘shanda argentinalik fulbek o‘zining ikkinchi treblini nishonlagan edi. Ikki mavsumda umumiy 2 o‘yin va shuncha trebl. Zo‘r-a?! Katta Milito esa 2010 yilda “Inter” bilan bu sovrinni boshi uzra baland ko‘targan. Ukasidan farqli o‘laroq, Diego Milito Maurning ishongan shogirdlaridan edi. Final ostonasida ukasi harakat qiladigan jamoaga 1 ta, finalda esa “Bavariya” postiga 2 ta to‘p kiritgan Milito “nerradzurilar”ning qotil hujumchisi edi.
15982289689102
Mikael va Brian Laudrup
Laudrup familiyasi ko‘proq Mikael tomonidan mashhur qilingan. U Yoxan Kroyfning afsonaviy “Barsa”sida 1992 yil Evropada tengsiz bo‘lgan. Yarim himoyada harakat qilgan qahramonimiz turnir davomida 11 o‘yinda maydonga tushgan va 3 bor raqiblari darvozasini ishg‘ol qilgan. Xristo Stoichkov, Ronald Kuman, Pep Gvardiola kabi futbolchilar orasida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Mikael Chempionlar Ligasi g‘olibligiga ham katta hissa qo‘shgan. Ukasi Brian esa 1994 yilgi mavsumda “Milan” tarkibida “shalpangquloq”ni boshi uzra baland ko‘targan. Qizig‘i, “rossonerilar” o‘sha yili uni 1 mavsumga ijaraga olgan edi. Evrokubokdagi 7 o‘yin va 1 gol bilan Brian klubiga oz bo‘lsa-da yordam bera olganini e’tirof etish joiz.
15982290644738
Frank va Ronald de Bur
Bu aka-ukalar ro‘yxatimizdagi yagona egizaklar hisoblanadi. Va ular bir jamoa – “Ayaks” tarkibida 1995 yil Evropa taxtiga chiqqan. Ikkisi ham Van Gal jamoasining asosiy tarkib futbolchilaridan bo‘lgan. Biri orqa chiziqda, boshqasi hujum markazida tartibga javob bergan. Guruh bosqichidayoq ikki favorit bir to‘rtlikdan joy olganda, ko‘pchilik hali finalda ularning yo‘li kesishadi, deb o‘ylamagan bo‘lsa kerak. Hal qiluvchi o‘yinda ham birga harakat qilgan egizaklarning “Milan” ustidan qozonilgan g‘alabada hissalari katta.
15982291884226
Garri va Fil Nevill
De Burlar kabi Nevillar ham bir jamoa tarkibida Chempionlar Ligasi g‘olibi bo‘lgan. Ser Aleks Fergyuson boshchiligidagi MYu safida Garri Nevill “Bavariya” taslim etilgan oqshomda asosiy tarkibda maydonga tushgan. Ukasi esa bu o‘yinni zaxira o‘rindig‘idan kuzatgan bo‘lsa-da, kichik Nevill finalgacha jamoasi safida 6 ta o‘yinda maydonga tushgan va 1 bor raqib darvozasiga yo‘l topa olgan.
15982293329251
UEFA Chempionlar Ligasi bu mavsumi katta qiziqishlar bilan tomosha qilindi. Keyingi mavsumlardagi mana shunday o‘yinlarga qadar biz sizni qiziqarli faktlar, ma’lumotlar bilan xursand etishga harakat qilamiz.
Javohir Azimov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!