
Chempionlar Ligasi to‘purari bo‘lishga nomzod 5 futbolchi
Chempionlar ligasi jahon futbolidagi eng nufuzli turnir ekanligi hech kimga sir emas. Bu turnirda eng yaxshilar jam bo‘lishadi.
Chempionlar Ligasi to‘purari bo‘lish, agarda gap Messi va Ronaldudan boshqa futbolchilar haqida ketsa, “Oltin to‘p”ni yutishdan ham ko‘ra qiyinroq vazifa bo‘lib qoldi. Chunki bu turnirga o‘ziga xos tarixini yozayotgan Leo va Krishtianu to‘purarlik bahsida ham boshqalarga imkon qoldirishmayapti. Ikkala gigant to‘purar bo‘lmagan mavsum bundan 13 yil oldin edi, desa ishonasizmi? 2006-2007 yilgi mavsumda Kaka “Rossoneri”lar safida 10 ta gol urib musobaqa to‘purariga aylangan edi. Shundan beri biz goh Messini, goh esa Ronalduni bu ro‘yxatda birinchi o‘rinda ko‘rishga o‘rganib qoldik.
Faqatgina 2014-2015 yilgi mavsumda Neymar argentinalik va portugaliyalik qatoriga qo‘shilishga muvaffaq bo‘lgandi. Shunda ham yakka o‘zi to‘purar maqomiga erisha olmagan.
Bu galgi mavsumda kim to‘purarlik uchun da’vogarlik qilishi mumkin? E’tiboringizga Britaniyaning nufuzli bukmekerlik kompaniyasi ilgari surgan nomzodlarni havola etamiz:
- Rahim Sterling - 12/1
“Man Siti”ning hujum chizig‘idagi asosiy figuralaridan biri bo‘lmish Sterling o‘tgan mavsumda barcha turnirlarda 25 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgandi. Britaniyalik futbolchining hisobida Chempionlar Ligasi doirasida 10 ta o‘yinda 5 ta gol mavjud edi. Bu uning ChL musobaqasidagi bir mavsumdagi gollari bo‘yicha shaxsiy rekordi hisoblanadi.
“Manchester Siti”ning musobaqadagi favorit klublardan biri ekanligini hisobga olsak, Rahim ham o‘tgan yilgidan ko‘proq gol urish imkoniyatiga ega va to‘purarlik bahsiga ham qo‘shilishi mumkin. Balki aynan u to‘purarlik bahsida Messi va Krishtianu erasiga barham bera olar.
Bukmekerlik kompaniyasining bu qadar optimizm bilan javob berishiga sabab, Sterling Premer liganing dastlabki besh turida 5 ta golga mulliflik qilgani hamdir.
- Muhammad Saloh - 8/1
“Liverpul” yulduzi Muhammad Saloh o‘tgan mavsumda “Enfild” muxlislariga unutilmas lahzalarni hadya etishga eng katta hissasini qo‘shgan futbolchilaridan biridir. Intiq bo‘lib kutilgan chempionlikni olib kelish uchun ozmuncha harakat qilinmadi. Salohning individual ko‘rsatkichi o‘tgan mavsumda past natijani ko‘rsatdi. Chunki unga shaxsiy natijalaridan ko‘ra, jamoaviy yutuq afzal edi va bor e’tiborini jamoaviy o‘yinga qaratdi.
Bu mavsumda esa hamma Salohdan sermahsullik kutyapti.
Bukmekerlar ro‘yxatiga ko‘ra esa misrlik futbolchi 4-o‘rinni band qilib turibdi. Xuddi Sterling singari Saloh ham Premer liganing dastlabki o‘yinlarida o‘z hisobiga gollar yozdirishni boshladi. Shunday ekan Salohni ham to‘purar bo‘lishga da’vogarlardan biri deb hisoblasak bo‘ladi.
- Serxio Aguero - 8/1
“Man Siti” tarixidagi eng yaxshi to‘purar bo‘lib turgan Aguero hali-hanuz xalqaro musobaqalarda goleadorlar safida etakchi o‘rinda turishni uddalay olmayapti. Bu mavsumda esa bukmekerlar taxminiga ko‘ra 31 yoshli argentinalik futbolchida to‘purar bo‘lish uchun yaxshi imkoniyat bor. Bunday taxminlar ilgari surilishiga yana bir sabab Agueroning premer ligada besh turda 7 ta gol urganligi hamdir. “Shaharliklar” ning musobaqa favoriti, bu esa Aguero hisobida etarlicha o‘yinlar bo‘lishiga imkon yaratadi. Tabiiyki, o‘yinlar soni ko‘p bo‘lishi hujumchining gol urishi uchun ham imkoniyatning ko‘pligini anglatadi.
- Krishtianu Ronaldu - 5/1
Portugaliyalik futbolchi chempionat tarixidagi eng yaxshi to‘purar hisoblanadi. Uning hisobida 167 o‘yinda 126 gol mavjud. Yana Krishtianu Chempionlar ligasini 5 marotaba yutgan tarixdagi yagona futbolchi.
34 yoshli Ronaldu “Yuventus” sharafini munosib himoya qilyapti. “Ko‘hna Sinyora” ning bitta kamchiligi esa, garchi Italiyada gigimonlikni o‘rnatgan bo‘lsa-da, 1996-yildan buyon xalqaro turnirlarda g‘alaba qozona olmayapti. Bu esa Ronalduga motivatsiya bag‘ishlashi mumkin. Chunki Krishtianu bunday chaqiriqlarga doim “labbay” deya javob qaytargan.
Bukmekerlar uning potensialini hisobga olgan holda 2-pog‘onaga munosib ko‘rishgan.
- Lionel Messi - 4/1
Leo Messi “Barselona” qatnashadigan barcha turnirlarda yuqori darajada o‘yin ko‘rsatishga ko‘nikib ketgan. Bundan tashqari argentinalik hujumchi chempionlar ligasining amaldagi to‘purari hisoblanadi. Xuddi «Manchester Siti»dek “Barsa” ning ham musobaqa favoriti ekanligini hisobga olsak, Leo to‘purarlik bahsida yaqqol favoritlardan biridir.
O‘tgan mavsumda bukmekerlar Leo Messining gol urish koeffitsientini pastroq baholashgan va oxirida Messi ular taxmin qilgandan 2 baravar ko‘proq gol urishga muvaffaq bo‘lgan.
Bu mavsumdagi to‘purarlik bahsida Leo asosiy favorit deb hisoblanmoqda.
Fikrlar