Dilnoza Mustafoqulova suhbatlashdi

"Chetdan taklif tushsa, nega o‘ylab ko‘rmaslik kerak?!", "Futbol pul bilan o‘ynaladi!", "Ba’zi jamoalar hali noyabr oyi uchun ham maosh olmagan" - yilning eng yaxshi ayol futbolchisi Diyora Habibullaeva ko‘p haqiqatlar haqida ochiq gapirdi
SPORTS.uz intervyu ruknidan o‘rin olgan suhbatlarni davom ettiradi. Bizning bu galgi suhbatdoshimiz O‘zbekiston ayollar terma jamoasi va "So‘g‘diyona" klubi a’zosi Diyora Habibullaeva.
2021 yilgi futbol mavsumi Ayollar oliy ligasi to‘purari va "Yilning eng yaxshi ayol futbolchisi" nominatsiyasi g‘olibasiga aylangan Diyora legionerga aylanishi, chempionatimizdagi puldor jamoalar, futbol yoki oiladan qay birini tanlashi va boshqa ko‘plab mavzularda o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Assalomu alaykum, Diyora. Eng avvalo, xalqaro turnirda terma jamoamizning g‘alaba goliga mualliflik qilganingiz bilan tabriklayman.
Assalomu alaykum. Sizlarni quvontirganimdan juda ham hursandman. Lekin birgina gol bilan turnir yakulanmaydi va oldindan sevinishni yoqtirmayman. Yana shuni aytib o‘tish kerakki, birinchi bo‘limda ursam bo‘lar edi, lekin xatolikka yo‘l qo‘ydim va ikkinchi taymda buni to‘g‘rilashga harakat qildim. Xudoga shukur, shu kun omadim keldi.
- Ichki chempionatdagi jamoangiz ishtiroki haqida nimalar deya olasiz?
Albatta, chempionat yakunlandi va to‘purarlar jadvalida peshqadamlikka erishdim. Qolaversa, yilning eng yaxshilaridan biri sifatida e’tirof etildim. Bular osonlikcha qo‘lga kiritilmadi. 3 yil davomida nomzodlar orasida bor edim. 1-safar rosa harakat qildim va to‘purarlar bahsida g‘olib bo‘ldim. Lekin meni g‘olib deb topishmadi. 2021 yil men uchun juda omadli keldi. G‘alaba uchun ota-onam, murabbiylarim, jamoadoshlarim va meni qo‘llab-quvvatlayotgan barchaga minnatdorchilik bildiraman.
- Sportga kirib kelishingiz qanday ro‘y bergan?
Bizning oilamizda o‘g‘il farzand yo‘q va oilam meni ham o‘g‘il, ham qiz farzand o‘rnida ko‘radi. Chaqaloqligimdan yig‘lasam, to‘p bilan ovutishgan ekan. Maktab vaqtida ham hamma qizlar tanaffusga chiqib, maktab formasida yurishsa, men o‘g‘il bolalar bilan futbol o‘ynab yurganman. Mahallamizda har kuni kechqurun futbol bo‘lardi, men rosa qiziqardim. Shundan keyin futbolga qiziqishimni ko‘rib dadam agar qizlar jamoasi ochilsa, seni o‘sha akademiyaga beramiz, degan. Men faqat "Sevinch" klubini bilar edim. Lekin Qashqadaryo bizga biroz uzoqroq edi va men voleybol sportiga qatnashishni boshlaganman. Vaqt o‘tib, kollejga o‘qishga kirdim. Bir kuni "zal"imizda tayyorlanish uchun "AGMK-W" va "Metallurg-W"ning gulistonlik qizlari keldi. Kiyinish xonasida jamoalar haqida so‘rab-surishtirib, dadamga aytganman. Maslahatlashib, "Metallurg-W" klubini tanlaganmiz. Keyinchalik, "So‘g‘diyona-W" jamoasidan taklif oldim.
- Oilangizning boshqa a’zolari tomonidan hech qanday qarshiliklar bo‘lmaganmi?
Yo‘q! Aksincha, dadamning o‘zi buvim bilan kelishib, "Metallurg"ga olib borganlar. Hamisha esimda, bo‘lsang, eng yaxshi futbolchi bo‘l, hech qachon o‘rtamiyona bo‘lmagin, deb aytgan edilar. Ilk bor Sherali Bobokulov qo‘l ostida shug‘ullanganman. Ularning yordami bilan O‘zbekiston chempioni, Kubogi va Superkubogi sohibasiga aylandim. Chempionatimizda avval 2-o‘rinni egalladik va keyingi yilni 1-o‘rin bilan yakunladik. Bugungi kunda ham jizzaxliklar sharafini himoya qilmoqdaman.
- "So‘g‘diyona-W" klubining sizning faoliyatingizdagi o‘rni qanday? Ya’ni, muvaffaqiyatingizda jizzaxliklaning O‘zbekistondagi eng kuchli klubi ekanligining ham ta’siri bormi?
Gaplaringiz juda to‘g‘ri, futbolchining individual yutuqlarida sheriklarining katta mehnati bor. Chunki futbol jamoaviy o‘yin va agar men to‘p tepayotgan klub kuchsiz bo‘lganda, balki, bu natijaga erisha olmasdim. Bu darajaga etishimda kuchli murabbiylar va jamoadoshlarimning o‘rnini alohida ta’kidlab o‘tishim kerak. Shu o‘rinda jamoamiz direktorlari va homiyimizga ham minnatdorchiligimni bildirib o‘tmoqchiman. Futbolda mablag‘ katta ahamiyatga ega. Futbol pul bilan o‘ynaladi. Shu uchun homiylarimizni alohida aytib o‘tyapman.
- Bugun jizzaxliklar moddiy tarafdan eng kuchli klub! Qo‘shilasizmi?!
Ha, qo‘shilaman. Negaki, biz allaqachon yanvar oyi uchun maoshimizning yarmini hali oy tugamasidan avval olib bo‘lgan edik. Ba’zi jamoadagi dugonalarim bilan gaplashganimda, hali dekabr, noyabr oyliklarini olmaganini aytishdi. Men shu klubda o‘ynayotganimdan xursandman.
- "So‘g‘diyona-W" ning boshqa klublardan ajralib turadigan jihatlarini ayta olasizmi?
Boshqa klublardan ajralib turadigan jihati, avvalo birdamligimiz, bir oila ekanimiz, murabbiylarning mahoratliligi va shuningdek, bizni qo‘llab-quvvatlayotgani deb o‘ylayman. Rahbariyatning shaxsan o‘zi biz bilan tanishib, suhbatlashib, muamolarimizga qiziqadi. Qolaversa, murabbimiz qizlarni tanlab olishda juda katta tajribaga ega. Qaysi qiz qaysi nuqtani kuchaytira oladi, kim jarima to‘llarini tepishda mahoratli juda yaxshi biladi. Bizning eng katta ustunligimiz shular deb o‘ylayman
- Oliy liga uchrashuvlarida "So‘g‘diyona" bir bosh ustun bo‘lib o‘ynaydi. Xalqaro turnirda bu qanday natija beradi deb o‘ylaysiz?
"So‘g‘diyona" har doim ham hujumkor o‘yin ko‘rsatmaydi. Murabbiyimiz raqibni o‘rganib chiqadi va shunga ko‘ra taktika qo‘llaydi. Bu uchrashuvlarda o‘z samarasini beradi. Endi bo‘lajak raqiblarimizni bilganimizdan so‘ng o‘yinlarini ko‘rib, o‘rganib chiqib, alohida tayyorgarlik olib boramiz va o‘ylaymanki, muvaffaqiyatli qatnashamiz.
- Hozir barcha tajribali futbolchi qizlar Turkiyadagi turnir sababli bir joyga yig‘ilgan. Kayfiyatlar qanday?
Hozir barcha qizlarning kayfiyati a’lo darajada. G‘alabadan so‘ng barcha o‘z quvonchini yashira olmayapti. Xudo xohlasa, keyingi o‘yinda ham g‘alaba qozonishga harakat qilamiz. Tayyorgarliklar allaqachon boshlangan.
- Diyora, transferlar oynasi yopilishiga ham sanoqli kunlar qoldi. Sizga ham takliflar bo‘lyaptimi?
Albatta, menga ko‘p jamoalardan takliflar kelib tushdi. Hattoki, chempionat yakunlanmasdan qiziqishlar bildirishdi. Lekin men o‘z jamoamda qolishni afzal ko‘rdim.
- Qachondir chet davlatidan aniq takliflar bo‘lsa, ketishga tayyormisiz?
Har bir futbolchini o‘z oldiga qo‘ygan orzu, maqsadlari bo‘ladi. Eng katta orzularimdan biri legioner bo‘lib to‘p tepish. Agar faoliyatimni tugatmasimdan avval chetdan yaxshi taklif bo‘lsa, nega o‘ynamasligim kerak?! Murabbiylarim va ota-onam bilan maslahatlashib ko‘raman.
- Ayollar futbolining nozik taraflari ham bor. Ba’zan turmush qurib, futboldan ketishga to‘g‘ri kelishi mumkin. Siz bu vaziyatda qanday tanlov qilasiz va nima uchun?
Oilani tanlayman. Chunki har bir ota-ona farzandini turmush qurishini va baxtli bo‘lishini xohlaydi. Qizlar ham yoshligidan oq libos bilan uyini tark etishni orzu qiladi, shu o‘rinda men ham.
- Diyora javoblaringiz va samimiy suhbatingiz uchun rahmat. Navbatdagi turnirlarda omad yor bo‘lsin.
Katta rahmat. Xudo xohlasa, g‘alabalar bilan hamyurtlarimizni hursand qilamiz.
Fikrlar