
Dana Uaytning "yubkadagi askarlari" yoxud UFC ning yorqin uch yulduzi
MMA olamida ko‘plab promoushenlar bor va ular bir-biridan ajoyib turnirlarni taqdim etib kelmoqda. Avvallari “Prayd» jahonda nufuz jihatidan etakchi bo‘lgan bo‘lsa, keyinchalik bu maqomga UFC erishdi. Albatta, bu borada Dana Uayt katta ishlarni amalga oshirgan holda, bu promoushen tashkil qiladigan jang kechalarini bemalol professional boks oqshomlari bilan raqobat qila oladigan holatga keltira oldi.
Hozirgi kunda UFC da jahonning eng kuchli MMA jangchilari yig‘ilgan. Nafaqat erkaklar, balki ayollar o‘rtasida ham shunday deb ayta olamiz. Umuman olganda, doimo UFC da ayollar o‘rtasidagi janglar ham katta qiziqish uyg‘otib kelgan.
O‘z vaqtida Ronda Rouzi, Misha Teyt, Xolli Xolm, Kris Sayborg kabi qizlar diqqat e’tiborni o‘ziga qaratib, ajoyib janglari bilan UFC ning nufuzini oshishiga xizmat qilgan bo‘lsalar, hozirda esa, bu promoushenning ayollar o‘rtasidagi “uch yulduzi” o‘sha Xabib Nurmagomedov, Konor MakGregor, Jon Jonslardan mashhurlik borasida sira qolishmaydigan darajaga chiqa olishdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ha, bular o‘ta engil vazn toifasi chempioni Amanda Nunes, super engil vaznda tengsiz Valentina Shevchenko va “somoncha” divizioni etakchisi Veyli Janglardir.
Bugun, biz mazkur “trio” haqida va ular o‘rtasidagi ehtimoliy jang, vazn toifalaridagi vaziyatlar haqida so‘z yuritamiz.
To‘g‘ri, xitoylik jangchi qiz Nunes va Shevchenkoga nisbatan mashhurlik bobida biroz ortda bo‘lishi mumkin. Qolaversa, UFC da endigina 5 ta jang o‘tkazdi. Biroq u tez sur’atlarda muxlislarning yoqimtoyiga aylanish bilan birga o‘z divizionining chempioniga ham aylanishga ulgurdi.
Shuningdek, Jang UFC da Amanda va Valentinadan kamroq jang o‘tkazgan. Lekin bu ularga nisbatan tajribasiz degani emas. Chunki, Veyli faoliyati mobaynida 22 bora jang o‘tkazib, bir bora mag‘lubiyat va qolgan barchasida muvaffaqiyat qozongan. Valentinada ham jami 22 ta jang mavjud. Shularning 10 tasini UFC da o‘tkazgan. Uning mag‘lubiyatlar soni 3 tani tashkil qiladi. Ikki bor Amanda Nunes va Liz Karmush uni enga olgan.
Braziyalik esa, bitta ko‘proq ya’ni 23 bor oktagonga ko‘tarilgan. Ularning 13 tasi UFC turnirlaridan o‘rin olgan. Unda ham bir qator mag‘lubiyatlar bor... U faoliyati mobaynida 4 bora muvafaqqiyatsizlikka uchragan.
Veylining ikki hamkasbi yoxud ehtimoliy raqibalaridan ustun tomoni UFC da mag‘lubiyatga uchramaganligidir.
Bu borada Amandani UFC 178 turnirida Ket Zingano texnik nokautga uchratgan bo‘lsa, Shevchenko esa, yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, UFC 196 va UFC 215 turniri doirasida aynan, Nunesdan ikki bora mag‘lub bo‘lgan edi.
Darvoqea, Veyli yagona mag‘lubiyatini 2013 yil MMA dagi debyut jangida vatandoshi Meng Bodan qabul qilib oladi. Bu hozirga qadar yo‘l qo‘ygan yagona xatosi bo‘lib turibdi.
Xo‘sh, bular qachon bir-biri bilan to‘qnash kelishlari mumkin?
Amanda va Valentina bugunga qadar ikki bor jang qilishga ulgurishdi. Garchi, bu to‘qnashuvlarda braziliyalik jangchi qizni qo‘li baland kelgan bo‘lsa-da, ko‘pchilik bu fikrga qo‘shilmaydi. Jumladan, Valentinaning o‘zi ham ikkinchi jangdan so‘ng, “U nimani evaziga g‘alaba qozondi? Bor yo‘g‘i bir-ikkita “teykdaun” hisobigami”,- deya, jang natijasidan norozi bo‘lgan edi. Darhaqiqat, ularning qarama-qarshiligi har ikki safar ham teng kurashlar ostida kechgan desak yanglishmagan bo‘lamiz. Shundan kelib chiqib, uchinchi jang ham qachondir bo‘ladi...
Aslida, vaziyat ham shuni taqozo qilyapti. Ya’ni, ular o‘z divizionida qolgan raqibalaridan bir bosh ustun ekanligini isbotlab ulgurishdi. Har ikkisiga jiddiy raqobat tug‘dira oladiganlar topilmayapti. Shunday ekan, Uayt chempionlik kamarlarini birlashtiruvchi uchinchi jangni ham o‘tkazishiga ishonchimiz komil.
Valentina bilan Joan Kaldervud jangi bo‘lishi kerak edi. Afsuski, hozirgi vaziyat va qirg‘izistonlik jangchi qizning jarohati sababli qoldirildi. Lekin bu jang keyinroq baribir bo‘ladi. Amanda Nunes oldida esa, yaqindagina o‘z vaznini o‘zgartirib, yuqori divizionda bitta g‘alabaga erishgan Julianna Penya to‘sig‘i turibdi. Ma’lumki, Juliannani Shevchenko o‘z vaqtida mag‘lub etgan edi.
Xullas, ular mazkur janglarda g‘alabaga erishsa, UFC ularga yana ko‘pi bilan bir yoki ikki jang beradi va Valentina xohlasa agar, har ikkisi o‘rtasidagi trilogiya katta ehtimol bilan bo‘ladi. Amanda biladiki, uni mag‘lub etib qo‘yishga qodir bo‘lgan raqibasi aynan Shevchenkodir...
Shuning uchun, u tomonidan tashabbus bo‘ladi degan fikrdan yiroqmiz. Valentina esa, revansh olishga harakat qilsa kerak. Shu nuqtai nazardan, ular o‘rtasidagi uchinchi jang tashkil qilinadi, degan fikrdamiz. Chunki bu to‘qnashuvni butun dunyo kutayotganligi sir emas. Sababi, yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, garchi Amanda ikki bor g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, u yaqqol ustun emasdi.
Qolaversa, Veyli Jang-Shevchenko hamda Veyli Jang-Amanda Nunes to‘qnashuvlarini ham vaqti kelib, guvohiga aylanishimiz mumkin.
Bu variantlar orasida Veyli Jang-Shevchenko qarama-qarshiligining bo‘lib o‘tish ehtimoli yuqoriroq. Chunki ular orasidagi vazn tofovuti juda kichik ekanligi, asosiy omil deb ayta olamiz.
Veyli dastlab, Rouz Namayunas hamda Jessika Andrade juftligi g‘olibi bilan jang o‘tkazishi aniq. Ushbu to‘qnashuvda g‘alaba qozongan taqdirda ham, darrov Shevchenko bilan jang qiladi, deb o‘ylamayman. U yana bir-ikki marotaba nisbatan soddaroq raqibalar bilan oktagonga ko‘tarilsa kerak. Shundan so‘ng, bu jang sodir bo‘lishi mumkin.
Valentina ham Amandadan avval, xitoylik qiz bilan kuch sinashishni maqul topishi mumkin. Chunki, bu yangi raqib va o‘zgacha “sayohat” bo‘ladi. Shuning uchun ham u Veyli variantini tanlaydi degan fikrdamiz.
Xullas, bir-biriga mos raqiblar... Har qanday holatda ham ular o‘rtasidagi jang qiziqarli o‘tishi tayin. Lekin bu bahslar albatta, bo‘ladi. Chunki UFC, jumladan, Dana Uayt chempionlar o‘rtasidagi janglarni o‘tkazishni juda yaxshi ko‘radi.
Shu o‘rinda braziliyalik futbolchi qiz Martani "yubkadagi Pele" deb atashlaridan xabaringiz bo‘lsa kerak. Shu kabi bu uch jangchi qiz, UFC dagi ajoyib faoliyati orqali Dana Uaytning "yubkadagi askarlari"ga aylanib ulgurishdi. Sababi esa, o‘zingizga ma’lum, ular ayollar o‘rtasidagi promoushen janglariga bo‘lgan qiziqishni yanada oshishiga hissa qo‘shish barobarida UFC ning yuziga ham aylana oldilar.
Fikrlar