
Da’vogarlar Seriyasining navbatdagi mavsumi o‘z yakuniga etdi. UFC qanday darajadagi jangchilarni o‘z tarkibiga qo‘shib oldi?! (Top-10)
E’tibor bergan bo‘lsangiz, avgust-sentyabr oylarida UFC boshchiligiga Da’vogarlar Seriyasi nomli turnirning 10 haftadan iborat navbatdagi mavsumi bo‘lib o‘tdi. UFC janglarini onda-sonda ko‘rib turadigan muxlislar esa arosatda. Bu nima? Qanaqa turnir bu? Fight Night turniriga o‘xshash musobaqami? Keling dastlab, bu mini-turnir haqida tushuncha berib o‘tsak.
Dana Uaytning Da’vogarlar Seriyasi (Dana White’s Contender Series) - bu boshqa promoushenda jang qilib, endilikda, UFC‘ga o‘tishni maqsad qilgan ikkita bitta vazn jangchisini o‘zaro jang qildirish orqali saralab oluvchi va g‘olibni jahonning eng kuchli ligasiga qo‘shib oluvchi turnirdir. Bu yil ham ushbu turnir orqali 43 ta jangchi promoushen tarkibiga borib qo‘shildi. Sports.uz sayti esa shaxsiy kuzatuvlari orqali ularning kelgusida faoliyati kuzatilishi kerak bo‘lgan jangchilar top-10 ligini e’tiboringizga havola etadi:
10. Esteban Ribovich (11-0)
Argentinalik super iqtidor saralash jangida ham o‘z talantini uzoq kuttirib turmadi. Raqibi Tomas Paulni 90 soniyada uyquga yuborgan Esteban jang tugashi bilanoq shartnomaga ega chiqdi. Uning rekordidagi 11 ta g‘alaba ham muddatdan oldin qozonilgan (6 nokaut, 5 sabmishen).
9. Billi Goff (8-2)
Yana bitta yosh va talantli jangchi. Da’vogarlar Seriyasida jang qilishidan oldin mahalliy CES MMA promoushenida ikki vaznida ham (engil va yarim o‘rta) chempionlikka erishib, so‘ngra o‘zini navbatdagi chellendjga tashladi. Baxtga ko‘ra, raqibi isroillik Shimon Smotritsskiyni ham dastlabki raunddayoq nokautga uchratdi va UFC tarkibiga kelib qo‘shildi.
8. Mateush Rebechki (16-1)
Ta’bir joiz bo‘lsa, top-10 dagi eng tajribali jangchi. 29 yoshli polyak jangchisining performens, ayniqsa, noodatiy uslubda raqibi braziliyalik Rodrigo Lidioni yutganining o‘ziyoq bu jangchi ham shartnomadan quruq qolmasligiga asosiy sabab bo‘ldi.
7. Raul Rosas Djunior (6-0)
Anchagina kamtarin rekordga ega jangchini nimasi 7-o‘ringa mos tushar deb o‘ylarsiz?! Uning yoshi 17 da. Ha, xayron qolish uchun etarlicha sabablar bor. Yana bittasi djiu-djitsudan oq belbog‘ga ega Rosas raqibi Mando Guterrezga uch raund davomida kurashda hech qanday imkoniyat bermasdan g‘alaba qozondi va roster tarixiga kelib qo‘shilgan tarixdagi eng yosh jangchiga aylandi.
6. Farid Bashorat (9-0)
Kelib chiqishi afg‘on bo‘lgan jangchi xuddi o‘tgan yili akasi Djavid amalga oshirgani kabi pragmatik va ochkoga mohirona ishlovchi taktika orqali promoushen tarikibiga kelib qo‘shildi. Turnirdagi jangida ham uning ajoyib arsenali oldida Allan Begosso ojiz qoldi. Ushbu jangda Bashorat finishdan boshqa deyarli hamma narsani amalga oshirdi va haqli tarzda Uaytning olqishiga sazovor bo‘ldi.
5. Daniel Markos (13-0)
Masalan, uch yillik tanaffusdan so‘ng MMA‘ga qaytish, qaytganda ham UFC‘ga o‘tish uchun imkoniyat taqdim qiluvchi jangga kirishish qay darajada uddalash qiyin bo‘lgan ish?! Qanchalik qiyin bo‘lmasin, Daniel Markos bu ishni Brendon Lyuisga qarshy kechgan 15 daqiqalik jangda uddalay oldi. Shu sababli perulik jangchi ro‘yxatimizning 5-pog‘onasiga joylashtirildi.
4. Ismael Bonfim (18-3)
Bonfimlar oilasi uchun DWCS turnirining bu mavsumdagi 7-haftaligi unutilmas bo‘ldi. Chunki Ismaeldan tashqari uning akasi Gabriel Bonfim ham Trey Uotersga qarshi jangda yana bitta noodatiy sabmishen bilan g‘alaba qozonib promoushen tarkibiga qo‘shildi. Ismael esa rus va MDH MMA muxlislari uchun yaxshigina tanish bo‘lgan ozarbayjonlik jangchi Nariman Abbasovga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va to‘liq ustunlik bilan g‘alaba qozondi. Ismael UFC‘ga kelishidan oldin ham anchagina tajribaga ega, xususan, u hozirda ligada javlon urayotgan Renato Moykanoniyam vaqtida mag‘lub qilishgan muvaffaq bo‘lgan.
3. Ikram Aliskerov (13-1)
Dog‘istonlik jangchining UFC‘ga o‘tishi aslida to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshishi tahmin qilingan bo‘lsada, u chaqiruvlardan qo‘rqmadi va o‘zini Mario Souzaga qarshi sinab ko‘rish variantiga labbay deya javob berdi va raqibini birinchi raunddagi sabmishen orqali ko‘rmasdan bosib o‘tib ketdi. Ikram faoliyatidagi bittagina mag‘lubiyatni Hamzat Chimaevdan qabul qilib olganini esga olsak bemalol o‘rta vaznga yana bitta "boshog‘riq" jangchi keldi deya olamiz.
2. Nurillo Aliev (7-0)
Rasmda ko‘rayotganingiz Habib Nurmagomedovning yoshligidagi emas, balki, tojikistonlik birinchi UFC jangchisi - Nurillo Alievdir. Uning Djosh Uikka qarshi jangi sanoqli soniyalarga qadar cho‘zildi va nokaut bilan yakunlandi. Albatta, 21 yoshli jangchining shunchalik g‘ala-g‘ovuri Dana Uaytni ham e’tiborsiz qoldirmadi. Nurilloning o‘zi esa tarixdagi eng yosh chempion bo‘lishga bel bog‘lagan.
1. Bo Nikal (3-0)
Shuncha intrigani ushlab kelganimizga yarasha, birinchi o‘ringa sobik erkin kurashchi va MMA‘da hozircha uchtagina g‘alabaga ega Bo Nikalni joylashtiramiz. Uning taqdiri anchagina qiziq. 1-0 rekordiga ega paytida Bo avgust oyida bo‘lib o‘tadigan Da’vogarlar Seriyasining 3-haftaligiga taklif qilindi va Zak Borregoni birinchi raunddayoq sabmishen bilan mag‘lub qildi. Ammo, g‘alabaga qaramasdan Dana Uayt bu g‘alaba tasodifiy ekanini, Nikalga shartnoma bermasligini. Kerak bo‘lsa yana bir bora turnirda o‘zini sinab ko‘rishi mumkinligini aytadi. Nikalning navbatdagi jangi ham o‘zini kuttirmadi. So‘nggi 10-haftalikda unga mahalliy Cage Fury promousheni chempioni Donovan Byord raqiblik qildi va stsenariy takrorlandi. Bo yana birinchi raundda masalani hal qildi. Endi Dana uning imkoniyatlariga to‘g‘ri baho berdi va, nafaqat, promoushenga qabul qildi, balki, Raul Rosas ikkalasini 22 yanvarda yangi versiyada taqdim etiladigan UFC 4 videoo‘yiniga kiritishini bildirdi. Nikal ham chaqiruvni kimsan Chimaevni o‘ziga tashlash bilan promoushenga kirib keldi.
Mahmudjon Jabborov tayyorladi
Fikrlar