Dembele "Barselona" rahbariyatidan nega xafa?
“Barselona” forvardi Usmon Dembele klub bilan amaldagi shartnomasini uzaytirishni xohlamayapti. Catalunya Radio nashri tarqatgan xabarga ko‘ra, frantsiyalik futbolchi uni o‘tgan yoz sotib yuborishni rejalashtirgani uchun jamoa rahbariyatidan qattiq xafa.
Kataloniyaliklar hozirda Dembele bilan shartnomani uzaytirishni maqsad qilgan. Agar Usmon yangi shartnomaga imzo chekmasa, “ko‘k-anor ranglilar” uni kelgusi yil tekinga qo‘yib yubormaslik uchun ham shu yoz sotib yuborishadi.
23 yoshli Dembele joriy mavsum “Barselona”da 39 ta o‘yinda maydonga tushdi. U ushbu uchrashuvlarda o‘z hisobiga 10 ta gol hamda 4 ta golli uzatma yozdirib qo‘yishga erishdi.
Transfermarkt portali Dembeleni 50 million evroga baholamoqda. Unga hozircha aniq xaridor jamoalar yo‘q.

Fikrlar