"Dinamo"dan iste’foga chiqarilgan Davron Fayziev Moskvada Yuriy Syomindan nimalarni o‘rgandi?

  • 13 dekabr, 2019, 21:01
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Ushbu mavsumda omadsizlik girdobiga tushib qolgan Davron Fayzievga «Dinamo» bilan chempionatni yakuniga etkazib qo‘yish nasib qilmadi. Xabaringiz bo‘lsa, birinchi davrada uning jamoasi deyarli sensatsiya ko‘rsata olgandi. Lekin ikkinchi davrada Fayziev boshchiligida o‘zi qatnashgan barcha o‘yinlarda yutqazishdi. Natijada unga chiqish eshiklarini ko‘rsatib qo‘yishgandi. Shundan beri ishsiz yurgan jizzaxlik murabbiy bo‘sh vaqtidan unumli foydalangan holda malakasini oshirish uchun O‘FA tomonidan tashkil etilgan «Pro» kurslarida faol ravishda qatnashmoqda.

Tecno

Fayziev, Qurbonov, Haydarov va Abdullaevning Moskvaga safari haqida

Yaqinda u bilan aloqaga chiqqanimizda Moskvaning «Lokomotiv» klubida malaka oshirayotgani haqida ma’lum qilgandi. O‘tgan haftada esa Fayziev Rossiyadan qaytib keldi va fursatdan foydalanib, safar taassurotlari bilan o‘rtoqlashishini so‘radik.  

- Xabaringiz bo‘lsa, biz «Pro» litsenziyasi uchun o‘qishni 2018 yilning oktyabr oyidan boshlagandik, - deya gap boshladi, Davron Fayziev. - O‘qish jarayonlarini esa bir nechta modullarga bo‘lib tashlashgandi. Ya’ni, hammasi bosqichma-bosqich bajarilmoqda. «Pro» uchun o‘qishni esa 10 ta modulga ajratib chiqishgandi. Shundan bitta moduli esa boshqa mamlakatga borib malaka oshirib qaytish edi. Shu bois o‘qiyotgan barcha murabbiylar murabbiylikdagi amaliyotini sayqallashtirish uchun xorijiy davlatlarga borib kelishlari lozim edi. Hamma har xil mamlakatlarga ketishdi. Kimdir, Rossiya, Ukraina yoki Turkiyaga yo‘l oldi. Men, Muxtor Qurbonov, Rustam Abdullaev va Bahrom Haydarov bilan birga Rossiyaning «Lokomotiv» klubida malaka oshirdik. Ulug‘bek Baqoevni esa Qozog‘istonning «Ostona» klubiga ketganidan xabarim bor. Shuningdek, «Pro» o‘qishlarida Hindiston, Tailand va Turkmanistondan kelib o‘qiyotgan murabbiylar esa qaerda malaka oshirishayotganidan bexabarman. Shu tariqa, o‘qish jarayoni oxiriga etib qoldi. Endi imtihon topshirish bosqichi qolyapti.

fayziev_1

«Lokomotiv»dagi amaliyot qanday o‘tdi?

Albatta, o‘zbek mutaxassislarining «Lokomotiv» klubida amaliyot o‘tab qaytishgani bu o‘zlari uchun foydalidir. Boz ustiga «Lokomotiv» Rossiyadagi taniqli klublardan biri hisoblanadi. Safar davomida esa Davron Fayziev va uning sheriklari klubdagi tizim va mashg‘ulot jarayonlari bilan yaqindan tanishishdi. Tajribali mutaxassislar bilan o‘zaro muloqotlar o‘tkazildi. Yaxshisi, qolganini Fayzievning o‘zidan eshitganingiz ma’qul.  

- Moskvaga borganimizdan keyin «Lokomotiv»ning bir haftalik mashg‘ulot jarayonlarida qatnashdik. Umuman aytganda, u erda 12 kun davomida bo‘ldik va aslida safarimizni «Lokomotiv»ning ikkita rasmiy bahsiga to‘g‘rilab borgandik. Bittasi Chempionlar ligasi doirasda Germaniyaning «Bayer» jamoasiga qarshi va yana bittasi derbi maqomidagi «Lokomotiv» - «Dinamo» o‘rtasidagi o‘yin edi. Albatta, bizning taassurotlarimiz yaxshi. O‘yin kunlari marketing, menejment, umuman hammaning ishlashi asosan klub uchun xizmat qiladi. Hattoki, ko‘cha tozalovchidan tortib, haydovchi-yu, oshpazgacha barchasi klubning manfaati uchun ishlashadi. O‘yin kungi muhitni shunchaki oddiy so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi. Tashkiliy tomondan amalga oshirilayotgan tadbirlar yuqori darajada. Chiptalar esa kassalarda sotilmaydi. Hammasi asosan internet orqali onlayn ravishda sotib bo‘linadi. Shuningdek, biz klubning akademiyasi bilan ham yaqindan tanishdik. Masalan, klubda bosh murabbiy almashgan taqdirda ham akademiya, futbol maktabi va klubdagi ishlash tizimi davom etaveradi. Murabbiy almashgani mutlaqo ta’sir qilmaydi. Aytmoqchimanki, u erda tizim yaratilgan va u ishlayapti. U erda murabbiy uchun ishlash oson. Murabbiylar uchun tanlov katta. «Lokomotiv»dagi malaka oshirish jarayonida klub prezidenti hamda akademiya direktori bilan ham uchrashdik. Infrastrukturasi bilan yaqindan tanishdik va o‘zimiz uchun kerakli jihatlarni o‘zlashtirdik. Klubdagi professionallik juda yuqori darajada. Masalan, u erda mashg‘ulotlarda kimgadir yugur, chop deb aytish shart emas. Hamma o‘z ishini bilib bajaraveradi. Misol uchun mashg‘ulotdan oldin murabbiy o‘zining ko‘rsatmalarini beradi va buni hamma o‘yinchi to‘liq bajaradi. Bizga o‘xshab nimaga yugurmayapsan, nimaga turibsan deb ortiqcha savollar yo‘q. «Paxtakor»da olib borilayotgan ishlarni esa «Lokomotiv»dagi darajaga yaqinroq desam bo‘ladi. Futbolchilar uchun barcha narsa muhayyo qilingan. Shu bois ham bu borada Shota Arveladzening klubda olib borayotgan siyosati ularnikiga o‘xshash.

fayziev2_1

Yuriy Syomin bilan uchrashuv to‘g‘risida

Shu bilan birga «Lokomotiv» klubini boshqarib kelayotgan tajribali mutaxassis Yuriy Syominni o‘zbek muxlislari yaxshi bilishadi. Tabiiyki, safar davomida bizning murabbiylarimiz Yuriy Pavlovich bilan ham uchrashishgan. Davron Fayziev esa bu borada alohida to‘xtalib o‘tdi.

- Albatta, klub bosh murabbiyi Yuriy Syomin bilan ham uchrashdik. Har bir mashg‘ulotdan keyin ular bilan suhbatlashdik. Ularda ham bizdagi kabi muammo bor. Masalan, bizda nima uchun o‘zbekistonlik legionerlar kam deb aytamiz-ku, Rossiyada ham chetda o‘ynayotgan legionerlari kam. Bu esa ular uchun muammo sanaladi. To‘g‘risi, ularga moliyaviy tomondan to‘lanayotgan ish haqqi mahalliy futbolchilarni qoniqtiryapti. Shuning evaziga Evropaning kuchli beshlik chempionatlariga intilishmayapti. Syomin esa shu haqida gapirar ekan, bizda ham xuddi sizlardagi kabi muammo bor deb aytib o‘tdi. Lekin Odil Ahmedov bilan Eldor Shomurodov haqida juda iliq fikrlarni bildirdi. Hattoki, Ahmedovni ham, Shomurodovni ham o‘z klubiga ololmaganidan afsuslangani sezildi. Demak, Syomin ham futbolchilarimizga jiddiy qiziqqan. U bizdan Odil Ahmedovni hozir ham «Shanxay SIPG» klubida o‘ynayaptimi deb so‘radi. Shuningdek, Yuriy Pavlovichning hozirgi kunda Shomurodovni Rossiya chempionatidagi eng yaxshi hujumchilaridan biri ekanligini aytganida bundan faxrlandik. Syomin futbolga qadam qo‘ygan paytlarida Tojikistonda ishlagani bois baribir oz-moz bo‘lsa-da, Osiyo futbolidan xabardor. Markaziy Osiyo mintaqasida ayniqsa, O‘zbekistonda har doim iqtidorli o‘yinchilar ko‘p bo‘lganini aytdi. Oldingi davrlarni esladi. Qosimov, Abduraimov, Shkvirin va yana boshqa ko‘plab sobiq futbolchilarimiz haqida ma’lumotlarga ega ekan. U Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmanistonga qaraganda O‘zbekiston bilan Tojikistonda iste’dodlar ko‘pligiga urg‘u qaratdi. Rashid Rahimov, Muhsin Muhammadiev va yana boshqa tojikistonliklarni ham yaxshi biladi. Moskvada har kunimiz qandaydir uchrashuvlar bilan o‘tdi va o‘zimiz uchun doim yangiliklarni oldik.

«Dinamo»dagi omadsizligi xususida

Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, Davron Fayziev uchun ushbu mavsum omadsiz o‘tdi. Bundan esa o‘zi uchun xulosalar chiqargan bo‘lishi ham tabiiy. Ayniqsa, sobiq klubi «Dinamo»ning Superligadan tushib ketganidan xafa bo‘lganini yashirib o‘tirmadi. Shunday ekan, Davron Orifovich klubda olib borgan ishlari va sobiq klubining pro-ligaga tushib ketgani borasida ham fikr bildirdi.  

- Murabbiylik faoliyatimga nazar soladigan bo‘lsam, men hali yaxshi, o‘rnini topgan jamoada ishlaganim yo‘q, - deya mavzuni davom ettirdi, murabbiy. - Bungacha asosan «So‘g‘diyona» va «Dinamo»da ishladim. Masalan, bu yil chempionat boshlanishiga bir hafta qolganida bizni Superligaga qo‘shishdi va bu holat bizga qanchalik og‘ir bo‘lishini oldindan bilardim. Bularning bari o‘zimiz uchun tajriba to‘plash maktabi bo‘ldi. Misol uchun biz Samarqandda yomon jamoani shakllantirmagandik. Faqat vaqt kerak edi. Oldin ham aytgandim, bir jamoani shakllantirishingiz uchun yillar kerak bo‘ladi. Jamoa bir necha oy yoki yarim yilda shakllanib qolmaydi. Bizda esa murabbiydan darrov natija talab qilishadi. Bitta men emas, boshqa murabbiylar ham aynan shu tomonlama qiynalishadi. Biror natijaga erishish uchun esa yillar zarur. «Dinamo» esa yomon o‘yin ko‘rsatmagandi. Qaerdadir omad kulib boqmadi, qaerdadir tajriba etishmadi. Bunday vaziyatda murabbiyga bog‘liq bo‘lmagan jihatlar ham mavjud. Chunki maydonda futbolchiga bo‘lgan talab bo‘ladi. Lekin shuni bemalol ayta olamanki, bu yil «Dinamo»dagi o‘yinchilar o‘sishga erishishgandi. Faqat shu jamoani saqlab qolib tayyorlanish kerak. Albatta, «Dinamo»ning Superligadan tushib  ketganidan xafa bo‘ldim. Baribir natija uchun murabbiy javobgar bo‘ladi. Men ishlagan paytda esa tajribaliroq futbolchi olib berishmadi, kuchayish uchun sharoit yo‘q edi yoki boshqa sabablarni aytishim mumkin. Lekin endi bunday narsalarni aytishning hojati yo‘q. Vaholanki, biz birinchi davrada qanday ishtirok etganimizni eslang. 5- va 6-o‘rinlarda yurdik. O‘shanda hech kim «Dinamo»ni pro-ligaga tushib ketishi haqida o‘ylamagandi. Yuqorida aytganimdek, ikkinchi davraga kelib jamoamizdan omad yuz o‘girdi. Qolaversa, birinchi davradan keyin baribir tarkibda selektsiya ishlarini qilishimiz kerak edi. Ammo bizda o‘shanda bunday imkoniyat yo‘q edi. «Dinamo»dagi ko‘plab o‘yinchilar ilk bor elitada o‘ynashayotgani bois baribir ularga tajriba etishmadi. Bu esa yakunda o‘z so‘zini aytdi. Shunga qaramasdan «Dinamo»da oxirigacha imkoniyat saqlanib turdi.

fayziev1

Fayziev murabbiylik ishiga qachon qaytadi?

Xo‘sh, Fayziev yana murabbiylikka qaytadimi? Har holda bu uning ishi va ko‘p ham bekor qolmasa kerak. Qolaversa, Moskvada amaliyot o‘tab qaytgani ham bejiz bo‘lmasa kerak. Shuni inobatga olganda Davron Orifovichdan yangi takliflar xususida so‘radik.

- Murabbiylikka qaytish niyatim bor. Taklif haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, men doimo har qanday chorlovga ochiq insonman. Hozircha yordamchi murabbiy bo‘lib ishlashga taklif qilishyapti. Superliganing barcha klublarida esa o‘zining bosh murabbiylari bor. Qolganini vaqt ko‘rsatadi. Yangi yilgacha o‘ylashga vaqt bor. Lekin ayni paytda oila-a’zolarim bilan ovoraman va ish haqida o‘ylayotganim yo‘q.

«Mavsum-2019» haqida qanday fikrda?

Shuningdek, yakuniga etgan O‘zbekiston chempionati borasida har kim turlicha fikr va mulohazalar bildirmoqdalar. «Paxtakor»ning yaqqol etakchiligi ostida o‘tgan mavsum borasida Davron Fayziev shunday dedi:

- Joriy mavsum yomon o‘tgani yo‘q. O‘yinlardagi shiddat ham baribir sezilib turdi. Ko‘rdingiz, tepada ham, pastda ham o‘ziga yarasha kurashlar kechdi. Faqat birgina jihat shunda bo‘ldiki, «Paxtakor»ning hammadan yaqqol kuchli ekanligi ko‘rinib qoldi va bu amalda ham o‘z isbotini topdi. Boshida Arveladzeni tanqid qilishgandi. Balki o‘shanda u boshlagan ishni ko‘pchilik tushunmagandir. Unga ham to‘liq jamoa sifatida shakllantirish uchun kamida ikki yil kerak bo‘ldi. Mana, uchinchi mavsumiga kelib natija qila oldi. Buni esa futbolni yaxshi bilgan va ishlarni tahlil qila olgan odamgina tushunadi. «Dinamo» esa har bir jamoa bilan oxirigacha kurashganini ham ayta olaman. Shuningdek, «So‘g‘diyona» oxirgi turgacha «Bunyodkor» bilan uchinchi o‘rin uchun jiddiy ravishda kurash olib bordi. Afsuski, oxirgi turlarni ko‘ra olmadik. Bu vaqt davomida biz Moskvada amaliyotda edik.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!