Dzyudochilarimizning katta ustozi tavallud kunini nishonlamoqda
O‘zbekistonning eng mashhur dzyudo ustalariga ushbu olimpiya sport turining sir-asrorlarini puxta o‘rgatgan mashhur murabbiy Rustam To‘raev ayni paytda tavallud ayyomini nishonlamoqda.
Olot dzyudo maktabi asoschisi, deb tan olingan Rustam aka faoliyati davomida ko‘plab shogirdlarni tarbiyaladi. Rustam To‘raevning "qo‘lidan o‘tgan" dzyudo ustalari sportchi sifatida mahoratli bo‘libgina qolmay, yuksak ma’naviyatli, tarbiyali va kamtarin polvonlar bo‘lib etishdi.
Rustam To‘raevning o‘g‘li va shogirdi Farhod To‘raev mustaqil O‘zbekiston dzyudosi tarixidan joy oldi. 1999 yili Angliyaning Birmengem shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida ikkinchi o‘rinni egallagan bu sportchimiz jahon chempionatida shohsupaga ko‘tarilgan birinchi dzyudochidir.
Rustam To‘raevning eng mashhur shogirdi Rishod Sobirov hisoblanadi. Bu polvonimiz dzyudo bo‘yicha ikki karra jahon chempioni, Olimpiya o‘yinlarida uch marotaba bronza medal sovrindori bo‘lgan.
Shuningdek, Rustam aka tarbiyalagan chempionlar orasida Kamol Murodov va Ramziddin Saidov ham dzyudochi, ham kurashchi sifatida yuksak yutuqlarni qo‘lga kiritgan.
Rustam To‘raevning mashaqqatli mehnatlari O‘zbekiston hukumati tomonidan yuqori baholangan. Bu mutaxassis O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan murabbiy unvoni va "El-yurt hurmati" ordeni bilan taqdirlangan.
Rustam To‘raev hozir ham Buxoro viloyati Olot tumanidagi dzyudoga ixtisoslashgan olimpiya zaxiralari maktab-internatini muvaffaqiyatli boshqarib, O‘zbekiston terma jamoalari uchun yuqori saviyali dzyudochilarni etishtirib bermoqda.
SPORTS.uz portali sport muxlislari nomidan Rustam To‘raevga mustahkam sihat-salomatlik, mashaqqatli ishida muvaffaqiyat tilaydi.

Fikrlar