Endi bitta Shomurodov etishmayapti!
Rossiya Premer-ligasining yangi mavsumi boshlandi. Bu yildan e’tiboran, Moskvaning “Dinamo” klubini ham chempionlik va mamlakat kubogi uchun kurashadigan klublar ro‘yxatiga qo‘shishmoqda.
Gap shundaki, “dinamochilar”ni Rossiya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Valeriy Karpin qabul qilib oldi.
“Dinamo” klubi kuni kecha Istanbulning “Beshiktosh” klubidan Qozog‘iston milliy terma jamoasi etakchisi Baxtiyor Zaynutdinovni transfer qildi. Moskvaliklar Turkiya Superligasida ikki yil o‘ynagan futbolchini 2,8 million evroga xarid qildi.
Rossiyalik jurnalist Dmitriy Egorov Zaynutdinov transferidan keyin Valeriy Karpin yangi jamoasiga o‘zi yaxshi bilgan va ilgari o‘zining qo‘l ostida to‘p tepgan o‘yinchilarni jamlayotganiga alohida e’tibor qaratdi.
Baxtiyor Zaynutdinovdan tashqari, ilgari “Rostov”da Karpinning shogirdi bo‘lgan rossiyalik o‘yinchilar – Dmitriy Skopintsev, Danil Glebov va Maksim Osipenko ham ayni paytda “Dinamo” klubi a’zolari hisoblanadi.
Dmitriy Egorov rostovliklarning eski tarkibi “Dinamo”da jam bo‘lishi uchun yaqinda “Roma”dan Turkiyaning “Istanbul Bashakshehir” klubiga ko‘chib o‘tgan o‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodov etishmayotganini hazil bilan tilga oldi.
- Zaynutdinov ham “Dinamo”ga keldi. Bundan kelib, Valeriy Karpin qo‘l ostida turli yillarda “Rostov”da o‘ynagan Zaynutdinov, Skopintsev, Glebov va Osipenko jamlandi. Endi tarkib to‘liq bo‘lish uchun Eldor Shomurodovni olish qoldi xolos, - deb yozdi rossiyalik jurnalist telegrammdagi sahifasida.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda “Mash’al” va “Bunyodkor” jamoalarida to‘p tepgan Eldor Shomurodov xorijdagi faoliyatini Rossiya Premer-ligasida boshlagan. Mahoratli forvard 2017-2020 yillar davomida “Rostov” klubida Valeriy Karpin bosh murabbiyligida o‘ynadi.
O‘z davrida Ispaniya chempionatida porlagan Karpin Evropa futbolini yaxshi bilan mutaxassis sifatida Eldor Shomurodovning yangi qirralarini ochdi. 2020 yilning oktyabrida bu murabbiy jamoa etakchisi va to‘purari hisoblangan o‘zbek futbolchisini “Jenoa”ga qo‘yib yuborishga qarshilik qilmadi.
Eldor Shomurodov qariyb besh yil davomida “top-5” ligalari qatoriga kiruvchi Italiya A Seriyasida “Jenoa”, “Spetsiya”, “Kalyari” va “Roma” kabi klublar sharafini himoya qildi. Eldor kuchli beshlik chempionatlarida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan va gol urgan birinchi o‘zbek futbolchisi sifatida o‘z nomini tarixga yozdirib qo‘ydi.
30 yoshli forvardimiz yangi mavsumdan faoliyatini Evropada o‘z o‘rniga ega bo‘lib borayotgan Turkiya Superligasida “Istanbul Bashakshehir” klubida davom ettiradi.
Fikrlar