
Endi bu jamoani Fayzullaevsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi!
Abbosbek Fayzullaev uchun legioner sifatidagi ilk mavsum muvaffaqiyatli o‘tdi. O‘tgan yilning avgustida “Paxtakor”dan TsSKAga transfer qilingan 20 yoshli futbolchimiz qisqa fursatda “armiyachilar”ning etakchi o‘yinchiga aylandi.
Rossiya Premer-ligasi yakunlanib, futbol ekspertlari, murabbiylar, mutaxassislar mavsum qahramonlari haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirmoqda.
Sports.uz portali rossiyalik ekspertlarning Abbosbek Fayzullaev haqidagi fikrlarini o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola qilishda davom etadi.
Maksim Demenko, sobiq futbolchi:
“Dinamo” chempion bo‘la olmaganiga qaramay, Martsel Lichkani Rossiya Premer-ligasida mavsumning eng yaxshi murabbiyi, deb hisoblayman. Men uchun mavsum kashfiyoti Konstantik Tyukavin bo‘ldi.
Eng yaxshi yosh futbolchi sifatida Abbosbek Fayzullaevni tan olaman. TsSKA juda zo‘r transferni amalga oshirdi va bu o‘yinchi yosh bo‘lishiga qaramay, o‘zini jamoa etakchisi sifatida ko‘rsatmoqda.
Endi bundan buyog‘iga TsSKAni Abbosbek Fayzullaevsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. U jamoa o‘yinini boshqaryapti, o‘yindan o‘yinga o‘sayotgani ko‘rinib turibdi.
Aleksandr Tarxanov, futbol mutaxassisi:
Rossiya Premer-ligasining ayni paytda eng yaxshi murabbiyi Martsel Lichka. Uning murabbiylik g‘oyalari shundoq ko‘rinib turibdi. “Dinamo”ni yozda qabul qilib olib, birinchi mavsumdayoq chempionlik da’vogariga aylantirdi.
Eng yaxshi o‘yinchi Konstantin Tyukavin. Yana bir necha mahoratli va iqtidorli futbolchilar o‘zini ko‘rsata oldi. Ularning orasida eng sifatli yosh o‘yinchi Abbosbek Fayzullaev bo‘ldi.
Ta’kidlash lozimki, Abbosbek Fayzullaev TsSKA futbolchisi sifatida barcha turnirlarda 31 ta o‘yinda qatnashib, beshta gol va 13 ta assist muallifi bo‘ldi. Uning transfer summasi 5 million evroni tashkil qilmoqda.
Fikrlar