
Etar endi, "Yunayted" yoxud "qizil iblislar" manziliga etib keldimi?!
"Manchester Yunayted" klubi APL yangi mavsumini boshlab oldi. Jamoa o‘tkazilgan ikki o‘yinda dastlab "Brayton", so‘ngra "Brentford"ga 3 ochko ulashdi. Bu bahslarda "qizil iblislar" 6 ta gol o‘tkazib, atigi bitta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. O‘sha bitta gol ham "Brayton" vakili Aleks Makkalister hisobiga qayd etildi. Ya’ni u o‘z darvozasini ishg‘ol qilib qo‘ydi.
Qizig‘i, MYu navbatdagi o‘yinini "Liverpul"ga qarshi o‘tkazadi. Birinchi turda Chempionshipdan qaytgan "Fulxem" bilan durang o‘ynagan "qizillar" azaliy raqibiga qarshi bor kuchini ishga solishi tabiiy. Agar shunday holat davom etaversa, ten Xag shogirdlari katta ehtimol bilan 3-turda ham sharmandali mag‘lubiyatini qabul qilib oladi.
Xo‘sh, nega "Manchester Yunayted"da vaziyat yaxshilanishi o‘rniga aksiga qarab ketmoqda? Klubda nima noto‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan bo‘lishi mumkin? Rahbariyatning o‘zgaradigan vaqti keldimi? Shu va boshqa ko‘plab qiziqarli savollarga quyida javob topishga harakat qilamiz. (Maqola shaxsiy fikrlar asosida yozildi)
Yangi murabbiy va yangicha qarashlar
Mavsum avvalida Manchester grandi bosh murabbiy sifatida "Ayaks" ustozi Erik ten Xag nomini e’lon qildi. Ko‘pchilik niderland klubi bir necha yil oldin chempionlar ligasida ajoyib natija qayd etganini inobatga olib, endi hammasi yaxshi bo‘ladi, deb hisobladi. Vaholanki, hammasi bu qadar oson bo‘lmasligi aniq edi.
Bunga bir necha sabablar bor. Birinchidan, ten Xag "Ayaks"da o‘z uslubiga ega jamoada ishlagan. Uning o‘z qarashlari, fikrlari mavjud va bu nazariyalar "Manchester Yunayted"nikidan farq qiladi. Masalan, Erik ko‘proq pressingga urg‘u beradi. "Yunayted"da esa bu avvaldan yaxshi shakllanmagan uslub. Klub ko‘proq to‘p nazorati va raqibni o‘z maydonida kutib olishi bilan mashhur bo‘lgan. Raqib maydonida ko‘pchilik bo‘lib bosim o‘tkazish MYuga xos jarayon emas. Buni Fergyuson ham, Mourino ham va hatto Sulsher ham yaxshi anglab etgan.
Mankunianliklar klassik 4-3-3 sxemasida doim xavfli bo‘lib kelgan. Ammo ten Xag "qurayotgan" futbol umuman boshqacha. U "Ayaks"da ham markazdan paslar orqali hujum qilishni ustuvor deb bilgan va niderland futbolining nomdor jamoasiga to‘la mos tushgan. Natijalar ham shu kabi bo‘lgani bejizga emas.
Hozir Erik Manchesterning qizil tomonida 4-1-4-1 yoki 4-1-2-3 taktikasidan foydalanishni ma’qul ko‘rmoqda. Bu markazning kuchli bo‘lishini talab qiladi. Paslarning ko‘p bo‘lishi va pressingda faol bo‘lish ham asosiy jihat sanaladi. Tarkibdagi futbolchilar esa bu usulga deyarli umuman mos kelmaydi (MYu muxlislari xafa bo‘lmasin). Fred, Maktominey, Eriksen va Fernandesh uzatma va bosim o‘tkazishda yuqori darajadagi futbolchilar hisoblanmaydi. Ular umumiy chizmalarda ko‘rinmay, yaxshi harakat qiladigan iste’dod sohiblari. Biroq alohida topshiriqlarni bajara oladigan darajaga etib kelgani yo‘q hali, bizningcha. Hatto Fernandesh ham erkin to‘p tepadigan pleymeyker. Unga vazifalar yuklanishi Brunoning o‘yiniga salbiy ta’sir ko‘rsatishiga bir necha bor guvoh bo‘lganmiz. Eriksenda ham shunga o‘xshash vaziyat.
Hujumdagilar tezkor va chaqqon bo‘lish, raqibga doimiy bosim o‘tkazish va hududni yopish kabi xislatlarga ega bo‘lishi lozim. Afsuski, biz Reshford, Sancho va Elanga kabi yoshlarda doim ham bu holatlarni kuzatavermaymiz.
Rahbariyatga bo‘lgan ishonchsizlik
"Manchester Yunayted"ga Gleyzerlar oilasi rahbarlik qilishini ko‘pchilik bilsa kerak. Ushbu oila jamoaning 90 foiz aktsiyasiga egalik qiladi. Hozirda Gleyzerlarga nisbatan mahalliy muxlislar doimiy qarshilik ko‘rsatib keladi. Ular oila klub uchun asosiy e’tibor markazi emas, balki biznesining bir bo‘lagi, deb hisoblaydi. Transferlar bozoridagi passivlik, o‘xshamagan xaridlar va shu kabi muammolar muxlislarning noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
Jumladan, Sanchoning katta pulga olib kelinishi va uning o‘ynay olmayotgani, Pogbani 105 millionga sotib olib, keyin frantsuzni tekinga qo‘yib yuborilgani kabi holatlar rostan ham tushunarsiz qarordek ko‘rinadi. Bu mavsumda Arnautovich, Morata va Raboga bo‘lgan qiziqish ham tomoshabinlarga g‘alati bo‘lib tuyulmoqda.
Rahbariyat katta transferlarga qo‘l urmayotgani ayni haqiqat. Sancho o‘z vaqtida jahonning eng umidli futbolchilaridan bo‘lgan. Uning uchun sarflangan 85 million hozircha yarmi bo‘lsa-da, to‘liq oqlangani yo‘q. Bir tomondan, nomdor yulduzlar "Old Trafford" egalari bilan shartnoma imzolashni ma’qul ko‘rmayapti. Ular muammolar girdobida yurgan klub safiga borib qo‘shilishni istamayapti.
Vaqtida amalga oshirilmagan katta transferlar sabab endi jamoa qiyin ahvolga tushib qolmoqda. Gleyzerlar bu vaziyatni oldini olish uchun sport direktori Ed Vudvordni iste’foga chiqardi. Afsuski, uning o‘rniga kelgan Jon Merto ham deyarli ko‘zga ko‘rinadigan ish qilgani yo‘q. Eriksen, Martines va Malasiya umuman klub darajasiga to‘g‘ri kelmaydi, deb hisoblamoqda jamoaning ashaddiy muxlislari. Ular yaxshi futbolchilar yaxshi natijalar olib kelishiga ishonadi. Biroq hozir tarkibda uzog‘i bilan 2-3 ta talabga javob bera oladigan o‘yinchi bor, xolos.
Muammoga echim topamiz
"Yunayted"da vaziyat siz va biz o‘ylaganimizdan og‘irroq bo‘lib chiqishi mumkin. Chunki jamoa tezda bu holatdan chiqib ketish yo‘lini topmasa, darajasi bilan birga ko‘pgina pullarni yo‘qotishi mumkin. Unda bu muammolarga qanday echim topish mumkin? Quyida shu haqda gaplashamiz.
1. Pulni to‘g‘ri sarflash.
Ha, "qizil iblislar hozir puldan tiyilib turadigan davrda emas hozir. Rahbariyat marketing, reklama kabi narsalarni yaxshi yo‘lga qo‘ygan. Bunga shak-shubha bo‘lishi mumkin emas. Ammo futbol sohasida bunday deb bo‘lmaydi. Masalan, mankunianliklar maosh borasida APLning eng oldi jamoasi. Ular yiliga 169 million funt sterlingni shu maoshlar uchun ishlatadi. Taqqoslash uchun, 2-o‘rindagi yulduzli "Manchester Siti"da bu raqamlar 130 millionni tashkil etadi. Hayratlanarli, shunday emasmi?
Qizig‘i, klubda 10 million funtdan ko‘p maosh oladigan oz emas, ko‘p emas naq 7 futbolchi bor. Bunaqa emas-da endi, janoblar. Pulni tejab ishlatish kerak, degan gapni bularga eslatib turadigan kimdir bo‘lishi kerak, menimcha. Maoshlar borasidagi siyosat transferlar uchun ham qo‘llanilganda hozir MYu avvalgi darajasidan bu qadar uzoqlashib ketmagan bo‘lardi.
2. Munosib murabbiy topish.
Ten Xag qanchalik kuchli mutaxassis bo‘lmasin, uning uslubi Manchester klubiga to‘g‘ri kelmaydi. Buni yuqorida qisqacha tushuntirishga harakat qildik. MYu bunaqa aktiv futbol ko‘rsatishga moslashmagan. Jamoa ko‘proq tezkor qarshi hujum, vaziyatlardan maksimal foydalanish va o‘yinni nazorat qilish evaziga ustunligini namoyish eta oladi. Ya’ni "qizil iblislar" "har sohadan bir shingil" degan naqlga amal qilib futbol o‘ynaydi. Bu "Real" Madriddagi uslubga ham o‘xshab ketadi. Vaqtida hujumkor, vaqtida maydon markazida to‘pni nazorat qilib turish va yana ba’zida himoyaviy harakat qilish.
Erikda bunday odat yo‘q. U "xameleonlik" bo‘yicha mutaxassis emas. Niderland bir usul bilan raqiblarni dodini berishga odatlangan "kouch". Bizdagi variantlarga ko‘ra, "Manchester Yunayted" uchun Zinedin Zidan va Maurisio Pochettino singari murabbiylar klubga mos keladi. Ular qiyin vaziyatga moslashishni juda yaxshi biladi va bir xil o‘yin ko‘rsatishdan uzoq bo‘lgan murabbiylar sirasiga kiradi, bizningcha.
Aslida, faqat shu ikki narsagina muammo echim bo‘la olmaydi. Buni biz juda yaxshi bilamiz. Ammo hozircha shu jihatlar eng muhimi sanaladi. "Yunayted" mutaxassislar uchun ham, muxlislar uchun ham doim grand klub sifatida namoyon bo‘ladi. Jamoaning qoniqarsiz natijalari va APLda so‘nggi pog‘onalarda yurishi nafaqat jamoa ishqibozlari uchun, balki neftral futbol jamoatchiligi uchun ham achinarli holat. Biz ham kuzatuvchi sifatida "qizil iblislar"ning yana avvalgi darajasiga qaytishini istab qolamiz. Zero, raqobat bor joyda o‘sish bo‘ladi. Kuchlilar ko‘paygan sari futbol yanada go‘zallashadi. Biz aynan shundan manfaatdormiz.
Shohrux Zoirov maqolasi.
Fikrlar