
Fayzullaev Evropa top-ligalariga Turkiya orqali boradi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va TsSKA klubi hujumkor futbolchisi Abbosbek Fayzullaevning Turkiya Superligasida ishtirok etayotgan “Istanbul Bashakshehir”ga ko‘chib o‘tishi mumkinligi haqida ma’lumot tarqatilyapti.
Futbol ekspertlari 21 yoshli o‘yinchi atrofida bo‘layotgan voqealarga o‘z fikr-mulohazalarini bildiryapti.
Sports.uz portali mutaxassislarning Abbosbek Fayzullaev transferi bo‘yicha munosabatlarini o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola qiladi.
Alisher Nikimbaev, futbol mutaxassisi:
Ilgari men bu transferni ortga tashlangan qadam, degan bo‘lardim. Lekin hozir uni oldinga intilish, deb baholasam bo‘ladi. “Istanbul Bashakshehir” Abbos uchun Evropaga tramplin bo‘lishi mumkin.
Sanktsiyalarni inobatga olganda, TsSKAda o‘yinchi sotish bo‘yicha muammolar bor. Abbosning Istanbul klubiga transferi bu to‘siqlarni aylanib o‘tish uchun amalga oshirilishi mumkin. Buning uchun eng avval o‘yinchini Rossiyadan olib chiqish, keyin Turkiya orqali uni Evropaga yuborish lozim.
Vyacheslav Chanov, TsSKA sobiq darvozaboni:
Fayzullaevning ketayotgani yomon bo‘ldi. Bu o‘yinchi O‘zbekistondan kelganida uni hech kim tanimas edi. Bu transfer ustidan kulganlar ham ko‘p bo‘ldi. Abbosbek keldiyu, maydonda o‘z ijodkorligini namoyish qila boshladi.
Men Fayzullaevning TsSKAda qolishini istayman. Abbos klub muxlislariga qadrdon bo‘lib qolgandi.
Anzor Gargaev, Turkiya bozorida ishlagan sobiq futbol agenti.
- Abbosbek Fayzullaev o‘zining o‘yin uslubi bilan “Bashakshehir”ga mos tushadigan futbolchi. Bu juda yaxshi va badavlat klub. Bu klubni shaxsan Rajap Tayip Erdog‘an qo‘llab-quvvatlaydi.
21 yoshli Abbosbek Fayzullaev “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. TsSKA klubi hujumkor futbolchimizni 2023 yilning avgustida o‘z safiga qo‘shib olgan. “Paxtakor” bu transferdan 500 ming evro olgani qayd etilgan.
Abbosbek Fayzullaev legioner sifatidagi dastlabki mavsumidayoq o‘zini ko‘rsata oldi va Rossiya Premer-ligasining asosiy kashfiyoti sifatida e’tirof etildi. Bundan tashqari, Fayzullaev Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchisi nominatsiyasida ham g‘olib chiqdi.
Bu yil legionerimiz Rossiya futbolidagi dastlabki sovrinlarini qo‘lga kiritdi. Abbos TsSKA safida mamlakat chempionatining bronza medaliga ega chiqdi, kubok va Superkubok sohibiga aylandi.
Fayzullaev “armiyachilar” safiga ko‘chib o‘tganidan beri barcha turnirlarda 72 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 8 ta gol va 22 ta assist rasmiylashtirdi.
Fikrlar