Fayzullaev borasida xavotirga o‘rin yo‘q!
Rossiya Premer-ligasi klublari masumning ikkinchi qismiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Aksariyat jamoalar qishki tanaffusdan foydalanib, issiq o‘lkalarda xorijiy o‘quv-mashg‘ulotlar yig‘inlariga kirishgan.
Abbosbek Fayzullaevning jamoasi – TsSKA ham Birlashgan Arab Amirliklari hamda Turkiyada ketma-ket uchta yig‘in o‘tkazadi.
Mashg‘ulotlarda asosiy tarkibning ikki vakili – o‘z mamlakatlari terma jamoalariga jo‘nab ketgan Abbosbek Fayzullaev va braziliyalik legioner Kellven ishtirok etmaydi.
Ko‘pchilik muxlisu mutaxassislarning jamoaning etakchisi Abbosbek Fayzullaevning TsSKA futbolchilari bilan tayyorgarlik bosqichini o‘tamasligi uning o‘yinlariga qanday ta’sir qilishi o‘ylantirib qo‘ygan.
TsSKA bosh shifokori Eduard Bezuglov bu masalaga oydinlik kiritdi.
- Hujumkor futbolchi Abbosbek Fayzullaev va himoyachi Kelvenning o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida jamoa bilan birga emasligi ularning tayyorgarligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi.
Hozir Evropaning ko‘plab mamlakatlari, xususan Angliya va Ispaniyada bo‘lgani kabi Rossiyada ham nufuzli xalqaro musobaqalarda qatnashayotgan o‘z o‘yinchilarini vaqtinchalik yo‘qotish holati bor.
Barcha kuchli jamoalarning taqdiri shunday o‘zi.
Terma jamoalardagi murabbiylar shtabi vakillarining malakasi va futbolchilarning tajribasi xotirjamligimga asos bo‘ladi. Ular jamoaga qaytganda ham yuqori sport formasida bo‘ladi. Qolaversa, milliy terma jamoadagi o‘yinlari orqali oladigan hissiyotlari ham ijobiy bo‘lishiga umid qilib qolamiz, - dedi Eduard Bezuglov.
Abbosbek Fayzullaevning birinchi murabbiyi Dmitriy An ham shogirdining O‘zbekiston milliy terma jamoasidagi faoliyati Rossiya Premer-ligasining ikkinchi qismiga puxta tayyorgarlik ko‘rishiga to‘sqinlik qilmasligini ta’kidladi.
- Mamlakatning bosh terma jamoasi sharafini himoya qilish har qanday futbolchiga doimo faxr-iftixor bag‘ishlaydi. Bu futbolchi oldidagi eng asosiy vazifa.
Osiyo kubogida qatnashish Abbosbekka xalaqit qilmaydi. Qolaversa, TsSKAning jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiylari juda zo‘r. Fayzullaev formasi pasaygan taqdirda ham ular futbolchini tezda yaxshi holatga keltira oladi.
Men Abbos bahorda, ya’ni Rossiya Premer-ligasi taklanganidan keyin ham yaxshi o‘yin namoyish qiladi, deb o‘ylayman, - dedi Dmitriy An.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Premer-ligasida qishki tanaffus bahorgacha davom etadi. Navbatdagi tur uchrashuvlari 1 mart kuniga belgilangan.
Abbosbek Fayzullaev o‘tgan yili avgust oyida TsSKAga ko‘chib o‘tganidan buyon chempionat va kubok doirasida jami 18 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga ikkita gol va to‘qqizta assist rasmiylashtirdi.
Fikrlar