
Gana MTJning O‘zbekistonga ikkinchi tarkib bilan kelishiga sabab nima? Raqib murabbiyi javob berdi
Xabaringiz bor, 26 mart kuni O‘zbekiston va Gana terma jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkaziladi. Namangandagi "Markaziy" stadionida bo‘lib o‘tadigan o‘yin 18:00 da start oladi.
Bugun ushbu bahs oldidan matbuot anjumani tashkil etildi. Uning birinchi qismida Gana MTJ bosh murabbiyi Ibrahim Tanko ishtirok etdi.
-Gana MTJning O‘zbekistonga ikkinchi tarkib bilan kelishiga sabab nima?
"Biz O‘zbekiston terma jamoasining yaqin orada o‘tkazgan o‘yinlarini kuzatdik. Aynan Iordaniya 2:0 hisobida mag‘lub etilgan uchrashuvni sinchiklab o‘rgandik. Ushbu bahsda O‘zbekiston juda yaxshi harakat qilgan ekan. Biz sizlar namoyish etayotgan futbol sifatini yaxshi bilamiz. Faqatgina, bizda Afrika Millatlar kubogi doirasida rasmiy o‘yin borligi tufayli tarkibni ikkiga bo‘lishga majbur bo‘ldik va ulardan birini O‘zbekistonga olib keldik".
-Bu sizning Osiyo yashil maydonlarida o‘tkazagan ilk o‘yiningizmi?
"Yo‘q, biz Misrda bo‘lib o‘tgan Afrika Millatlar kubogida ishtirok etishdan oldin Yaponiya terma jamoasiga qarshi nazorat uchrashuvida maydonga tushganmiz. Tokio shahrida o‘tkazilgan ushbu o‘yin aksariyat futbolchilarimiz uchun qit’angizga ilk safar bo‘lgandi. Shuningdek, men o‘zim bir necha yillar mobaynida "Urava Reds" jamoasida yordamchi murabbiy bo‘lib ishlaganman. Shuning uchun, Osiyo shaxsan men uchun begona emas".
-O‘zbekiston terma jamoasi tarkibidan kimlarni alohida e’tirof eta olasiz?
"O‘zbekiston terma jamoasida iste’dodli futbolchilar etarlicha. Shunday bo‘lsada, ular orasidan Temurxo‘ja Abduxoliqov, Odil Hamrobekov va yana bir necha ajoyib o‘yin namoyish etadigan futbolchilarni e’tirof etgan bo‘lardim".
Fikrlar