Golga assistentlik qilishi, jamoasining peshqadamga aylangani va Toshkentdagi yoqimli g‘alaba xususida "Andijon" darvozaboni bilan suhbat
Turnir jadvalida peshqadamga aylanib olgan “Andijon” jamoasi hozirda trendga chiqib boryapti. Uning ishtirokidagi har bir uchrashuv o‘zgacha xissiyotlar va sarguzshatlarga boy tarzda o‘tyapti.
Superliganing 5-turidagi Toshkentda “Lokomotiv”ga qarshi kechgan bellashuvi ham bundan mustasno emas. “Burgutlar” bu safar “temiryo‘lchilar”ni relsdan chiqarib yubordilar.
Bunda “Andijon” darvozaboni Igor Litovkaning ham xizmatlarini alohida aytsak arziydi. U nafaqat jamoasini gollardan qutqardi, balki ikkinchi golga uning o‘zi assistentlik qilganiga nima deysiz?! Bunday sabablar albatta Litovkadan intervyu olishga undaydi.
- Igor, “Lokomotiv”ga qarshi o‘yin haqida bizga nimalarni ayta olasiz?
- Taassurotlarim juda yoqimli. Safarda yaxshi raqib bilan o‘yinda g‘alaba qozondik. Endi yaxshi kayfiyatda Kubok o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘ramiz. Emotsiyaga boy bo‘ldi, bu o‘yin. Butun Andijon xalqiga va bizni tribunada qo‘llab-quvvatlab turgan muxlislarimizga juda katta sovg‘a tayyorladik.

- Siz ikkinchi golga assistentlik qildingiz. Buni kutganmidingiz?
- Men uni oxirgi ikki himoyachi bilan yolg‘iz turganligini ko‘rdim va unga uzatma berishga qaror qildim va xavfli vaziyat sodir etdim. Natijani o‘zingiz ko‘rdingiz.
- Bu sizning faoliyatingizdagi dastlabki assistentlik qilishingizmi yoki oldin ham shunday bo‘lganmi?
- Bungacha ham bir necha bor hujumchilarga bunday uzatmalar bergan edim. Bunisi ancha omadli chiqdi. Shaxromning mahoratinini ham aytib o‘tish kerak. Bu mening faoliyatimdagi birinchi bor golga assistentlik qilishim.

- Uchrashuv davomida bir necha bor jamoangizni gollardan saqlab qoldingiz va ishonchli o‘yin namoyish qildingiz. Buning asosiy sababi nima bilan bog‘liq?
- Ha, bir necha bor muqarrar gollardan qutqatib qoldim. Bu juda yoqimli. Jamoaga foydam tegayotganidan xursandman. Yaxshi natijalar qayd etmoqdamiz, birgalikda. Qaerdadir himoyachilar qutqarmoqda, ba’zida men himoyachilarni qutqarmoqdaman. Bir qancha vaziyatlarni mashg‘ulotlarda ishlamoqdamiz. Uzun paslar orqali vaziyatlar yaratishni, murabbiy ko‘rsatmalarini yaxshi o‘zlashtirmoqdamiz.
- “Andijon” turnir jadvalida 1-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Buni ko‘rganingizda nimalarni his qilyapsiz?
- Ha, birinchi navbatda yoqimli. Birinchi, ikkinchi turlarda buni tasodif deb o‘ylashgan edi. Mana, besh tur o‘tdi, har bir o‘yin qizirqarli kechmoqda. Shunday g‘olibona yurishda davom etamiz. Bu oy Kubok o‘yinlari sababli chempionatdagi tanaffusni birinchi o‘rinda yakunlamoqdamiz. Bu nafaqat futbolchilar uchun balki barcha bizni qo‘llab kelayotgan andijonlik muxlislarimiz uchun ham juda yoqimli.
Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar