Gvardiola Husanov “g‘ajib tashlagan” yulduzni olib kelmoqchi

  • 4 avgust, 07:08
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola tarkibni yangilash, yoshartirish, avlodlar almashinuvi ta’minash va kuchaytirish orqali jamoasini yana sovrinlar uchun kurashadigan darajaga olib chiqishni maqsad qilgan.

Tecno

Bu galgi avlodlar almashinuvi kutilmaganda ancha erta, 2025 yilning yanvaridagi qishki transferlar oynasi davrida “Lans”dan Abduqodir Husanovni olinishi bilan boshlandi. “Shaharliklar” o‘zbek futbolchisini qo‘lga kiritganidan keyin bir necha kun ichida jamoaga “Palmeyras”dan Vitor Reys, “Ayntraxt”dan Umar Marmush, “Portu”dan Niko Gonsalesni olib keldi.

Yozda esa, transfer siyosati yanada kuchaydi. Jamoaga “Milan”dan Tijani Reynders, “Vulverempton”dan Rayan Ayt-Nuri, “Lion”dan Rayan Sherki, “Rusenborg”dan Sverre Nyupan, “Byornli”dan darvozabon Jeyms Trafford kelib qo‘shildi.

Shu bilan bir qatorda “Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola va sport direktori Ugo Viana boshchiligidagi skautlar guruhi tarkibni kuchaytira oladigan yangidan yangi nomzodlar qidirishda, ularning transferlarini uyushtirishda davom etmoqda.

El Nacional nashrining ma’lum qilishicha, Xosep Gvardiola o‘z jamoasi uchun “Barselona”ning eng yorqin iqtidorlaridan biri Fermin Lopesni nishonga oldi. “Manchester Siti” rahbariyati ispaniyalik yarim himoyachini olish uchun 60 million evro tayyorlab qo‘ygan.

Gvardiola Lopes yordamida jamoaning yarim himoya chizig‘ini mustahkamlab, o‘yin dinamikasini ko‘tarishni mo‘ljallayotgani aytilmoqda.  

Fermin Lopesning “Barselona”dagi kelajagi mavhum bo‘lib turibdi. Yosh futbolchi o‘ziga berilgan vaqt mobaynida sifatli o‘yin namoyish qilgan bo‘lsa-da, ichki raqobatning yuqoriligi tufayli tobora ikkinchi planga o‘tib qolyapti. Bu holat Ferminning o‘ziga ham ma’qul kelmayapti.

Chunki jahon chempinonati ostonasidagi mavsumda muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmaslik Fermin Lopesning Ispaniya milliy terma jamoasi murabbiylash shtabi nazaridan chetda qolishiga olib keladi. Shu bois, ispan futbolchisi uni loyihaning muhim bo‘lagiga aylantiradigan grand klublar bilan hamkorlik qilishi ehtimoli katta ekani aytilyapti.

Gvardiolaga Lopesning universalligi, hujum qila olish va raqib jarima maydoniga yorib kirish qobiliyati ma’qul kelgan. “Siti” tahlilchilari uning o‘yin xarakteristikasi jamoa uslubiga mos ekanini ta’kidlashmoqda. Qolaversa, 22 yoshli futbolchi klubning tarkibni yoshartirish siyosatiga ham mos tushishi muhim hisoblanadi.

O‘zbekistonlik futbol ishqibozlari uchun qiziq tomoni shundaki, “Manchester Siti”dagi legionerimiz Abduqodir Husanov Fermin Lopes bilan yuzma-yuz to‘qnash kelgani hammaning yodida. 2024 yili Parij shahridagi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasi guruh bahslarida Ispaniyaga ro‘baro‘ kelgan.

Guruhdagi uchrashuvda Abduqodir Husanov himoyada mustahkam turib, “Barselona”dan Ispaniya olimpiya terma jamoasiga jalb qilingan Fermin Lopesni ancha qiynab qo‘ygan edi. O‘yin davomida ular orasida ziddiyat ham kelib chiqqan.

Endi Xosep Gvardiolaning rejasi amalga oshsa, bu ikki yosh iqtidor egasi “Manchester Siti” sharafini birgalikda himoya qilish imkoniga ega bo‘ladi.

Husanov bo‘yicha muhim qaror!

Shomurodovning yangi jamoadoshini 2 oyda 4 marta o‘g‘ri urdi
Husanovni “Manchester Siti”ga joylagan mutaxassis ishdan ketdi!
Ashaddiy raqib Fayzullaev transferiga munosabat bildirdi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!