
"Husanovning bu qarori – zo‘r!"— "Manchester Yunayted" sobiq futbolchisi Abduqodirning transferi haqida gapirdi
"Manchester Yunayted"ning taniqli rossiyalik sobiq futbolchi Andrey Kanchelskis Abduqodir Husanovning Frantsiyaning "Lans" klubidan "Manchester Siti"ga o‘tganiga munosabat bildirdi.
"Eng asosiysi, endi Husanov "Siti"da muvaffaqiyatli o‘ynay olsin. Har qanday klubga o‘tish mumkin, ammo bu klubda o‘ynash ham kerak. Faqatgina unga omad tilash mumkin. Balki unda nimanidir ko‘rishgan. Biz tushunamizki, u o‘ynashi va unga omad kulib boqishi mumkin, lekin hammasi boshqacha ham bo‘lishi mumkin.
Bu futbol, hammasi undan o‘zidan bog‘liq. Lekin Husanovning bu qarori – zo‘r! Bunday imkoniyat paydo bo‘lganda, narsalarni yig‘ib, imkoniyatdan foydalanish kerak," — dedi Kanchelskis "Chempionat" muxbiri Mariya Kutsubeeva bilan suhbatda.
Kecha, 20 yanvar kuni "Manchester Siti" himoyachi Abduqodir Husanovni Frantsiyaning "Lans" klubidan transfer qilganini rasman e’lon qildi. O‘zbekiston milliy terma jamoasining 20 yoshli futbolchisi bilan shartnoma 2029-yil yozigacha imzolandi. Husanov Angliya Premer-ligasi tarixidagi birinchi o‘zbekistonlik futbolchi bo‘ldi.
Fikrlar