
Islom To‘xtaxo‘jaev: Xitoydagi vaziyat yaxshi tomonga o‘zgargan
Xitoyda hayot asta-sekin iziga tushmoqda. Natijada futbol jamoalari ham allaqachon mavsumga tayyorgarlik bo‘yicha mashg‘ulotlarini boshlab yuborishgan. Shunday ekan, xorijlik legionerlar ham Chin yurtiga qaytishdi.
Xabaringiz bor, u erda faoliyat olib borayotgan hamyurtlarimiz ham o‘z klublariga etib borishgan. Masalan, Samvel Babayan va Odil Ahmedov bir necha kun oldin o‘z jamoalarining ixtiyoriga etib kelishgandi.
Shuningdek, u erda yana bir hamyurtimiz debyut mavsumini o‘tkazishidan xabaringiz bor. Mahalliy “Shenyang Urban” jamoasining a’zosiga aylangan farg‘onalik himoyachi Islom To‘xtaxo‘jaev ham ayni paytda o‘z klubining mashg‘ulotlarida ishtirok etmoqda. Ayniqsa, u erda karantin bekor qilingach, chempionat davom ettirilishi kutilmoqda. O‘z o‘rnida To‘xtaxo‘jaev u erdagi hayot va yangi jamoasi haqida shunday dedi:
- Bu erga kelganimga bir oydan oshdi. Vaziyat ancha yaxshi tomonga o‘zgargan. Biz hozirda Dalyan shahridamiz. Metro, kafe va boshqa maskanlar asta-sekin ochilyapti. Ammo chempionat qachondan boshlanishini hali aniq bilmayman. Shunga qaramay, biz jamoamiz bilan astoydil shug‘ullanyapmiz. Kuniga ikki mahaldan mashg‘ulot o‘tkazyapmiz va hammasi yaxshi. U erdagi ko‘p joylarda odamlar endi niqobsiz yurishyapti. Hozircha jamoamizdagi hamma futbolchilar hali kelib ulgurishgani yo‘q. Ammo muhit juda ajoyib. Ayni paytdagi e’tibor esa futbolchilarning holatini tiklashga qaratilgan, - dedi Islom To‘xtaxo‘jaev.
Fikrlar