
Jasur Jaloliddinov: "Klubimda moliyaviy muammolar boshlandi"
Ayni damda Timur Kapadze boshchiligidagi (U23) jamoamiz safida mashg‘ulot olib borayotgan Jasur Jaloliddinovni suhbatga tortdik. Futbolchi Qozog‘istondagi faoliyati, Qurbon Berdiev bilan munosabati haqida fikr bildirdi.
Sizda variantlar ko‘p edi, nega aynan Qozog‘iston premer ligasini tanladingiz?
- Qozog‘iston ekanligiga qaramadim. To‘g‘risi, boshida qo‘shni respublikasidan taklif tushganini eshitganimda, uni o‘ylab ham o‘tirmoqchi emasdim. Keyinroq, Qurbon Berdiev jamoa postini egallaganini eshitdim. 2 kun qolganida, yaqinlarimning maslahati bilan shu qarorni qabul qildim. Ochig‘i, Berdievning ta’sir doirasi keng ekanligi va ulkan tajribasi borligi uchun ham "Qayrat"ga o‘tdim.
Murabbiy bilan munosabatlaringiz qanday?
- Mutaxassis bilan do‘stona aloqadamiz. Aynan u meni jamoasida ko‘rmoqchi ekanligi uchun ham "Qayrat" taklifini qabul qildim. Qurbon Berdiev bilan birga ishlab, juda ko‘p narsalar o‘rganyapman. Nafaqat maydonda, balki uning tashqarisida ham o‘zimizni qanday tutishimiz kerakligini o‘rgatmoqda. Birinchi navbatda yaxshi inson bo‘lishimiz kerakligini tushuntirdi. Taktik tomondan juda kuchli mutaxassis ekanligini ham alohida e’tirof etish darkor. Suhbatlashib qolsak, "Barselona" va "Bavariya"ni qanday taslim etgani haqida so‘zlab beradi. Barchasi, insonni o‘ziga bog‘liq. Agar g‘alaba qozonishiga ishonsa, istalgan raqibni taslim etish mumkin. Berdiev bilan tanishuvimdan ko‘p narsa o‘rganyapman. O‘tganimdan afsuslanmayapman.
Rejangiz qanday? Qozog‘istonda ko‘proq qolmoqchimisiz?
- Hozir buni yashirishning imkoni yo‘q. Klubimizda moliyaviy muammolar ko‘rinib qolgan. shu bois, istalgan paytda vaziyat o‘zgarishi va xolat bundan ham yomonlashishi mumkin. Oldindan bir nima deb bo‘lmaydi. Hozir bor e’tiborimni qit’a birinchiligiga qarataman.
Yaqinlashib kelayotgan Osiyo chempionatidan nimalar kutyapsiz?
- Tayyorgarligimiz yaxshi. Osiyo chempionatini anchadan beri kutamiz. Abduvohid Ne’matovdan boshqa hamma uchun bu ilk qit’a birinchiligi sanaladi. Istak va motivatsiya borasida umuman muammo yo‘q. Oldingi safar Osiyo chempionati bekor qilinganidan so‘ng, turnirni o‘tkazib yubordik. Xalqimiz xursandchilikni sog‘ingan. Maqsadimiz ularni xursand qilish. To‘g‘ri, turnir muhim, ammo asosiy maqsadiz Parijdagi Olimpiyada bo‘lib qoladi.
Fikrlar