
"Juda ko‘p xotiralar bilan yodda qoldi" yoxud Dilshod Komilov nega "Nasaf"dan ketib "Qizilqum"ga o‘tganini bilasizmi?
Iqtidorli himoyachi Dilshod Komilov 2025 yilgi mavsumni Navoiyning “Qizilqum” klubida boshlaydigan bo‘ldi.
Bilasiz, u o‘tgan yili birinchi davrani “Lokomotiv”da o‘tkazib, ikkinchi davrada “Nasaf”ga o‘tdi va yakunda qarshiliklar bilan ilk bor mamlakat chempionligini qo‘lga kiritdi. Shu bilan birga futbolchi O‘zbekiston milliy terma jamoasi yig‘iniga ham jalb qilindi.
Dilshod Sports.uz saytiga quyidagicha intervyu berdi.
- Dilshodbek, 2024 yilni "Lokomotiv"da boshlab, "Nasaf"da yakunladingiz. Siz aynan "Nasaf" safida O‘zbekiston chempioni bo‘ldingiz. Bu siz uchun unutilmas edi. Biroq chempion jamoangizni tark etdingiz. Nima uchun bunday bo‘ldi?
- “Nasaf” klubi rahbarlari va murabbiylari bilan gaplashgan holda u erdan ketishimni to‘g‘ri deb bildim va jamoani tark etdim.
- Terma jamoaga ham chaqirildingiz va u erdagi yig‘in qanday o‘tdi? O‘zingizni qanday his etdingiz?
- Terma jamoadagi yig‘inga keladigan bo‘lsak, har tomonlama yaxshi o‘tdi, deb o‘ylayman. Ilk bor chaqiruv olgan futbolchilar ko‘p bo‘ldi. O‘zingiz bilasiz, har bir futbolchini niyati terma jamoa libosini kiyib, to‘p surish hisoblanadi. Iordaniyaga qarshi uchrashuvda ko‘p futbolchilar debyutini o‘tkazishdi. Terma jamoada o‘zimni ham juda yaxshi his qildim.
- Yangi mavsumni "Qizilqum"da boshlaysiz. Bu jamoadan ilk taklif qachon bo‘lgandi va bu chorlovni qabul qilishingizga nima sabab?
- “Qizilqum” jamoasidan taklif avvalroq bo‘lgandi. Bu haqida agentim xabar berdi. Keyin uygadilar, dadam va agentim bilan maslahatlashgan holda “Qizilqum”ga o‘tishga qaror qildim. “Qizilqum”ning yangi bosh murabbiyi Nikola Lazarevich bilan suhbatlashdim. Meni o‘z jamoasida ko‘rishni istayotganini va yangi maqsadlar haqida suhbatlashdik.
- "Nasaf"ni qanday xotiralar bilan tark etdingiz?
- “Nasaf” klubi rahbariyatiga, murabbiylar shtabiga, jamoadoshlarimga rahmat aytaman. U erdagi faoliyatim juda ko‘p xotiralar bilan yodda qoldi. Tarixda ilk bor “Nasaf” bilan O‘zbekiston Superligasi chempionligiga erishdik. Ushbu klub orqali terma jamoaga chaqiruv oldim. Shu bois yodda qolarli voqealar ko‘p bo‘ldi. “Nasaf”ga yangi mavsumda omad tilab qolaman.
Fikrlar