
"Katanetsning gapi meni ranjitdi" - Jamshid Iskanderov sovrin qo‘lga kiritgani, "Navbahor"dagi taqdiri va terma jamoa haqida
O‘zbekistonning 2022 yildagi eng yaxshi futbolchisi deb topilgan katta iqtidor egasi Jamshid Iskanderov ushbu nomni munosib tarzda qo‘lga kiritdi.
Yakuniga etgan chempionatni “Navbahor” safida o‘tkazgan yarim himoyachi jamoasining haqiqiy etakchisiga aylandi. Bir-biridan chiroyli gollar muallifi ham bo‘ldi. Lekin Jamshidni hali hamon milliy terma jamoaga chaqirilmayotgani ko‘pchilikni hayron qoldiryapti.
Shubhasiz, u terma jamoaga munosib. Sports.uz jurnalisti eng yaxshilarni taqdirlash marosimidan keyin Iskanderov bilan suhbatlashdi.
- Jamshid, O‘zbekistonning 2022 yildagi eng yaxshi futbolchisi deb e’tirof etilganingiz bilan tabriklaymiz. Bu holatni kutgandingiz-a?
- Tabrik uchun rahmat. To‘g‘risini aytsam, qanaqadir sovrin yutaman deb yaxshi niyatda kelgandim. Chunki, Xudoga shukrki, bu yil yomon bo‘lmadi. Allohga shukrlar bo‘lsinki, ushbu sovrinni yutdim. Bundan juda xursandman. Bizni qo‘llab-quvvatlagan muxlislarga va duo qilib turganlarga rahmat.
- “Navbahor”ga kelib har tomonlama ishonchni oqladingiz. Klub Osiyo Chempionlar ligasiga chiqdi. Kumush medalni qo‘lga kiritdi va O‘zbekiston Kubogi finaligacha chiqdi. Bunday muvaffaqiyatlarda hissangiz katta bo‘ldi. Shunday ekan, Namangandagi faoliyatingizdan qoniqdingizmi yoki...
- Men jamoamiz bilan O‘zbekiston chempioni bo‘lishni yoki Kubokni yutishni xohlardim. Bu yutuq o‘sha sovrinlarni oldida hech narsa emas. Ushbu yutuq men uchun muhimroq edi. Jamoa bilan viloyat hokimini, xalqni xursand qilish niyatimiz bor edi. Nasib qilmagan ekan, keyingi yilga harakat qilamiz.
- Hammani qiziqtirayotgan savol: Jamshid Iskanderov kelasi yili qaerda o‘ynaydi?
- To‘g‘risini aytsam, hali bir qarorga kelmadim.
- Sizga chetdan ham yaxshi takliflar bor-a?
- Ha, bor. Gaplashib turibmiz. Yaqin kunlarda, haftalarda yoki oylarda hal bo‘lib qolsa kerak.
- Bu mavsumdagi eng yaxshi o‘yinchi bo‘ldingiz, ammo o‘zingiz uchun eng yaxshisi kim bo‘ldi?
- Mana, hamma shunday tanlashibdi-ku. Agar nimadir desam noto‘g‘ri bo‘ladi. Qaror qabul qilib bo‘lishgan. Lekin o‘z fikrim bo‘yicha bu yil o‘zlarini yaxshi tomonlama ko‘rsatgan boshqa futbolchilar ham bor edi. Ammo aynan kimligini ayta olmayman. Aks holda kimnidir ranjitib qo‘yishim mumkin.
- Bu sovriningiz bilan terma jamoaga chaqirmayotgan bosh murabbiy Srechko Katanetsga o‘ziga xos javob yo‘lladingiz, desak bo‘ladimi?
- Aytganimdek, eng yaxshisi bo‘lganimdan xursandman. Milliy terma jamoa a’zosi bo‘lish uchun harakat qilaman. Hozircha chaqirmayotgani bu murabbiyning qarori. Bosh murabbiyni o‘z fikri, futbolga qarashi bor. Albatta, meni ham chaqirishsa juda xursand bo‘lardim.
- Terma jamoaga chaqirishlari uchun yana nima qilishim kerak, deb o‘ylayapsiz?
- O‘z ustimda yanada ko‘proq ishlab, qaysidir minus tomonlarimni plyusga aylantirishim kerak.
- Oxirgi savol: Srechko Katanets siz haqingizda fikr bildirib, bo‘yi pastroq, degan gapni aytib o‘tgandi. Bunga qanday munosabatdasiz?
- Shu paytgacha bu haqida hech kimga aytmagandim. Murabbiyning shunday gapirgani meni ranjitdi. U milliy terma jamoa bosh murabbiyi-ku, kimnidir taklif qiladimi yoki taklif qilmaydimi, futbolchi haqida bunday gapni aytish noto‘g‘ri deb bilaman. Hech bo‘lmaganda, keyingi yig‘inlarga chaqiramiz yoki o‘yinlarini yana kuzatib boramiz, desa bo‘ladi. Ammo har xil gaplarni aytishi ranjitdi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar