“Kichik Messi” Manchester klubidan o‘zini zudlik bilan qo‘yib yuborishni talab qildi
“Manchester Yunayted”ning eng istiqbolli yosh futbolchilaridan biri Jey-Jey Gabriel kutilmaganda klubdan ketishga ruxsat berishni talab qildi.
“Kichik Messi” laqabi bilan tanilgan 15 yoshli Gabriel o‘tgan mavsumda “Yunayted” U-18 jamoasi safida 20 dan ortiq gol urgan edi. Angliyalik hujumchi joriy mavsum asosiy jamoada debut qilishi kutilgandi.
Biroq The Telegraph ma’lumotiga ko‘ra, Gabriel klubdagi faoliyatini davom ettirishi xavf ostida qolgan. Bunga yosh futbolchining klubga rasmiy bildirishnoma yuborib, ro‘yxatdan chiqarilish va darhol erkin agentga aylanish istagini bildirgani sabab bo‘lgan.
“Yunayted” bu qarordan qattiq hayratda qolgan, chunki klub futbolchiga katta umid bog‘lagan edi.
Gabriel hozircha yangi klubini tanlamagan, ammo 11 yoshidan buyon tizimida bo‘lgan “Yunayted”ni tark etishga qat’iy qaror qilgan. Shu bilan birga, klub apellyatsiya berish huquqidan hali foydalanishi mumkin.
6 oktyabr kuni Gabriel 16 yoshga to‘ladi va shundan keyin stipendiya shartnomasini imzolashi mumkin bo‘ladi. Futbolchilar professional shartnomalarni 17 yoshdan imzolashlari mumkin.
O‘tgan yili Gabrielni “Manchester Siti” o‘z safiga og‘dirishga urinagan edi. Shuningdek, Jey-Jeyga “Arsenal”, “Real”, “Barselona” va “Bavariya” klublari ham qiziqish bildirgan.

Fikrlar