Kubok finalchilari Buxoroda, "Istiqlol"da katta o‘yin, "cho‘kayotgan" "Sho‘rtan" "So‘g‘diyona"ga qarshi yoxud tur oldidan

  • 3 oktabr, 11:11
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun Superligada 24-turga start beriladi. Bu safar bizni quyidagi juftliklar o‘rtasidagi bellashuvlar kutmoqda.

Tecno

3 oktyabr

17:00. “Xorazm” - “Navbahor”

1-tur “Xorazm” - “Navbahor” o‘yini bilan boshlanadi. Oxirgi 7 ta turdan beri g‘alaba qozona olmayotgan “Xorazm” bu safar namanganliklarni qabul qiladi va Hakim Fuzaylov jamoasini faqat halaba qoniqtiradi. “Navbahor”da bosh murabbiy o‘zgardi va o‘tgan turda Sherzod Jo‘raev yangi lavozimdagi debyutini o‘tkazib, unda g‘alaba qozondi. “Xorazm” 20 ochko bilan 15-o‘rinda turibdi. “Navbahor”ga nisbatan mezbonlarda bosim ko‘proq.

19:15. OKMK - “Qo‘qon-1912”

O‘tgan turda mag‘lubiyatga uchragan OKMK jamoasi medallar uchun kurashmoqda va bu yo‘lda Mirjalol Qosimov jamoasiga g‘alaba suv va havodek zarur. O‘yin oldidan favorit sifatida OKMK tilga olinmoqda va tabiiyki, mezbonlarning g‘alaba uchun imkoniyatlari ko‘proq baholanmoqda.

4 oktyabr

17:00. “Surxon” - “Dinamo”

Bir-biridan qolishmaydigan bu jamoalar bahsi ham juda qiziqarli va hujumkor o‘tishi katta ehtimol. Himoyaviy futboldan ko‘ra, hujumkor futbolni ustun qo‘yadigan ushbu klublar bahsida muxlislar gollar ko‘rsa ajab emas. Vadim Abramov jamoasi sovrinli o‘rinlar uchun kurashda yo‘qotayotgan ochkolari albatta qimmatga tushadi.

17:00. “Buxoro” - “Paxtakor”

Yaqinda O‘zbekiston Kubogi finaliga chiqqan “Buxoro” va “Paxtakor” hal qiluvchi uchrashuv oldidan chempionat doirasida o‘zaro bellashadilar. Bu o‘yinda “Buxoro” mezbon. Bu klub 13-o‘rinda, “Paxtakor” esa 3-pog‘onada. “Buxoro” bosh murabbiyi Xomyakov ilgari “Andijon”ni boshqarganida “Paxtakor”ni yutgan uchrashuvlari bo‘lgan. Balki final oldidan ushbu klublar “kartalar”ni ochishni istashmas!

19:15. “Bunyodkor” - “Nasaf”

“Nasaf” OChL Elitda ikkita mag‘lubiyatga uchraganiga qaramay, o‘yin bo‘yicha yomon taassurot qoldirayotgani yo‘q. “Bunyodkor” amaldagi chempionni va hozirda peshqadam bo‘lib turgan raqibini qabul qiladi. “Qaldirg‘ochlar” va “Ajdarlar” o‘yini turning markaziy bellashuvi sifatida qaralmoqda.

5 oktyabr

17:00. “Sho‘rtan” - “So‘g‘diyona”

Superligada tobora “cho‘kib” borayotgan “Sho‘rtan”ning qarshisida bu safar “So‘g‘diyona”. G‘uzorliklar juda qiyin vaziyatda. “So‘g‘diyona”ga qarshi mezbonlar qandaydir syurpriz ko‘rsata olishadimi? Bunga kimdir ishonadi, kimdir ishonmaydi. Hozirgi fakt shuki, “Sho‘rtan” boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. Ancha-muncha g‘alabalar ham endi ta’sir qilishi qiyin. Boisi, 15-o‘rindagi “Buxoro” bilan ochkolar farqi 8 tani tashkil qilmoqda. “Sho‘rtan”da bosh murabbiy o‘zgargani haqida gap-so‘zlar bor. Asror Aliqulov yana g‘uzorliklar jamoasini boshqarishga kirishgani aytilmoqda. Shunday bo‘lsa, bu uning “So‘g‘diyona”ga qarshi debyut bellashuviga aylanadi.  

17:00. “Neftchi” - “Andijon”

Bu turda juda qiziqarli o‘tishi kutilayotgan vodiy derbisi bor. Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida “Neftchi” qo‘shni “Andijon” jamoasini qabul qiladi. “Burgutlar” Osiyo Chempionlar ligasi 2 musobaqasida dastlabki ikkita turda 0:0 hisobini qayd etdi. Har qanday holatda ham vodiy derbisi yuqori tempda o‘tadi. Bu shubhasiz turning markaziy bellashuvi hisoblanadi. Bunday bahsni o‘tkazib yubormaslik kerak.

19:15. “Qizilqum” - “Mash’al”

Ushbu turni “Qizilqum” - “Mash’al” qarama-qarshiligi yakunlab beradi. Bir-biriga munosib raqiblar. O‘yinni hozirdan zerikarli yoki hujumkor o‘tadi, deb aytish qiyin. Barchasi jamoalarning tayyorgarligiga bog‘liq. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!