Legionerimizning goli jamoasini EChLga olib chiqish imkonini berdi!

  • 24 oktabr, 2021, 17:37
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Qozog‘iston premer-ligasida ishtirok etayotgan “Tobol” so‘nggi tur oldidan musobaqa jadvalida birinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi va chempionlikni qo‘lga kiritish imkoniga ega bo‘ldi.

UEFA a’zosi hisoblangan Qozog‘istonda yuqori divizion – premer-ligada 14 ta jamoa ishtirok etmoqda. Ular ikki davrali tizimda g‘oliblik uchun kurashyapti. Musobaqa g‘olibi kelasi mavsum Evropa Chempionlar ligasining saralash bosqichiga yo‘llanma oladi.

photo_164193

Ayni paytda qo‘shni mamlakat yuqori ligasida O‘zbekistondan faqatgina bir futbolchi – Igor Sergeev to‘p tepmoqda. O‘tgan yilning oxirida “Paxtakor” bilan shartnomasi yakunlagan mohir hujumchi dastlab, “Aktobe” safiga qo‘shilgandi. O‘shanda, Sergeevga “Astana” klubi ham da’vogarlik qilgan, biroq hamyurtimiz o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘ygan “Aktobe”ni tanlagandi. Afsuski, ushbu klubda rahbariyat o‘zgarishi munosabati bilan chempionlikka da’vogar jamoaning ishlari ortga ketdi.

18 ta uchrashuvda ettita gol bilan “Aktobe” to‘purari bo‘lib turgan Igor Sergeevga yozda “Tobol” taklif bilan chiqdi. Kustanayliklar o‘zbekistonlik futbolchi yordamida UEFA Konferentsiyalar ligasi uchrashuvlari oldidan tarkibni kuchaytirishga qaror qilgandi. Moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan “Aktobe” eng ko‘p maosh oladigan Sergeevni qo‘yib yubordi.

Legionerimiz haqiqatan Konferentsiyalar ligasida yangi jamoasiga katta yordam bera oldi. Xorvatiyaning “Xayduk” jamoasi bilan bo‘lgan ilk uchrashuvda “Tobol” safarda 0:2 hisobida yutqazib kelgan edi. Lekin uydagi javob o‘yinida 4:1 hisobida zafar quchib, uchinchi bosqichga o‘tdi. Gollardan ikkitasi Igor tomonidan kiritildi. Biroq, jamoaga guruh bosqichgacha chiqish uchun tajriba etishmadi.

sergeeeev

“Tobol” bor e’tiborini ichki chempionatda peshqadam “Astana”ga etib olishga qaratdi. Nihoyat, 25-turdan so‘ng maqsadiga etib, kustanayliklar birinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Bunda uchinchi o‘rinda borayotgan “Qayrat”ning yordami katta bo‘ldi. Bu turda o‘z maydonida “Astana”ni qabul qilgan “Qayrat” 1:0 hisobida zafar quchdi.

O‘z navbatida, “Tobol” futbolchilari imkoniyatdan unumli foydalanib qoldi. Ular “Shaxtyor”ni 4:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Ikkinchi golni Igor Sergeev kiritdi. Bu hamyurtimizning premer-ligadagi 10-goli bo‘ldi. Igor “Tobol”ga o‘tganidan keyin “Ordabasi” va “Qizil-Jar” darvozasini ham ishg‘ol qilib, jamoasiga g‘alaba keltirgan.

Qozog‘iston premer-ligasida so‘nggi tur oldidan “Tobol” 58 ochko bilan peshqadamga aylandi. Alamli mag‘lubiyatdan so‘ng, “Astana” ikki ochko kam ochko bilan ikkinchi pog‘onaga tushib qoldi. “Tobol”ga foydasi tekkan “Qayrat” esa chempionatni uchinchi o‘rinda yakunlashi aniq bo‘lib ulgurgan.

Mazkur turdagi aniq zarbasidan keyin umumiy gollarini 10 taga etkazib olgan Igor Sergeev to‘purarlar bahsida uchinchi o‘ringa chiqib oldi. Gol urish bo‘yicha peshqadam Marin Talmasov “Astana” safida jami 17 ta to‘p kiritgan. Uni ta’qib qilayotgan “Qayrat” hujumchisi Artur Shushenachev hisobida 12 ta aniq zarba bor.

Premer-liganing oxirgi turi 30 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Shu kuni chempionlikni rasmiylashtirish imkoniga ega bo‘lgan “Tobol” futbolchilari “Akjayik” jamoasi mehmoni bo‘ladi. Hamon oltin medal uchun imkoniyatini saqlab turgan “Astana” esa o‘z muxlislari guvohligida “Turon” jamoasi bilan kuch sinashadi.

8781b-ruslan-valiullin-i-yuriy-percukh

Igor Sergeev jamoasi chempionlik imkoniyatini qo‘ldan boy bermasligiga umid qilamiz. Hujumchimizda esa, ko‘p karra O‘zbekiston chempionligi qatoriga Qozog‘iston chempionati oltin medalini qo‘shib qo‘yish ehtimoli katta. Omad, Igor!

Rossiyadan Italiyaga borgan futbolchilar ortga qaytadi! Shomurodovchi?

Shomurodov zimmasidagi ishni Pellegrini bajarmoqda!

Yaxshiboev gol urgan uchrashuvdan keyin “realchilar” uchga bo‘lindi!

Evropadagi legionerlarimiz: Alamli mag‘lubiyat, bitta gol va tuzalmagan jarohat!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!