
Luis Enrike qadrlamagan futbolchini Angliyadan oltita klub talashyapti
Frantsiya terma jamoasining tajribali hujumchisi Randal Kolo-Muani kelasi mavsumni Angliya Premer-ligasida boshlash imkoniyatiga ega.
Aslida 26 yoshli to‘purar PSJga tegishli. Parijliklar bosh murabbiyi Luis Enrike unga asosiy tarkibdan joy bermagani bois, Randal qishki transferlar vaqtida ijara asosida “Yuventus”ga ko‘chib o‘tgan edi.
PSJ bu futbolchini katta umidlar bilan 2023 yili 95 million evro evaziga “Ayntraxt”dan olib kelgandi. Biroq bosh murabbiy o‘zgarib, jamoani ispaniyalik mutaxassis qabul qilib olganidan keyin vaziyat o‘zgardi va qimmatbaho futbolchi kerak bo‘lmay qoldi.
Yozda PSJ Kolo-Muanidan qutilishga harakat qiladi. Xaridor masalasida muammo bo‘lmaydi. Hozirda Angliyaning olti klubi ayni kuchga to‘lgan forvardni o‘z safiga qo‘shib olish uchun da’vogarlik qilmoqda.
TBR Football nashriga ko‘ra, Randalga ko‘z tikayotganlar ro‘yxatida “Arsenal”, “Chelsi”, “Tottenxem”, “Liverpul”, “Aston Villa” va “Nyukasl” bor.
Fikrlar