"Manchester Siti"ning yana bir futbolchisi "Inter"ga o'tishi mumkin
"Manchester Siti" markaziy himoyachisi Natan Ake yaqin vaqtlarda "Inter" safini to'ldirishi mumkin. Bu haqida La Gazzetta dello Sport nashri xabar berdi.
Manbaning ma'lum qilishicha, 31 yoshli niderlandiyalik futbolchini Milan klubiga taklif qilishgan. Ake bo'yicha kelishuvni amalga oshirish qiyin emas, chunki himoyachining "Manchester Siti" bilan tuzgan shartnomasi yana bir yildan so'ng o'z kuchini yo'qotadi.
Eslatib o'tamiz, shu kunlarga qadar "Manchester Siti"dan "Inter"ga yana bir markaziy himoyachi — Manuel Akandji yo'l olgan edi.
Natan Ake 2020 yildan buyon "Manchester Siti" sharafini himoya qilib kelmoqda. O'tgan mavsumda u jamoa tarkibida 32 ta o'yinda maydonga tushdi, ammo gol yoki golli uzatma bilan ajralib turmadi.
Transfermarkt portali bahosiga ko'ra, futbolchining bozor qiymati 12 million evroni tashkil etadi.

Fikrlar