Modrich jahon chempionatlari tarixida kirgan rekordni o‘rnatdi

  • 28.06.2026 12:25
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Xorvatiya terma jamoasi sardori Luka Modrich jahon chempionatida tarixiy natija qayd etdi. Afsonaviy yarim himoyachiga tegishli bu noyob ko‘rsatkich Gana terma jamoasiga qarshi guruh bosqichining uchinchi, hal qiluvchi turida ro‘y berdi. 

Uchrashuvning 83-daqiqasida, hisob 1:1 bo‘lib turgan paytda, Modrich burchak zarbasini yo‘lladi. Uning uzatmasini bosh bilan aniq darvozaga joylagan Nikola Vlashich g‘alaba golini urdi. Bu gol xorvatlarga 2:1 hisobida juda muhim g‘alabani taqdim etish bilan birga, jamoaga L guruhida ikkinchi o‘rinni va 1/32 finalga yo‘llanmani ham kafolatladi.

Aynan shu golli uzatma tufayli xorvatiyalik yarim himoyachi jahon chempionatlari tarixida eng katta yoshda assist bergan futbolchiga aylandi. Ushbu o‘yin kuni Modrich 40 yosh 291 kunlik edi. Unga qadar rekord uch kun davomida bosniyalik Edin Jeko qo‘lida edi — u 24 iyun kuni Qatarga qarshi o‘yinda 40 yosh 109 kunlik paytida golli uzatma bergandi. Jekodan oldin esa bu ko‘rsatkich braziliyalik Tiago Silvaga tegishli bo‘lib, u 2022 yildagi mundialda Janubiy Koreyaga qarshi bahsda 38 yosh 74 kunlik chog‘ida assist qayd etgan edi.

Modrich jahon chempionatlarining kumush (2018) va bronza (2022) medallari sohibi, shuningdek 2018 yildagi «Oltin to‘p» egasi hisoblanadi. Klub darajasida esa u tarixdagi eng sovrindor futbolchilardan biri sifatida e’tirof etilgan.

U o‘z faoliyati davomida 6 marta Chempionlar ligasini, 4 marta Ispaniya chempionligini, 2 marta Ispaniya Kubogini, 5 marta Ispaniya Superkubogini, 5 marta UEFA Superkubogini, 6 marta FIFA klublar o‘rtasidagi jahon chempionligini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, Zagrebning «Dinamo» jamoasi tarkibida 3 marta Xorvatiya chempionatida, 2 marta Xorvatiya Kubogida va bir marta Xorvatiya Superkubogida g‘olib chiqqan.

Madridning «Real» klubida 13 yil davomida o‘ynagan Modrich jami 28 ta sovrin yutib, klub tarixidagi eng ko‘p titul qo‘lga kiritgan futbolchiga aylandi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!