Mundialdagi raqibimizning eng mashhur futbolchisi shifoxonaga tushib qoldi

  • 03.04.2026 18:10
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol

Kolumbiya milliy terma jamoasi hujumkor futbolchisi Xames Rodriges Fransiya futbolchilari bilan bo‘lgan o‘rtoqlik o‘yinidan (1:3) keyin shoshilinch ravishda shifoxonaga yotqizildi.

- Kolumbiya futbol federatsiyasi tibbiy shtab va terma jamoalar departamenti orqali jamoa sardori Xames Rodrigesning sog‘ligi haqida jamoatchilik va ommaviy axborot vositalariga ma’lum qiladi.

Minnesota shtatidagi tibbiy muassasa bilan bog‘langandan so‘ng, yarim himoyachi sport bilan bog‘liq bo‘lmagan sog‘liq muammosi sabab mutaxassislar nazorati ostida bo‘lgani tasdiqlandi.

Fransiyaga qarshi o‘yindan keyingi kuni o‘yinchiga kuchli suvsizlanish tashxisi qo‘yildi, shu sababli u so‘nggi 72 soatni shifoxonada profilaktik kuzatuv va tiklanish uchun o‘tkazdi.

Muhimi, bu holat tayanch-harakat tizimi jarohatlari bilan bog‘liq emas va uning futbol faoliyatiga aloqasi yo‘q. Yaxshiyamki, so‘nggi tibbiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘yinchining ahvoli yaxshilanmoqda va ijobiy dinamika kuzatilmoqda, - deyiladi Kolumbiya futbol federatsiyasi bayonotida.

Rodriges Fransiyaga qarshi o‘yinni asosiy tarkibda boshlagan va 63-daqiqada almashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kolumbiya terma jamoasi jahon chempionatining “K” guruhidan joy olgan bo‘lib, birinchi uchrashuvini 18 iyun kun O‘zbekiston milliy terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Bu kvartetda Portugaliya va Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoalari ham ishtirok etadi.  

Avvalroq, Kolumbiya terma jamoasida ichki nizo yuz bergan bo‘lib, yetakchi o‘yinchilar - Xames Rodriges va Luis Dias o‘zaro kelisha olmay qolgani va jahon chempionatiga ulardan faqat bittasi olib ketilishi mumkinligi aytilgan edi. 

Bu voqea haqidagi quyidagi linkda o‘qishingiz mumkin:

O‘zbekistonning jahon chempionatidagi raqibida “ishkal” boshlandi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!