“MYu” – “Barsa” o‘yinidan chiqarilgan besh xulosa (Erkinjon G‘aybullaev blogi)
Ushbu g‘alaba kataloniyaliklarga katta ustunlik beradi. Javob o‘yini “Kamp Nou”da bo‘lishini inobatga olsak, Valverde shogirdlari 2015-yildan beri ilk marta yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi mumkin. Xo‘sh, o‘yindan qanday dastlabki xulosalarni olishimiz mumkin?
- “Pikenbauer”ning “uy”ga qaytishi
Jerar Pike 2003-yilda “Manchester Yunayted”ga borib qo‘shilgandi. U erda himoyachi 2008-yilgacha (“Saragosa”da bir mavsum ijara) qoldi. Futbolchining o‘zi “MYu”ga bolakay sifatida borib, yigit bo‘lib tark etganini e’tirof etdi. Va bu to‘g‘ri. O‘shandan beri Pike jahonning eng yaxshi himoyachilaridan biri bo‘lib etishdi va uzoq yillar yuqori darajasidagi o‘yinini namoyish qilib kelmoqda.
Kecha u birinchi marta “MYu”ni tark etganidan beri “Old Trafford”ga qaytdi. Ancha himoyaga yotib o‘ynagan kataloniyaliklar safida aynan u barcha mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi.
Pike “himoya devori”ga aylandi. “Qizil iblislar”ning raqib jarima maydonchasiga yo‘llagan har bir uzatmasi, zarbasi Pike tomonidan bartaraf qilindi. Uning to‘p yo‘nalishini his qilish instinkti kecha juda yaxshi ishladi. Ingliz klubi hujumchilari undan o‘tib ketishning chorasini topa olishmadi.
Bu Pikening “Atletiko”ga qarshi bahsdan keyin qatorasiga ikkinchi marta o‘tkazgan master-klassi bo‘ldi. Ba’zida Pikenbauer deb ham ataladigan himoyachi “Barsa”ning javob o‘yinida ham muhim figuraga aylanishi turgan gap.
- Ulg‘ay, MakTomini
Mourino Pol Pogbaning o‘rnida Skott MakTominini o‘ynatganida, u frantsiyalik hamkasbidan ancha yaxshiroq o‘yin ko‘rsatardi. Ammo Sulsher qo‘li ostida undagi sifat yanada ortib borayotgandek.
MakTomini Parijdagi o‘yinda asosiy etakchiga aylangandi. “Barselona”ga qarshi bahsda ham u o‘z o‘rnini saqlab qoldi. Yarim himoyani mustahkamlashda uning samarasi yuqori bo‘ldi. Ancha tajribali “Barsa” futbolchilari hujumga o‘tishda MakTominidan qutula olishmadi.
Ehtimol u dunyoning eng zo‘r futbolchisi bo‘la olmas, ammo u turgan gapki, Darren Fletcher kabi eng foydali futbolchi bo‘la oladi. U sakkiz yil oldingi Matichdan ham ancha yorqinroq o‘yin namoyish qilmoqda.
- Sulsher charchoq faktoridan unumli foydalana olmadi
“Manchester Yunayted” o‘tgan dam olish kunlari birorta o‘yin o‘tkazmadi, “ko‘k-anorranglilar” esa aksincha chempionlik masalasini barvaqt hal qilish uchun “Atletiko Madrid”ga qarshi o‘ynab ancha kuch sarfladi. Shu bois kataloniyaliklarda charchash faktori yuqoriroq edi. Sulsher esa hujumkor o‘yin uslubini tanlamasdan, yana “avtobus himoyasi”ga murojaat qildi va raqibga o‘yinni topshirdi.
Mezbonlar shunchaki ko‘proq bosim uyushtirishni ma’qul ko‘rishdi. Raqib yarim himoyachilariga hujumga to‘p etkazishni buzishdagi bosimi albatta ish berdi. Ammo o‘yin rejasi ancha xom bo‘lganligi o‘z so‘zini aytdi.
- Censatsion Semedu
bu mavsumda Nelson Semedu katta o‘yinlarda birinchi marta yuqori saviyadagi o‘yinlarini namoyish qilayotgani yo‘q. Portugaliyalik himoyachining asosiy tarkibda tushishi yagona syurpriz bo‘ldi. “MYu” futbolchilarining tezligini inobatga olgan holda ancha himoyaviy o‘yin ko‘rsatadigan Semeduning tushishi eng to‘g‘ri variant edi.
U buni a’lo darajada uddaladi. U raqib futbolchilari qarshisida dovdirab qolmadi. “MYu”ning eng mohir futbolchilari aynan uning qanotini sinovdan o‘tkazdi. 2-raqam egasi ikkinchi bo‘limda hatto jamoasining yagona eng xavfli vaziyatini tashkil qilishda ishtirok ham etdi. Ammo urugvaylik jamoadoshi Suares unumli foydalana olmadi.
Semedu o‘yin davomida jamoasining charchoq his qilmagan yagona futbolchisi ham bo‘lgandir. Chunki u dam olish kungi o‘yinda klubiga yordam bera olmagan edi.
- Valverde istaganini oldi
Ernesto Valverde ancha himoyaviy uslubni xush ko‘radiganlardan. U tavakkal qilishni yoqtirmaydi, u tajribasiz yosh futbolchilarga ishonmaydi, xatolarni esa kechirmaydi. Uning maqsadi “Old Trafford”da minimum ish bajarib g‘alaba qozonish bo‘lgan bo‘lsa, ajabmas.
Avvaliga uning shogirdlari o‘yin startini ancha ko‘tarinki boshlashgandi. Busketsning Messiga zargarona tarzdagi uzatmasi yakunda Suaresni topdi va Shou raqibga istamagan holda yordam berib yubordi. Gol “Barselona” futbolchilarining amalga oshirgan 48-uzatmasi bilan kiritildi.
Bu gol o‘yinning endigina 12-daqiqasida kiritilgani uchun ko‘pchilik o‘yin shiddatla tus olishini kuta boshladi. Ammo Valverde safardagi bitta gol ham etadi, deb o‘yladi shekilli, shogirdlariga bundan buyog‘iga ancha ehtiyotkor bo‘lib o‘ynashni buyurdi.
Maydon egalari raqib darvozasini aniq nishonga olishda Pike va Ter Shtegen to‘sig‘idan o‘tishda qiynalishdi. “Barsa” bu o‘yinni ikki yoki uch gollik farq bilan ham yutishi mumkin edi. Ammo Valverde buni istamadi.
Yakunda, “Barsa” g‘alaba qozondi va klub tarixida “Old Trafford”da g‘olib chiqqan ilk murabbiyga aylandi. Bu katta yutuq, ammo buni qay yo‘sinda amalga oshirganini oqlab bo‘lmaydi. Javob uchrashuvida katta ustunlik bilan harakat qiladi. Ular 2013-yildan beri Evropa turnirlarida o‘z uyida mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda. Ammo o‘tgan yildagidek, “Roma”ga qarshi minimum maqsad bilan harakat qilishi qimmatga tushishi ham mumkin. Agarda ular “MYu” to‘sig‘idan o‘ta olishsa ham, yarim finalda “Liverpul”ga qarshi bunday uslub o‘z so‘zini aytmasligi mumkin. Shunday ekan, tavakkal qilib ko‘rish kerak, Ernesto!

Fikrlar