
MYu Fernandeshga Ispaniyadan o‘rinbosar topdi
La Liganing "Atletik Bilbao" klubi safida to‘p surayotgan xavbek Oyyan Sanset Angliyaga yo‘l olishi mumkin. Bu haqda "Football Transfers" nashri xabar tarqatdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 25 yoshli ispaniyalik yarim himoyachiga "Manchester Yunayted" jiddiy qiziqish bildirmoqda. Aynan u jamoani tark etishi mumkin bo‘lgan portugaliyalik yulduz Brunu Fernandeshning o‘rnini bosishi mumkin deb ko‘rilmoqda. Fernandeshga Saudiya Arabistoni klublari jiddiy talabgor bo‘lib turibdi.
Sansetni "Old Trafford"ga taklif qilish tashabbusi esa jamoa bosh murabbiyi Ruben Amorim tomonidan ko‘tarilgan. U Sansetning o‘yin uslubi va jamoaga berishi mumkin bo‘lgan dinamikasiga ishonmoqda.
Oyyanning transfer bozoridagi narxi taxminan 60 million evroga baholanmoqda. Uning "Atletik" bilan amaldagi shartnomasi 2032 yil yozigacha mo‘ljallangan.
Manbada keltirilishicha, agar MYu etakchisi haqiqatdan ham jamoani tark etsa, Sanset uning munosib o‘rinbosariga aylanishi mumkin. Uning yoshi, La Ligadagi tajribasi va texnikasi "Yunayted"ning yangi rejalariga mos tushadi. Transfer amalga oshsa, bu ham ispaniyalik futbolchi uchun, ham "qizil iblislar" uchun yangi imkoniyatlarga yo‘l ochishi mumkin.
Fikrlar