“Navbahor” “Buxoro”ga qarshi o‘yinlarda ustunlikka ega. Ammo Buxorodagi uchrashuvlarda...
Superliga 15-turi doirasida "Navbahor" jamoasi Buxoroda “Buxoro” mehmoni bo‘ladi.
Mazkur klublar Superliga (oliy liga) o‘yinlarida 55 marta bir-birlariga qarshi maydonga tushishgan. Ushbu 55 ta bahsdan 31 tasida namanganliklar g‘alaba qozongan bo‘lishsa, 16 ta uchrashuvda buxoroliklar zafar quchishgan, 8 o‘yinda esa tomonlar durangga imzo chekishgan.
“Navbahor” shu kunga qadar o‘zaro bahslarda 103 ta to‘p kiritib, o‘z darvozasidan 62 marta to‘p olib chiqqan. Ushbu klublarning o‘zaro o‘yinlarida namanganliklar 101 ochkoni, “Buxoro” esa 56 ochkoni qo‘lga kiritgan.
O‘zaro uchrashuvlardagi eng yirik hisob 2001 yili kuzatilgan. O‘sha yili Namanganda o‘tkazilgan o‘yinda “lochinlar” 6:1 hisobida g‘alaba qozonishgan. Buxoroliklar esa 2009 yilgi mavsumda "Navbahor"ni 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratishgan.
Shu kungacha Buxoroda bo‘lib o‘tgan 27 ta bahsning 12 tasida mezbonlar, 10 tasida esa namanganliklar zafar quchishgan. Beshta uchrashuvda esa tomonlar durangga imzo chekishgan.
Mazkur klublarning 1-davrada Namanganda bo‘lib o‘tgan bahsida Shahzod Shaymanovning dubli va Ivan Solovyovning gollari evaziga "Navbahor" jamoasi 3:1 hisobida g‘alaba qozongandi.

Fikrlar