«Neftchi» 3 nafar futbolchi bilan shartnomani uzaytirdi
Superliganing o‘tgan mavsumida chempionlikni qo‘lga kiritgan «Neftchi» o‘z tarkibidagi futbolchilarni saqlab qolishni maqsad qilgan. Klub bugun 3 nafar o‘yinchi bilan yangi shartnoma imzoladi. Bu haqida klub matbuot xizmati ma’lum qildi.
«Jamoamiz safida himoyachi sifatida to‘p surib, nafaqat mudofaa, balki hujumlarda ham faol ishtirok etib kelayotgan, o‘zining jangovor ruhi va fidoyiligi bilan muxlislar mehrini qozongan serbiyalik tajribali futbolchi Boyan Siger faoliyatini “Neftchi” safida davom ettiradi. Klub va futbolchi o‘rtasidagi shartnoma yana ikki yilga uzaytirildi.
Boyan Siger o‘tgan mavsumda jamoamiz tarkibida 24 ta uchrashuvda maydonga tushib, jami 2195 daqiqa harakat qildi. Himoyachi bo‘lishiga qaramay, u ushbu o‘yinlarda 3 ta gol muallifiga aylanishga muvaffaq bo‘ldi.
Ishonamizki, Boyan yangi mavsumlarda ham o‘z mehnati, tajribasi va mahorati bilan jamoamiz oldiga qo‘yilgan yuksak maqsadlar — chempionlikni himoya qilish va xalqaro maydonlarda munosib ishtirok etish yo‘lida katta hissa qo‘shadi.
Futbolchiga yangi mavsumda sog‘liq, barqaror o‘yin va jamoamiz bilan birgalikda yangi g‘alabalar tilaymiz!»
«Jamoamiz tarkibida bir necha yildan buyon darvozani ishonch bilan qo‘riqlab kelayotgan, tajribali va fidoyi posbon Akbarjon To‘raev yangi mavsumda ham faoliyatini jonajon “Neftchi” safida davom ettiradigan bo‘ldi. Klub va futbolchi o‘rtasidagi shartnoma yana bir yilga uzaytirildi.
Akbar To‘raev o‘zining tajribasi va maydondagi yetakchilik fazilatlari jamoaning chempionlik darajasiga ko‘tarilishida, shuningdek, klub nufuzining futbol olamida yanada mustahkamlanishida muhim o‘rin tutmoqda.
Ishonamizki, Akbar To‘raev yangi mavsumda ham o‘z mehnati va mahorati bilan jamoamizga munosib hissa qo‘shib, muxlislarni ishonchli o‘yinlari bilan xursand etishda davom etadi.
Futbolchimizga yangi mavsumda sog‘liq, barqarorlik va jamoamiz bilan birgalikda yangi zafarlar tilaymiz.»
Shuningdek, klub Farruh Sayfiev bilan ham bitimni 2026 yilning 31 dekabriga qadar uzaytirdi.
Fikrlar