
Nurbek Joldoshov: "Shunday o‘yin va tarkib bilan "Navbahor" chempionlik va O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritishga qodir"
"Navbahor" kecha Qirg‘iz Respublikasining “Neftchi” (Qo‘chqor-Ota) klubiga qarshi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdi va unda yirik – 7:2 hisobida g‘alaba qozondi.
Mazkur o‘yindan so‘ng “Neftchi” bosh murabbiyi Nurbek Joldoshovdan klub matbuot xizmatiga qisqacha intervyu berdi:
"Namanganga uchinchi marta tashrif buyuryapmiz. Jamoamizni juda yaxshi kutib olishdi. O‘yin juda chiroyli tarzda o‘tdi. Ayni paytda milliy chempionatimizda tanaffus yuzaga kelgan. Shuningdek, ayrim futbolchilar Qirg‘iz Respublikasi terma jamoasiga chaqirilishgan. Shu bois, bugungi tarkibimiz optimal bo‘lmadi va asosan yoshlarni maydonga tushirdik. Yaxshi bahs bo‘ldi. Ushbu uchrashuvni tahlil qilamiz. Bugungi o‘yin uchun “Navbahor” va Namangan ahliga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman".
– Bugungi raqib – “Navbahor”ning o‘yini borasida nima deya olasiz? Jamoamiz joriy mavsumda o‘z oldiga yuksak maqsadlar qo‘ygan...
– Biz bu yil OFK Kubogi guruh bahslarida Jizzaxning “So‘g‘diyona” jamoasiga qarshi maydonga tushdik (o‘sha o‘yinda jizzaxliklar 2:0 hisobida g‘alaba qozongandi). Shu bois, O‘zbekiston chempionatini sinchikovlik bilan kuzatyapmiz. Bu yil “Navbahor”ga qarshi 2 ta o‘rtoqlik bahsi o‘tkazdik hamda har ikki bellashuvda ham jamoamizga qiyin bo‘ldi. Shunday ajoyib o‘yin va tarkib bilan “Navbahor” chempionlik hamda O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritishga qodir. Uychida bo‘lib o‘tgan ilk xalqaro o‘rtoqlik bahsida durang – 1:1 hisobi qayd etilgandi. Bugun esa yirik hisobda imkoniyatni boy berdik.
Umuman olganda, ta’kidlaganimdek, “Navbahor” bilan 3 marta xalqaro o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazdik. 2018 yili bo‘lib o‘tgan bahsda 0:2 hisobida mag‘lubiyatga uchragandik va o‘shanda “Navbahor”ning bitta goliga ayni paytda Rossiya Premer-ligasining “Ural” klubida o‘ynayotgan Oston O‘runov mualliflik qilgandi.
– Namangan shahri haqida nima deya olasiz?
"To‘g‘risi, Namanganga kelganimizdan beri shaharni aylanishga vaqtimiz bo‘lmayapti. Ammo Namanganning gullar shahri ekanligini bilaman va eshitganman. Ushbu bayramga kelasi yili tashrif buyurishga harakat qilaman".
“Navbahor” PFK matbuot xizmati
Fikrlar