
Olimpiada chempioni Ulug‘bek Rashitov 1 oy avval: Tokiodagi musobaqada eng yosh ishtirokchi menman. Xudo xohlasa, hammasi yaxshi bo‘ladi!
Bugun Tokio Olimpiadasi chempioni, O‘zbekiston tarixiga taekvondo bo‘yicha Olimpiya o‘yinlarining birinchi medalini taqdim etgan Ulug‘bek Rashitov 9 iyun kuni SPORTS.uz saytiga bergan intervyusida quyidagi fikrlarni bildirib o‘tgan edi:
“Yoshligimdan sportga qiziqishim baland bo‘lgan. Uyda, turli kinolarni ko‘rgandan keyin ishtiyoq paydo bo‘lgan va dadam men sport to‘garagiga borishim kerakligini aytgandi. Shu-shu taekvondo bilan shug‘ullanib kelyapman. 6 yoshimdan beri bir murabbiy qo‘l ostida mashg‘ulot olib boraman”.
-Anchadan beri sport bilan shug‘ullanib kelyapsiz. Aytingchi, bu orada sportdan ketish niyati bo‘lmaganmi?
“Bo‘lgan. To‘g‘risi, futbolga o‘tib kelmoqchi bo‘lganman. Futbolni juda yaxshi ko‘raman. Hatto, bolaligimda ko‘chada yursam, onam mashg‘ulotlarga borishimni tayinlab, qo‘ng‘iroq qilardi. O‘sha paytda do‘stlarim bilan futbol o‘ynashni xohlardim. Futbol to‘garagiga bir necha kun borganman ham, biroq taekvondo bo‘yicha murabbiyim barchasini o‘z joyiga tushirib qo‘ygan”.
-Futboldan voz kechib, taekvondoni tanlashingizga sabab nima?
“To‘g‘risi, hozir aniq sababini eslay olmayman. Taekvondo mashg‘ulotiga keldim, menga ma’qul bo‘ldi va futbol o‘z-o‘zidan miyamdan chiqib ketdi. Lekin hozir vaqt topib, futbol o‘ynashga harakat qilamiz. Ba’zida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ham “o‘yin kuni” tashkil etamiz”.
-Aksariyat janglaringizda katta hisob qayd etiladi. Bunga sabab nima deb o‘ylaysiz?
“Odatda, birinchi raundda ochko jamg‘arishga kamroq harakat qilaman. Chunki bahs boshida raqibni o‘rganish ko‘proq muhim. U qanday harakat qilishi, uslubi, zaif nuqtalarini o‘rganish lozim. Keyin, ikkinchi va uchinchi raundda miyamni ishlatib hujumga o‘taman”.
-Yoshlar o‘rtasidagi Olimpiadada ishtirok etganingizga ko‘p bo‘lmadi. Endi bir necha oydan keyin kattalar o‘rtasidagi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etasiz. Ushbu ikki turnir o‘rtasidagi qanchalik farq bor, deb o‘ylaysiz?
"Hozir farqni aniq ayta olmayman-ku, leyin 100% bilaman, kattalar o‘rtasidagi Olimpiada qiyin bo‘ladi. Men yoshlar o‘rtasidagi Olimpiya o‘yinlariga 12 kg miqdorda vazn tashlab borganman. Shuning uchun, kuchim etmay qolgandi. Tokiodagi musobaqada eng yosh ishtirokchi menman. Hamma raqiblarim 20 yoshdan oshdan yigitlar. Xudo xohlasa, hammasi yaxshi bo‘ladi!"
Quyida to‘liq intervyuni tomosha qilish imkoniyatiga egasiz:
Fikrlar