
O‘runov – Premer-liganing har qanday klubini kuchaytirishga qodir!
Evropaning qator mamlakatlari kabi Rossiyada ham transfer oynasi ochilgani bois, futbolchilar faoliyatiga doir yangiliklar ham ko‘payib bormoqda. Xususan, eng ko‘p muhokama qilinayotgan o‘yinchilardan biri – Oston O‘runov masalasi hamon dolzarbligicha qolmoqda.
So‘nggi xabarlardan “Spartak” murabbiylar shtabi Oston O‘runovni 14-24 yanvar kunlari Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘ladigan dastlabki o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlariga jalb etgani ma’lum. Garchi bu holat moskvaliklar o‘zbek futbolchisiga ishonch bildirishda davom etishidan dalolat bersa-da, O‘runovning boshqa jamoaga o‘tib ketish ehtimoli ham tobora ortib bormoqda.
Kuni kecha, “Ufa” bosh direktori Rinat Shaybekov klub qanchalik xohlamasin, Oston O‘runovni olish imkoniyati yo‘qligini bildirgandi. Biroq klub boshqaruv kengashi raisi Rostislav Murzagulov ufaliklar Oston O‘runovni olish fikridan to‘la qaytmaganini ma’lum qildi.
- Albatta, bizning ham klubdagi o‘zgarishlar bo‘yicha o‘z rejalarimiz bor. Lekin kimlar ketishi kerakligini hozirdan gapirsak to‘g‘ri bo‘lmaydi. Keladiganlar haqida avval ham ko‘p gapirganman. Agar yangilar olinadigan bo‘lsa, hozirdan asosiy tarkibki kuchaytirishga qodir futbolchilarni taklif qilamiz. Qaysi pozitsiyalarni kuchaytirish kerakligini aniq bilamiz. Darvozadan boshqa har bir nuqtaga bittadan futbolchi olishimiz kerak.
O‘z navbatida, jamoani kuchaytiradigan futbolchilar bilan muzokaralarga kirishilgan, lekin odatga ko‘ra, kelishuv amalga oshmagunicha, oldindan ovoza qilinmaydi. Nima bo‘lsa ham, bir juft yaxshi transferni uddalashimiz aniq.
O‘runov masalasi juda nozik. Biz u haqida mamnuniyat bilan biron narsa deyishimiz mumkin bo‘lgan holatdamiz. Lekin har bir so‘zimiz amalda boshaqacha talqin qilinish ehtimoli yuqori. Shuning uchun ham Oston masalasida har qanday izohni ichimdan tashqariga chiqarmayman.
Shunisi aniqki, Oston O‘runov Rossiyada har qanday klubni kuchaytirishga qodir. Hatto o‘sha “Spartak”ni ham!, - dedi Rostislav Murzagulov.
Darhaqiqat, “Ufa” Oston O‘runovning Rossiyadagi dastlabki klubi hisoblanadi. 2020 yilning boshida Toshkentning “Lokomotiv” jamoasida “Ufa”ga ko‘chib o‘tgan hamyurtimiz premer-liga o‘z o‘yinlari bilan ufaliklarga katta yordam berdi. O‘tgan mavsum yakunlanishi bilan O‘runovga TsSKA, “Lokomotiv”, “Spartak” va “Rubin” kabi jamoalardan jiddiy takliflar bo‘ldi. Garchi qolgan jamoalar O‘runov transferi uchun “Spartak”dan ko‘p pul va’da qilgan bo‘lsa-da, yozda “Spartak” bsh direktoriga aylangan Shamil Gazizov O‘zbekistondan o‘zi olib kelgan iste’dod egasini boshqa klublarga bergisi kelmadi.
Natijada 1,5 million evro evaziga “Spartak” tarkibiga borib qo‘shilgan Oston moskvaliklar bilan besh yillik shartnomaga imzo chekdi. O‘zbekistonlik futbolchi hozirgacha premer-liga va mamlakat kubogi doirasida jami to‘qqizta uchrashuvda maydonga tushib, bitta gol urdi. Chempionat o‘yinlarida bahsga asosan so‘nggi daqiqalarda qo‘shilayotgan legionerimiz o‘zini ko‘rsatish uchun etarli darajada o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayapti.
Shu o‘rinda, “Spartak”da legionerlar bilan bog‘liq vaziyat tobora chigallashib bormoqda. Rossiya premer-ligasida legioner soniga cheklov kiritilgan va har qanday klub sakkiztadan ortiq xorijlik futbolchini ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin emas. Hozir “Spartak” tarkibida O‘zbekiston, Frantsiya, Braziliya, Chexiya, Nigeriya, Shvetsiya va Argentinadan jami ettita xorijlik futbolchi bor.
Yaqinda “Spartak” Gollandiya chempionati grandlaridan biri PSV jamoasi yarim himoyachisi Yorrit Xendriks bilan kelishuvga erishgani haqida xabar tarqatildi. Shuningdek, moskvaliklar tarkibiga “Flamengo”ga ijaraga berilgan braziliyalik Pedro Rosha ham qaytmoqda. 2017 yili 12 million evroga xarid qilingan bu futbolchi ham Oston O‘runov bilan birga dastlabki o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida ishtirok etadi.
Rosha va Xendriksning kelishi bilan, “Spartak”dagi xorijliklar soni to‘qqiztaga etadi va qaysidir bir legioner jamoani tark etishi kerak. Hozircha, bu aynan Oston O‘runov bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.
O‘runovni Evropada kutishyaptimi?
O‘runovdan xushxabar!
Fikrlar