"Oxirgi 5 o‘yinda 5 gol va 4 assist? Ha, bu legionerimizdan umidimiz katta"

  • 30.04.2021 01:05
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

O‘zbekiston kubogi 3-turi doirasidagi «Dinamo» - «Surxon» (3:1) uchrashuvidan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Hakim Fuzaylov o‘yin haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.

- Kubokdagi dastlabki vazifamiz guruh bosqichidan chiqish edi va buni 1-o‘rinni egallab amalga oshirishni istagandik. «Surxon» Superliga jamoasi ekanligi sababli ikkinchi bo‘limda ikki jamoaga ham oson bo‘lmadi. Ikki xil taymni ko‘rdik. Birinchi bo‘limda yaqqol ustunlik qilib, uchta gol urganimizdan so‘ng ikkinchi taymda aksariyat futbolchilarni keyingi o‘yinga olib qolishga qaror qildim. Ammo o‘yinimiz 1-taymdagidek chiqmadi, zaxiramiz o‘yinni kuchaytirdi, deyish qiyin. Shunga qaramay, samarqandlik muxlislarga rahmat – 90 daqiqa davomida jamoani qo‘llab-quvvatlab, olg‘a boshlashdi. Yirik hisobda ham g‘alaba qozonishimiz mumkin edi. Umuman olganda, jamoa yomon harakatlanmadi.

Marchuk oxirgi 5ta o‘yinda 5ta gol urib, 4ta uzatmani amalga oshirdi? Ha, uning harakatlari va sermahsulligidan xursandmiz. Ukrainalik futbolchimiz hali 23 yoshda, u yanada o‘sishda davom etadi. Oleg maydonda katta hajmdagi ishni bajaradi, sheriklariga yordam beradi, umuman intizomga ham jiddiy e’tibor qaratadigan futbolchi. Olegdan umidimiz katta, u «Dinamo» uchun muhim o‘yinchi.

Pro liga keyingi turida «Neftchi» bilan bahs kutib turgani uchun ham tanaffusdan keyin aksariyat o‘yinchilarga dam berdik. Farg‘ona viloyati vakili Pro liga favoriti sanaladi, Superliga uchun asosiy da’vogar bo‘lib turibdi. Jamoamizda kayfiyat a’lo, mashg‘ulotlarda yanada yaxshiroq ishlashda davom etamiz. «Neftchi» bilan bahsda ikki tomonga ham oson bo‘lmaydi, - dedi Hakim Fuzaylov.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!