
Oybek Qilichev terma jamoamiz haqida: "Hatto Mourino kelsa ham futbolchilar maydonda "yonib" o‘ynamasa murabbiy hech nima qila olmaydi"
O‘zbekiston milliy terma jamoasining Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yinida qayd etgan natijasi tufayli xafsalamiz pir bo‘ldi. Biz ishongan jamoaning qo‘lidan hech nima kelmadi.
O‘yin haqida ortiqcha gapirib o‘tirmaymiz. Hamma o‘z xulosasiga ega bo‘ldi. Mazkur bellashuv tufayli tushkun kayfiyatga berildik. Lekin oldindan rejalashtirib qo‘yganimizdek, terma jamoamizning saudiyaliklarga qarshi o‘yini borasida o‘sha bellashuv tugaganidan so‘ng, yarim tun bo‘lishiga qaramay, darhol rossiyalik mutaxassis bilan muloqotga kirishdik.
Shu payt, kutilmaganda telefonim jiringlab qoldi. Bu “Qizilqum” etakchisi Oybek Qilichev edi. U ham biz kabi mag‘lubiyatdan qattiq siqilgan va kayfiyatsiz holatda edi. Shunday bo‘lsa ham, uchrashuv haqida o‘zining fikr va mulohazalarini bildirishni lozim topdi va shunday dedi:
- Futbolchilarga ishonch bildirildimi, demak ular ham maydonda o‘z kuchini ko‘rsatishi kerak! Bo‘lmasa, terma jamoada nima qilib yuribsan? Mana, boshqalar o‘ynayapti-ku! Hamma murabbiy, murabbiy, deb gapiryapti. Lekin maydondagi futbolchilar-chi? Ularga ishonib, maydonga tushirdimi, endi ishonchni ham oqlashsin-da! Milliy terma jamoaga chaqirilgan hamma futbolchi o‘ynashga har tomonlama tayyor bo‘lishi kerak. Vadim Abramovni ham qo‘lidan nima kelsin, u futbolchilarga ishondi va maydonga tushirdi. Hech bo‘lmaganda, durangga ham kuchi etmadi...Maydonga tushgach, ishonchni oqlash shart, bu erda bahona ketmaydi. Maydonda 11 ga 11 o‘ynaladi. Yigitlar O‘zbekiston sha’nini munosib himoya qilishi kerak-ku! Axir ularni ortlarida O‘zbekiston xalqi turibdi. Shuning uchun futbolchilar “yonib” o‘ynamaydimi? Milliy terma jamoa uchun o‘ynayaptimi, jonini jabborga berib o‘ynash kerak. Axir raqib ham biz bilan teng-ku, ular maydonda 13-14 nafar emas. Jamoamiz haqiqiy kuchini ko‘rsatib, raqibni yutsa bo‘lardi. Hadeb murabbiyni ayblayvermaslik kerak. U o‘sha o‘yinchilarga ishonch bildirdimi, bo‘ldi o‘sha ishonchni oqlash lozim. Maydonda bir-ikkita futbolchi jon kuydirgani bilan ish bitmaydi. Butun jamoa birlashishi va g‘alaba uchun kurashishi shart. Afsuski, biznikilarda qo‘rquv bor. Agar qo‘rqsa, futbol o‘ynashni hojati yo‘q.
Oddiy misol, Tojikistonning o‘yinini qarang yoki “Istiqlol”ni olaylik, bu klub Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichida nimalar qildi?! Ularning futbolchilari g‘alaba uchun o‘ynayapti va kurashyapti. Bizni o‘yinchilar nima qilyapti? Bunday tarkibga hatto Mourinoni olib kelsangiz ham, agar futbolchilar o‘ynamasa, murabbiy hech nima qila olmaydi. Futbolchilarni o‘zida bo‘lmasa, natija kutishni keragi yo‘q. Barcha ayb murabbiyda emas, o‘yinchilar ham aybni o‘zidan qidirishi kerak. Arablar bizdan ancha kuchayib ketdi. Vaholanki, biz shu paytgacha arablardan kuchaygan bo‘lishimiz kerak edi. Hatto, Yaponiyani ham yutganmiz. Bunday mag‘lubiyatlar bizga to‘g‘ri kelmaydi.
Ko‘ryapsiz, oddiy-oddiy xatolar bo‘ldi. O‘zimizga-o‘zimiz muammolar qildik. Yakunda xatolar golga sabab bo‘lyapti. Jamoa o‘ziga ishonishi juda muhim. Xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarilmadi. Aytyapman-ku, futbolchilarimiz qo‘rqib o‘ynashdi, o‘zlariga bo‘lgan ishonch yo‘q edi. To‘pni tezroq sherigimga uzatsam va xato qilmasam, degan xayol bilan o‘ynadi.
To‘g‘ri, taktikaga ham bog‘liq. Futbolchilarni joy-joyiga qo‘yish kerak. Bunday vaziyatda Amerika kashf qilish shart emas. Shunchaki, kim qaysi pozitsiyaga moslashgan bo‘lsa, o‘z joyida o‘ynatish lozim. Mayli, murabbiy futbolchilarni o‘sha pozitsiyalarga ishonch bildirib qo‘ygandir. Faqat buni oqlash kerak. Yo‘qsa, o‘yinchi men bu erda o‘ynay olmayman, o‘z pozitsiyamga qo‘ying, deb aytmaydimi? Murabbiy har bir chiziqda futbolchilarga alohida vazifalar yuklaydi va shunga qarab maydonga tushiradi. Shunday ekan, o‘yinchilar o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlashlari talab qilinadi. Ko‘ryapsiz-ku, hech nima o‘xshamadi, hujumlarimiz ham. Darvozaga aniq zarba tepa olishmadi. Ko‘p futbolchlar terma jamoaga nima uchun kelishadi, tushunib bo‘lmaydi, - deya so‘zini yakunladi futbolchi.
Fikrlar
Murabbiy zo'r mutaxasis bo'lsa, albatta natija xam bo'ladi.
Alla qanday millatini tayini yo'qlarga ishonib milliy jamoani topshirganlarda, na millatsevarlik va na vatanparvarlik bor?!