O‘zbek futbolchisi “shov-shuv” ko‘tardi! Evropada legionerimizga e’tibor qaratishdi
O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari – Shahboz Umarov va Bobur Abduxoliqov o‘ynayotgan “Ordabasi” klubi UEFA tasnifidagi uchinchi musobaqa – Konferentsiyalar ligasi saralash turnirining ikkinchi bosqichida qatnashmoqda.
Shimkent jamoasi bu bosqichda Polshaning ko‘p karra chempioni va eng kuchli jamoasi – “Legiya”ga to‘qnash kelgan. Qozog‘istonda o‘tkazilgan dastlabki uchrashuvda shimkentliklar ikki to‘p farqi bilan hisobda oldinda borganiga qaramay, bellashuv yakunlanishi arafasida g‘alabani qo‘ldan chiqarib, 2:2 hisobidagi durang bilan kifoyalandi.

Endi bir necha soatdan keyin “Ordabasi” Polshada raqib maydonida javob o‘yinida ishtirok etadi.
Hal qiluvchi bellashuvdan oldin “Legiya” matbuot xizmati xodimi Mateush Okrashevski “Ordabasi” jamoasining etakchilari haqida yozdi.
- “Ordabasi” jamoasi “Legiya” bilan bo‘lgan birinchi o‘yinda ularning muxlislari keyingi yillarda ko‘nikib qolgan o‘yinni namoyish qildi.
Jamoa o‘yinining “me’morlari” barcha harakatlarda ishtirok etgan jamoa sardori Asxat Tagibergan, har ikki qanotda “shov-shuv” ko‘targan Shahboz Umarov bo‘ldi.
Shuningdek, Sergey Maliy va Pape Mamadu Mbodj himoyada juda yaxshi o‘ynadi.
Qozog‘istonliklar asosiy e’tiborini himoyani mustahkam ushlash va o‘tkir qarshi hujumlar uyushtirishga qaratdi.
“Ordabasi” o‘yin uslubida standart vaziyatlar alohida ahamiyat kasb etadi. “Legiya” darvozasiga ikkinchi golni aynan ana shunday vaziyatdan kiritishdi. Qozog‘iston jamoasi bo‘yi baland himoyachilara ega va standart vaziyatlarda aynan ularga to‘p yuqorilab etkazib beriladi. “legiya” javob o‘yinida mana shu omillarga e’tibor qaratishi kerak bo‘ladi, - deb yozdi klub matbuot xizmati vakili Mateush Okrashevski.
Ta’kidlash joizki, “Legiya” va “Ordabasi” o‘rtasidagi javob uchrashuvi oldidan legionerimiz Shahboz Umarov ham bo‘lajak bahs haqida fikr-mulohazalarini bildirdi.
- Biz raqiblarni hurmat qilamiz, lekin hech kimdan qo‘rqaymiz. Chunki mentalitetimiz aynan shunaqa.
Biz chiroyli futbol o‘ynab, oxirigacha kurashamiz. Bellashuvdan keyin tabloga qarab qo‘yamiz, - dedi Shahboz Umarov.

“Legiya” va “Ordabasi” o‘rtasidagi javob uchrashuvi 3 avgustdan 4 avgustga o‘tar kechasi Toshkent vaqti bilan 00:00 da boshlanishi rejalashtirilgan.
Fikrlar