O‘zbekiston 2031 yilgi Osiyo kubogiga mezbonlik qiladimi?
BAA 2031 yilgi Osiyo Kubogi mezbonligidan voz kechdi. Shu sababli hozirda turnirni o‘z mamlakatlarida o‘tkazish uchun Indoneziya, Avstraliya va Janubiy Koreya kurash olib bormoqda. Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari — Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston musobaqani birgalikda qabul qilish bo‘yicha OFKga qo‘shma ariza topshirgan.
Taniqli futbol eksperti Alisher Nikimbaev ushbu nomzodlarning imkoniyatlarini baholadi.
“Musobaqa mezbonligi uchun asosiy da’vogar Markaziy Osiyo bo‘lmaydi, deb o‘ylayman. Fikrimcha, ular hozircha tayyor emas. OFKning ayrim talablari O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston tomonidan to‘liq bajarilmaydi. Shu sababli asosiy favorit Janubiy Koreya bo‘lsa kerak.
Biroq ularga ham oson bo‘lmaydi. Chunki mamlakatdagi stadionlarning aksariyati 2002 yilgi Jahon chempionati uchun qurilgan. Shundan buyon OFK talablari o‘zgargan va bugungi kunda Koreyadagi ko‘plab stadionlar ushbu talablarga javob bermaydi. Ularni rekonstruktsiya qilish uchun katta mablag‘ talab etiladi.
Ikkinchi variant sifatida Quvaytni ko‘rsatish mumkin. Ammo bu davlat stadionlarining holati ham ideal emas. Mezbonlik masalasida ko‘pincha siyosiy omil ham muhim rol o‘ynaydi — kimga ko‘proq zarur bo‘lsa, o‘sha davlat mezbonlikni qo‘lga kiritadi.
Shaxsan mendan so‘rashsa, musobaqani Koreyada o‘tkazgan bo‘lardim. Chunki so‘nggi yillarda turnirlar asosan Arab davlatlari va G‘arbiy Osiyoda bo‘lib o‘tyapti. Osiyoning sharqiy mintaqasiga imkoniyat berish maqsadga muvofiq bo‘lardi. Indoneziya ham mezbonlikka da’vogarlik qilmoqda, biroq OFK uchun Koreya Indoneziyadan ustunroq variant. Asosiy da’vogarlar Koreya va Quvayt”, — dedi Nikimbaev.
Ma’lumot uchun, 2031 yilgi Osiyo Kubogi mezboni bo‘yicha rasmiy qaror 2026 yilda bo‘lib o‘tadigan OFK (AFC) Kongressida e’lon qilinadi.
Fikrlar