O‘zbekka "aylangan" Goronjon! "Andijon"ning legioneri nimadan kuch olayotganini bilasizmi?

  • 23 may, 2022, 12:47
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Andijon” jamoasiga yil boshida yangi taklif qilingan o‘yinchilar orasida chernogoriyalik yarim himoyachi Goron Miloyko ham bor.

Tecno

28 yoshli legioner o‘tgan vaqt davomida o‘zidan iliq taassurot qoldira oldi. Uning maydondagi vazifasi asosan “qora ish” bilan shug‘ullanish. Aniqrog‘i, raqib hujumlarini buzishda Miloyko ancha foydali ish koeffitsientini bajarmoqda. Futbolchi “Andijon”ning barcha o‘yinlarida deyarli to‘liq harakat qilib kelmoqda. Bu esa uning o‘ziga yuklatilgan vazifani yaxshi bajarayotganidan dalolat.

Legioner O‘zbekistonda faoliyatini boshlaganidan beri hali OAVga intervyu bermagandi. Nihoyat, “Andijon”ning “Buxoro”ga qarshi uchrashuvidan so‘ng chernogoriyalik legioner suhbatlashishga rozi bo‘ldi.

- Goron, dastlab “Andijon”ning “Buxoro”ga qarshi o‘yini haqidagi fikringiz bilan o‘rtoqlashsangiz. Jamoa nima uchun g‘alaba qozona olmadi?

- Biz bu uchrashuvga yaxshi tayyorlangandik. Afsuski, futbolda omad ham muhim rol o‘ynaydi. Shu kuni omad bizga kulib boqmadi. Oldingi uchrashuvlarda qiyin vaziyatlardan chiqib ketib g‘alabalarga erishgandik va o‘shanda omad ham biz tomonda bo‘lgandi. Keyingi uchrashuvlarda yana g‘alabalar qozonib ishqibozlarni xursand qilishda davom etamiz.

- Pro liga Superligadan keyingi o‘rinda turadi. Ayting-chi, pro liganing darajasi qanday? Bu erdagi chempionatning plyus va minuslari sizga ko‘rinyaptimi?

- Ha, bilaman bu pro liga. Lekin jamoamizning darajasi va mavqei Superliga klublariniki bilan teng. Xudo xohlasa, bu yil albatta Superligaga qaytamiz. Jamoamizni joyi o‘sha erda. Barcha harakatlarimiz shunga qaratilgan.

goron1

- Bu erdagi muxlislarning qanchalik qo‘llab-quvvatlashlarini ko‘rib turibsiz. Stadiondagi muhitdan o‘zingiz uchun qanday energiya olyapsiz?

- Bunday muxlislik qanday yoqmasligi mumkin? Andijon ishqibozlari O‘zbekistonda birinchi raqamli, bunga shubha yo‘q. Ular eng zo‘ri! Stadiondagi muhit qoyilmaqom darajada va bu holat menga qo‘shimcha kuch beryapti. Hatto Serbiyadagi muxlislardan ham yuqori darajada. “Andijon”ni zo‘r berib olqishlashlari menga juda yoqyapti.

- Ko‘ryapmizki, sizning maydondagi vazifangiz asosan raqib hujumini buzish va jamoangiz hujumini boshlab berishdan iborat. Bunday pozitsiyada to‘p surish siz uchun qulaymi yoki boshqa chiziqda ham o‘zingizni tasavvur qila olasizmi?

- Buni bosh murabbiy hal qiladi. Ko‘proq tayanch yarim himoyasida o‘zimga yuklatilgan vazifani bajaraman. Murabbiy menga qaerda o‘ynashimni aytsa, o‘sha erda o‘ynab jamoam uchun foyda keltirishga harakat qilaman.

- Shu paytgacha ortda qolgan uchrashuvlar orasida siz uchun eng qiyin yoki eng yoqimlisi qaysi o‘yin bo‘ldi?

- Eng yaxshi o‘yin men uchun safarda “Turon”ni mag‘lubiyatga uchratgan bahsimiz. Menga juda yoqqandi va muhit ham zo‘r edi. Pro ligada bizdan keyingi eng yaxshi jamoa “Turon”. Ularga qarshi uchrashuvda g‘alaba qozonganimiz menda katta taassurot qoldirdi.

goron2

- Faoliyatingiz davomida bir qancha murabbiylar bilan ishlab ko‘rgansiz. “Andijon”ni boshqarayotgan Viktor Kumikovni oldin ham bilarmidingiz? Uni ajratib ko‘rsatadigan xususiyatlari bormi?

- Kumikov haqida bilardim, oldin eshitganman. Qozog‘iston klublarida ishlab Evropa maydonlarida ham ishtirok etgan. Boshqa murabbiylarga qaraganda xarakteri qattiq va talabchan. Bilamanki, Viktor Balyutovichni tajribasi juda baland.

- Aslini olganda, “Andijon” taklifini qabul qilishingizga nimadir turtki berganmi? Ilgari ham sizda O‘zbekistonda to‘p surish varianti bo‘lganmi?

- Chernogoriyada o‘ynab yurgan paytimda O‘zbekistonda pro liga chempionatidagi jamoadan taklif borligini aytishdi. Qarasam, “Andijon”da Superligaga qaytish vazifasi qo‘yilgan ekan. Natijada agentlarim bilan kelishib klubga yordam berishga qaror qildim. O‘zbekiston chempionatida serbiyalik ko‘plab legionerlar to‘p surishadi. Shular orqali ham juda yaxshi ta’riflarni eshitdim. Men Qozog‘iston, O‘zbekiston va boshqa chempionatlarni solishtiraman, ularning orasida sizning chempionatingizdagi futbol saviyasi yaxshiroq. O‘yinlar jangovar ruhda o‘tadi. Men O‘zbekistonda ko‘proq qolib, muxlislar olqishiga sazovor bo‘lishni istayman.

- Faoliyatingizda birinchi marta legioner sifatida to‘p suryapsiz. Moslashish qiyin kechmadimi?

- To‘g‘ri, men ilgari chetda to‘p surmagandim. Ammo “Andijon”da hammasi a’lo darajada. Biz bu erda bir oilaga aylandik. Masalan, o‘ng qanot himoyachimiz Abduvohid G‘ulomov bilan xuddi aka-ukadekmiz. Jamoadagi har bir inson bilan do‘stmiz va bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaymiz. Murabbiylar shtabi, shifokorlar, matbuotdagilar, oshpazlar, hamma-hammasi menga nihoyatda yoqadi. Ochig‘i, jamoamizdagi ahillik ham menga qo‘shimcha quvvat bag‘ishlab turadi. Shuning uchun o‘zimni xuddi uyimdagidek, shahrimda yurgandek his qilaman.

goron3

- To‘g‘ri, maydonda tashqarida ham jamoadoshlaringiz bilan juda quvnoq kayfiyatdasiz. Shuning uchun bo‘lsa kerak, sizni Goron emas, balki mahalliylashtirib - Goronjon deb chaqirishadi. Bu nom sizga yoqyaptimi?

- Bu menga juda yoqadi. Agar sizlarga ismimni o‘zbekchaga moslashtirib Goronjon deb atash yoqsa, men ham bundan xursandman. Doim meni Goronjon deb chaqirishsa yuzimda tabassum paydo bo‘ladi.

- Yurtingizga qaytganingizda ham Goronjon deb chaqirishlarni istarmidingiz?

- Menga farqi yo‘q, doim yoqimli tuyuladi. Hozir O‘zbekistondaman va ismimni Goronjon deb atashyapti va bu juda quvnoq eshitiladi. Qolaversa, menga o‘zbek tili ham yoqib qoldi. Har doim Goronjon deb chaqirishsa labbay deb javob beraman.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!