"Paxtakor" bugun chempionlikni rasmiylashtiradimi? "Qo‘qon-1912" raqibning chempionligini ortga sura oladimi?
"Paxtakor" Superliganing 23-turida Toshkentda "Qo‘qon-1912"ni qabul qiladi. Toshkentliklar matbuot xizmati uchrashuvga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.
Mazkur bahsdagi g‘alaba "sherlar"ning O‘zbekiston chempionatida 13-bor oltin medallarga ega chiqishini ta’minlashi mumkin. Shu sababli bellashuv juda katta ahamiyatga ega. Qolaversa, qo‘qonliklar sovrindorlar qatoridan o‘rin olish uchun kurashni davom ettirmoqda.
Qo‘qonliklar bilan kechadigan bellashuvni diskvalifikatsiya sababli Hojiakbar Alijonov va Jaloliddin Masharipov o‘tkazib yuboradi. Raqibdan Avaz Mamatxo‘jaev sariq kartochkalar tufayli o‘ynamaydi. Suhrob Berdiev va Shohnazar Norbekovda esa jarohat mavjud.
"Qo‘qon-1912"ga qarshi chempionatlarda o‘tgan 29 bahsning 17tasida "Paxtakor" zafar quchgan. 7 o‘yinda durang qayd etilgan bo‘lsa, 5 marta raqib g‘alaba qozongan. Raqib darvozasini 77 marta ishg‘ol qilgan toshkentliklar 40 gol o‘tkazib yuborgan.
Toshkentdagi uchrashuvlarning 12tasida "Paxtakor" zafar quchgan bo‘lsa, bittadan to‘qnashuv durang va mehmonlar yutug‘i bilan tugagan. 6 bahsda poytaxtliklar yirik hisobda zafar quchgan. Uyda 52 to‘p kiritgan "sherlar" o‘z darvozasidan 17 gol olib chiqishgan. O‘zaro o‘yinlardagi eng yirik natija 2000 yil kuzatilgan. O‘shanda "Paxtakor" 7:1 hisobida g‘alaba qozongan. O‘tgan yili Toshkentda "Paxtakor" 3:1 natijasi bilan muvaffaqiyatga erishgan.
"Paxtakor" va "Qo‘qon-1912" jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv bugun "Paxtakor" stadionida soat 17:00da boshlanadi.

Fikrlar