
"Penaltiga tortmasdi, jurnalistlar bizni favorit deb e’tirof etishyapti, ammo..." yoxud Milan Mitrovich "So‘g‘diyona"ning OFK Kubogidagi debyuti haqida
Ilk bor OFK Kubogida qatnashayotgan “So‘g‘diyona” klubi guruhdagi dastlabki ikkita o‘yinda g‘alaba qozondi. Avvaliga Qirg‘izistonning “Neftchi” jamoasini 2:0 hisobida mag‘lub etdi. Keyin mezbon – Tojikistonning TsSKA klubini 3:2 natijasi bilan engdi.
Oldinda Turkmanistoning “Oltin Asr” jamoasiga qarshi bahs kutyapti. Jizzaxliklar kutilganidek keyingi bosqichga chiqish uchun yaxshi imkoniyatga ega.
“So‘g‘diyona”ning asosiy darvozaboni Milan Mitrovich ortda qolgan bahslar borasida fikr bildirdi.
TsSKA ustidan qozonilgan g‘alaba haqida
- Biz juda murakkab, boz ustiga maydonning o‘rta chizig‘ida yaxshi harakat qiladigan mezbon klubga qarshi to‘p surdik. Shunday bo‘lsa-da, o‘yinni nazorat qildik. Gol kiritgandan keyin tashabbusni o‘z qo‘limizda saqlay oldik. Darvozamizdan dastlabki golni o‘z xatoimiz evaziga o‘tkazib yubordik. O‘zimiz gol urgandan keyin o‘yin nazoratini yana qo‘limizga ola bildik. Keyin hakam aslida bo‘lmagan va penaltiga tortmagan 11 metrlik jarima to‘pini darvozamiz tomon belgiladi. Vaholanki, o‘sha vaziyatda to‘p futbolchimizni qo‘liga emas, oyog‘iga tekkandi. Shunday bo‘lsa-da, hakam hammasini ko‘rib turganiga qaramay, penalti belgilashga jazm etdi. O‘sha vaziyatdan keyin biz butun diqqat-e’tiborimizni natija uchun qaratishga tushdik. Buning oqibatida g‘alaba qozondik va maqsadimizga erishdik. G‘alabani nishonladik. O‘zimiz kutgan qimmatli ochkolarni qo‘lga kiritgan holda peshqadamlikni saqlab qoldik.
Sun’iy maydonning ta’siri
- Ha, shak-shubhasiz bu hol o‘yinimizga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qo‘ymayapti. Ammo shuni ta’kidlashim joizki, turnir boshlanishi oldidan sun’iy maydonda o‘ynashimizni his etgan holda shunga yarasha tayyorgarlik ko‘rgandik. Shuning uchun bo‘lsa kerak, o‘yinimiz ancha yaxshi chiqyapti, to‘g‘ri, qiyinchiliklar yo‘q emas. Lekin asosiysi, biz musobaqaga yaxshi tayyorlanganmiz. Har 3 kunda o‘yin o‘tkazish oson emas. Ustiga-ustak, tashqi muhit ham ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmayapti. Uchrashuvni kechki soat 10 ga belgilashgani biroz bo‘lsa ham futbolchilarga engillik tug‘dirdi. Negaki, salqinda to‘p surish jaziramada o‘ynashdan ko‘ra engilroq. Bizda maqsad bor bo‘lib, qanday bo‘lmasin o‘z oldimizga qo‘ygan o‘sha maqsadni amalga oshirishga harakat qilamiz. Bunday maydonda va sharoitda to‘p surish mutlaqo oson ish emas.
OFK Kubogidagi debyut ishtirok xususida
- Albatta, bu men uchun o‘yinchilik faoliyatimdagi dastlabki OFK turniri. Jumladan, butun jamoa va aksariyat sheriklarim uchun ham xuddi shunday ahamiyatga ega bo‘lgan musobaqadir. Ammo guruh o‘yinlarini yaxshi o‘tkazyapmiz va navbatdagi bosqichga yo‘l olish uchun qulay imkoniyat hosil qilganmiz. Raqiblarni hurmat qilamiz, ular yaxshi tarkibga ega bo‘lgan klublardir. O‘z navbatida raqiblarimiz bizni hurmat qilishyapti. Turnirni yoritayotgan jurnalistlar esa klubimizni favorit sifatida e’tirof qilmoqdalar. Bu yoqimli. Lekin bunday e’tiroflarga aldanib qolmay, maqsadimiz sari qadamba-qadam ilgarilab borishimiz kerak.
Tashkilotchilik
- Turnir uchun tashkiliy ishlar ancha yuqori darajada yo‘lga qo‘yilgan. Tashkilotchilar mashg‘ulotlardan tortib to o‘yinlargacha hammasini risoladagidek tashkil etishgani kishini quvontirmay qo‘ymaydi. Ishtirokchilar uchun tashkil etilgan shart-sharoitlar a’lo darajada. Mehmonxonadan mashg‘ulotlar va o‘yinlarga etib borish uchun transport ham zo‘r darajada yo‘lga qo‘yilgan. Buning uchun tashkilotchilar va mezbonlarga alohida minnatdorlik bildirish joiz. Hammasiga rahmat.
Fikrlar