
Premer-liga klubi taniqli legionerimizni jo‘natib yubordi
Qozog‘iston Premer-ligasida joriy mavsum yuqori o‘rinlar uchun kurashayotgant “Qayrat” jamoasi asosiy o‘yinchilardan biri Ibrohimxalil Yo‘ldoshev klubni vaqtincha tark etgani haqida rasmiy ma’lumot chiqardi.
- Qayrat himoyachisi Ibrohimxalil Yo‘ldoshev 2024 yilgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish uchun O‘zbekiston U-23 terma jamoasi ixtiyoriga jo‘nab ketdi.
Olimpiadaning futbol turniri Parij shahrida 24 iyuldan 9 avgustga qadar davom etadi.
Ibraga va uning terma jamoasiga musobaqada muvaffaqiyatli qatnashishlarini tilab qolamiz, - deb rasmiy bayonot berdi “Qayrat” klubi matbuot xizmati.
Bundan tashqari, klub ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali O‘zbekiston U-23 terma jamoasi 24 iyulda Ispaniya, 27 iyulda Misr va 30 iyulda Dominikan Respublikasi futbolchilari bilan kuch sinashishini eslatib, o‘yinlar taqvimini ham e’lon qildi.
Asli «Paxtakor» tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Ibrohimxalil Yo‘ldoshev Rossiyaning “Nijniy Novgorod” futbolchisi hisoblanadi. “Qayrat” joriy mavsum boshida chap qanot o‘yinchisini keyinchalik to‘liq transfer qilish huquqi bilan bir yilga ijaraga olgan edi.
23 yoshli futbolchimiz qozoq klubining etakchilaridan birga aylandi. Hozirgacha, barcha turnirlarda 13 marotaba maydonga tushib, himoyadagi vazifalarini bajarishdan tashqari, hujumchilarga qo‘shilib kelmoqda. Bu o‘yinlarda Ibrohimxalil ikkitadan gol va golli pas muallifi bo‘ldi.
Ibrohimxalilning “Nijniy Novgorod” bilan amaldagi shartnomasi kelasi yilning yozigacha tuzilgan. “Qayrat” bilan ijara bitimi shu yilning 31 dekabr kuni yakunlanadi.
O‘zbekiston U-23 terma jamoasi bosh murabbiy Timur Kapadze Frantsiyada bo‘ladigan yozgi Olimpiya o‘yinchilari uchun 22 futbolchidan iborat tarkibni e’lon qildi. Ibrohimxalil Yo‘ldoshev bilan birga hisoblaganda ulardan etti nafari xorij klublarida o‘ynayotgan legionerlardir.
Xususan, yakuniy tarkibga jalb qilinganlardan Yo‘ldoshev Qozog‘istonning “Qayrat” jamoasi vakili bo‘lsa, Abduqodir Husanov Frantsiyaning “Lans”, Umarali Rahmonaliev va Abbosbek Fayzullaev mos ravishda Rossiyaning “Rubin” va TsSKA futbolchilari hisoblanadi.
Qoidaga ko‘ra, Olimpiya o‘yinlarida 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar ishtirok etadi. Biroq qatnashchilar uch nafar yoshi katta o‘yinchilarni ham tarkibga kiritish huquqiga ega.
O‘zbekiston U-23 terma jamoasi murabbiylar shtabi bu huquqdan foydalanib, tarkibni Italiyaning “Roma” klubi hujumchisi Eldor Shomurodov, Turkiyaning “Rizespor” jamoasi himoyachisi Husniddin Aliqulov va “Persepolis” safida Eron chempionligiga sazovor bo‘lgan hujumkor futbolchi Oston O‘runov bilan kuchaytirdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi joriy yilning aprel oyida Qatarda 23 yoshgacha futbolchilar ishtirokida o‘tkazilgan Osiyo kubogida ikkinchi o‘rinni egallab, o‘z tarixida ilk bor yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma oldi.
Bo‘lajak Olimpiadada barcha sportchilarimiz qatori futbolchilarimizga ham omad va muvaffaqiyat tilaymiz!
Fikrlar