
“Pressbol”: Umarovning super golidan keyin hamma vikipediyadan Shahbozni qidiryapti
Belarus chempionatini yoritib borayotgan “Pressbol” nashri 16-turning markaziy uchrashuvi – BATE va “Energetik” o‘yiniga bag‘ishlangan sharhida o‘zbek futbol maktabi tarbiyalanuvchilari haqida ham iliq fikrlarni yozmoqda.
Nashrda qayd etilishicha, ushbu jamoalarning birinchi o‘yinida “talabalar”ning 3:1 hisobidagi g‘alabasini ta’minlagan Jasur Yaxshiboev va Dushan Bakichning ikkinchi davra bahsida ro‘yxatga kiritilmagani, BATEning o‘z maydonida to‘p surganini inobatga olgan muxlisu mutaxassislar turnir jadvalida peshqadamlik qilayotgan borisovliklarning uch ochkoga bo‘lgan imkoniyatini yuqori baholagan edi.
Ustiga-ustak birinchi bo‘lim o‘rtalariga yaqinlashib qolganida “Energetik-BGU” darvozasiga belgilangan penalti va himoyachi Aleksandr Svirepaning o‘yindan chetlatishi BATEga o‘sha uch ochkoni kafolatlagandek edi, go‘yo.
Lekin amalda bunday bo‘lmadi, “talabalar”ning yosh darvozaboni Denis Sadovskiy 20-daqiqada penaltini qaytargan bo‘lsa, oradan uch daqiqa o‘tib, o‘zbek legioneri Shahboz Umarov chamasi 35 metrdan jarima zarbasidan super zarba bilan raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Yakunda bu gol “Energetik-BGU” g‘alabasini ta’minladi.
“Hozir hamma vikipediyadan ma’lumot qidirib, Shahboz Umarov degan futbolchi kimligini aniqlashga harakat qilmoqda. U mavsum boshidan hamyurti Jasur Yaxshiboev soyasida ko‘zga ko‘rinmadi. Hamma Shahbozning ijodkorona o‘yinidan ko‘ra, Yaxshiboevning penaltilariga e’tibor qaratdi. Umarov esa bunga oddiy qaradi va mashg‘ulotlardagi mehnati albatta samara berishini sabr bilan kutdi. U nimalarga qodirligini o‘zi yaxshi bilardi.
Umarovni O‘zbekistonda iste’dodli futbolchi sifatida qadrlashadi. U Jasurdan ikki yosh kichik. Uni Yaxshiboev bilan solishtirishlariga ko‘nikib qoldi. Internetda ham muxlisu mutaxassislar o‘zbek futbolchilarini bir biri bilan taqqoslashmoqda. Shu bois kommentlarda “Shahboz aslida Jasurdan yaxshi o‘ynaydi”, “Jamoa hujumi to‘lig‘icha Umarovga bog‘liq” qabilidagi fikrlar ko‘p. Aslida esa shu ikki futbolchining Belarus chempionatida o‘ynayotgan bizning yutug‘imizdir, - deb yozadi “Pressbol”.
G‘alabali o‘yindan so‘ng “Energetik-BGU” bosh murabbiyi Vladimir Belyavskiy fikrini hazil bilan bildirdi.
- Bugun Jasur o‘ynaganidan bormi, kamida yana ikkita gol urardi. Shunday zo‘r qarshi hujumlar uyushtirdik. Gol uradigan topilmadi, - dedi bosh murabbiy.
Shuningdek, Vladimir Belyavskiy o‘zbekistonlik legioner Jasur Yaxshiboevning agentlari boshqa jamoalar bilan muzokara olib borayotganidan xabardor ekanini ham qo‘shib qo‘ydi.
Fikrlar