Pro liganing oxirgi o‘yinida "Andijon" tarkibida kimlar debyut qilganini bilasizmi?
“Andijon” jamoasi safida iqtidorli yoshlarga ham alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Bunga misol tariqasida U-19 jamoamizning O‘zbekiston U-19 birinchiligida 24 ta jamoa orasida faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritganini aytishimiz mumkin. Ushbu tarkibdagi bir qator iste’dod egalari kelasi yili hattoki asosiy tarkibga kirish uchun kurashga qo‘shiladilar. Shuningdek, yangi mavsumdagi U-21 jamoasi uchun ham munosib kadrlar sifatida bu yil ancha shakllanib qoldilar.
E’tiborlisi, pro liganing oxirgi turida “Andijon” tarkibida ikki nafar yosh futbolchi debyutini o‘tkazdilar. Jumladan, 19 yoshli Aslbek Aysarov boshlang‘ich tarkibda maydonga tushirildi va bahsni to‘liq o‘tkazdi. Ma’lumot uchun, ushbu futbolchi yarim himoyachi bo‘lib, himoyada ham binoyidek o‘ynay oladi. Ahamiyatlisi, Aysarov U-19 chempionatida 16 ta o‘yinda maydonga tushib, raqiblar darvozasiga 8 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Ayniqsa, uning jarima zarbalaridan kiritgan gollari ko‘pchilikka yoqqandi.

Bundan tashqari, 19 yoshli yana bir umidli futbolchi - Odilbek Rustambekov ham “Andijon” safida maydonga tushdi. U 82-daqiqada Farhod Sohibjonovning o‘rnini egalladi va shu tariqa ikkala o‘yinchi asosiy jamoada debyutini o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldilar. Rustambekov himoyachi bo‘lib, U-19 safida 9 ta uchrashuvda 1 ta gol urgan.
“Andijon” matbuot xizmati.
Fikrlar