PSJ rahbariyati Mbappega u ketsa, klub barbod bo‘lishini aytdi
PSJ rahbariyati Kilian Mbappega maktub yo‘llab, agar 24 yoshli hujumchi kelasi yil yozda erkin agent sifatida jamoani tark etsa, klub qanday talafot ko‘rishini hisoblab berdi.
Parij klubi Mbappega rahbariyat u uchun dunyoning birorta futbolchisiga yaratilmagan sharoitlarni qilib berganini eslatdi. Xususan, o‘tgan mavsumda Kilianning qo‘liga 158 million evro tegishi uchun PSJ 200 million evrodan ortiq xarajat qilgan.
Maktubda Mbappe tekinga ketadigan bo‘lsa, PSJ kelasi yil yozda amalga oshiradigan chora-tadbirlar ro‘yxatini ham ilova qildi.
Unga ko‘ra, moliyaviy feyr-pley buzilmasligi uchun o‘yinchilar sotib yuboriladi, akademiyaning yosh o‘yinchilari asosiy jamoaga jalb qilinishi qayta ko‘rib chiqiladi, bir necha xodimlarni ishdan bo‘shitishga to‘g‘ri keladi.
Bu holat klubning kelajagini shubha ostida qoldiradi.
Kilian Mbappening o‘zi 2024 yilning yozigacha PSJda qolishini ta’kidlamoqda. Klub rahbariyati uni bir mavsum o‘ynatmasa ham, hujumchi jamoada qolmoqchi.

Fikrlar